Jamiyat | 20:51 / 07.11.2022
52499
15 daqiqa o‘qiladi

XVIII-XIX asrlarda Buxoro amirligida yengiltabiat ayollarga mushuk yordamida qanday jazo qo‘llangan?

Olmaxon ko‘rinishidagi kopilkalar uning qaysi xususiyati uchun keng tarqalgan? Qaysi hududda yashovchi burgutlar bulutlardan ham balandroqda uchadi? – “Zakovat” teleo‘yini kuzgi mavsumining ikkinchi o‘yinida Farrux Rafiqov jamoasi ishtirok etdi.

Foto: Zakovat

Kuzgi mavsumning ikkinchi o‘yinida Farrux Rafiqov jamoasi ishtirok etadi. 

Jamoa a’zolari (chapdan o‘ngga): 

Ravshan Ismoilov - UzTelecom aksiyadorlik jamiyati hodimi;

Shavkat Ulug‘ov - Muhandis-texnolog;

Farrux Rafiqov - Muhandis-loyihachi (jamoa sardori);

Saidkamol Abdurazzoqov - Menejyer;

Azizbek Abdullayev - Ilmiy tadqiqotchi;

Umarxon Sharif - Muhandis. 

1-raundda Mavlono Ali Qushchi nasihati haqida savol o‘ynaldi. G‘aflatda qolib, qushlar sizlarni uyaltirib qo‘yishmasin, degan nasihati nimani anglatishi so‘ralgan savolda bilimdonlar to‘g‘ri javob bera oldi va o‘yin hisobini o‘z foydalariga ochishdi. Hisob – 1:0. 

2-raundda juda qiziq savol o‘ynaldi. 1970-80 yillarda Moskvada teatrga kirganlar nega maxsus tabloda turlicha raqam kiritgan, degan savolga jamoa to‘g‘ri javob berolmadi. Shu tariqa hisob tenglashdi – 1:1. 

Keyingi raund savoli Buxoro amirligida fohishalarga qo‘llangan jazo turi haqida bo‘ldi. Jamoa savolga muddatidan oldin javob berishi natijasida ushbu ma’lumotni avvaldan bilishi oydinlashdi. Hisob – 2:1. 

To‘rtinchi raundda jamoa oltiariqlik dehqonlar uzumni xomtok qilganidan keyin mahalla ahli tom ustiga chiqib nima ish qilishi haqidagi savol bilan sinovdan o‘tkazildi. Afsuski, jamoa uzumchilikdagi bunday nozik jihatga yetib bora olmadi. Hisob yana tenglashdi – 2:2 

O‘yin tengkurashlar ostida kechmoqda. Bunday vaziyatda o‘yin natijasini oldindan taxmin qilish ancha mushkul. 

5-raund savoli bilimdonlarning yana oldinga o‘tib olishiga sabab bo‘ldi. Branislav Nushich asarida chivin chaqishdek gap bo‘lsa-da, insonni lov etib yondirishga qodir deya ta’riflangan narsa nima ekanini tajribali bilimdonlar qiynalmasdan topa oldi. Hisob – 3:2. 

Navbatdagi raundda berilgan Berlindagi muzey haqidagi savolga jamoa chala javob berdi va boshlovchi bu raundda jamoaga mag‘lubiyat yozdi. Hisob yana tenglashdi – 3:3. 

7-raundda nega olmaxon ko‘rinishidagi kopilkalar dunyo bo‘yicha keng tarqalgani haqidagi savol o‘ynaldi. Bu savolga ham jamoaning bergan javobi qoniqarli deb topilmadi va hisobda ilk bor teletomoshabinlar oldinga o‘tib oldi – 3:4. 

8-raund. Gogol asarlarida bir ukrain milliy libosiga berilgan ikki xil ta’rif haqidagi qiziqarli savol o‘ynaldi. Jamoaning kuchi yetadigan savol bo‘lsa-da, negadir bir daqiqa yakunida jamoada ishonchli variant bo‘lmadi va klub yordamidan foydalanildi. Klub esa jamoaning joniga ora kirib, hisob tenglashishiga hissa qo‘shdi – 4:4. 

9-raund savoli qaysi burgutlar bulutlardan ham baland joyda uchishi haqida bo‘ldi. Bu savolga jamoa kutilganidan biroz boshqacha javob bergan bo‘lsa ham, jamoaning javobi mantiqan to‘g‘ri deb topildi va yana bilimdonlar oldinga chiqib oldi. Hisob – 5:4. 

Jamoa hisobni o‘zi uchun qulay ko‘rinishga keltirib oldi. Biroq xotirjam bo‘lishga sira hojat yo‘q. Agarda keyingi raundda ham bo‘shashmay, ishonchli o‘yin ko‘rsatilsa, g‘alaba naqd.

10-raundda jamoaning baxtiga biroz yengilroq savol tushib qoldi. Bunday savollarni o‘tkazib yubormaydigan tajribali jamoa muhokama yakunida to‘g‘ri javob berdi va g‘alabani o‘ziniki qildi. Hisob – 6:4. 

6:4 hisobidagi ishonchli g‘alabadan so‘ng, shu kungacha o‘ynagan jamoalar orasida hozircha Farrux Rafiqov jamoasi final uchun nomzod bo‘lib turibdi. Bu hisob keyinroq o‘ynaydigan Bobur Yoqubov, Jobir Ahmedov va Nodira Turg‘unova jamoalariga bosim yuklashi mumkin. Ko‘ramiz, finalga qaysi jamoa yo‘l olarkan. 

O‘yin stenogrammasi bilan quyida tanishib chiqishingiz mumkin. 

1-raund. Savol muallifi: Jumagul Mamayunusova, Yozyovon tumani.

Boshlovchi: Mavlono Ali Qushchi nasihatlaridan birini tinglang: "Ey farzandlarim, qushlarni sevinglar va ularni himoya qilinglar, ularni parvarish etinglar, lekin g‘aflatda qolib, qushlar sizlarni uyaltirib qo‘yishmasin" - der edi. Haqiqatan ham bir holatda qushlar egasini uyaltirib qo‘yishi mumkin.

Diqqat savol: Qushlar egasini qanday uyaltirishi mumkin?

Javobni Farrux Rafiqov beradi: G‘aflat ko‘pincha uyqu bilan yonma-yon yuradi. Ertalabda uyg‘onganingda qushlar sendan oldin uyg‘onib, sayrab qo‘ymasin degan ma’no nazarda tutilib, uyg‘onish haqida gap ketmoqda deb o‘ylaymiz.

To‘g‘ri javob: Qushlar erta uyg‘onadi, uyg‘onishda qushlar sizdan erta uyg‘onib, sizlarni uyaltirmasin degan.

Hisob: 1-0

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

2-raund. Savol muallifi: Gulmurod Eshonqulov, Beshkent tumani.

Boshlovchi: 1970-80-yillarda Moskvada teatrga kiruvchilar soni juda ko‘p bo‘lgan. Teatrga kirgach, Moskva muxlislari maxsus tablo yoniga kelib, o‘zlariga kerakli raqamlarni bosisharkan. Masalan, kimgadir 9, kimgadir 22, kimgadir 56 va hokazo.

Diqqat savol: Tablodagi raqam va sonlar nimani bildirgan?

Javobni Azizbek Abdullayev beradi: Odam ko‘p bo‘lganligi sabab, odamlar tashqariga chiqish navbatini tablodagi o‘ziga kerakli raqam bilan belgilagan va shu tartibda tashqariga chiqib kelgan.

To‘g‘ri javob: 70-80-yillarda aholining ko‘p qismi shahar transportida yurgan. Spektakl boshlanmasidan oldin tomoshabinlar o‘zlari yuradigan avtobuslarga buyurtma berib qo‘yishgan. Ma’muriyat avtoparklarga spektakl tugashiga shu raqamdagi avtobuslarni teatr oldiga buyurtma qilib qo‘ygan.

Hisob: 1-1

Savol muallifi Gulmurod Eshonqulov 1 million so‘m pul mukofotni qo‘lga kiritdi! 

3-raund. Savol muallifi: Fozil Sharipov, Uzun tumani.

Boshlovchi: XVIII-XIX asrlar Buxoro amirligida bir jazo turi bo‘lgan. U jazoni fohishalik bilan shug‘ullangan ayollarga qo‘llashgan. Uning uchun bitta qop, tayoq va U kerak bo‘lgan.

Diqqat savol: Bir daqiqa o‘ylang-da, ayting: U nima?

Jamoa muddatidan oldin javob beradi.

Javobni Farrux Rafiqov beradi: Mushuk

Boshlovchi: Amirlik davrida fohishani qopga mushuk bilan birga solishgan va qopning og‘zini bog‘lashgan. Keyin qopning ustidan tayoq bilan kaltaklashgan. Kaltak yegan mushuk qopdan chiqib ketish uchun qopda jon holatda tipirchilab, uning ichidagi fohishani timdalab tashlagan. Jamoa to‘g‘ri javob berdi.

Hisob: 2-1

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

4-raund. Savol muallifi: Qodirjon To‘xtasinov, Marg‘ilon shahri.

Boshlovchi: Oltiariqda aholi mahalla-mahalla bo‘lib, uzum yetishtiradi. Oliy navli sifatli uzum yetishtirish uchun erta bahordan harakat boshlanadi. Toklar xomtok qilingach, butun mahalla ahli tomlarga chiqishadi. 

Diqqat savol: Azaldan oltiariqlik bog‘bonlar tomlarda nima qilishadi?

Javobni Azizbek Abdullayev beradi: Mahalla hashar ko‘rinishida bir-birining tomiga chiqib, bir-birining xomtoki qanchalik to‘g‘ri qilingani, oralari ochilib qolgan-qolmaganini ko‘rib chiqishgan.

To‘g‘ri javob: Uzumzorlarga kasallik tashuvchilar - qushlar hisoblanadi, ammo qushlarga hali erta. Bu paytda tomlarga, bo‘g‘otlarga arilar in qo‘yadi. Bahor payti arilar in qo‘yishga tayyorgarlik boshlashi bilan butun aholi tomlarni, bog‘otlarni tekshirib, ari inlarini buzishadi.

Hisob: 2-2

Savol muallifi Qodirjon To‘xtasinov 2 million so‘m pul mukofotni qo‘lga kiritdi! 

5-raund. Savol muallifi: Xurshida Fayzullayeva, Romitan tumani.

Boshlovchi: Branislav Nushich “Tarjimai hol” asarida U haqida shunday yozadi: U qonni zaharlashga olib kelmaydigan, badanni biroz bezovta qiladigan chivin chaqishdek gap bo‘lsa-da, unda doim gugurt bo‘ladi. Lov etib yondirishga qodir, ammo ko‘p hollarda bu alanga moyi tugab, o‘zi o‘chadigan chiroq kabidir.

Sizlarni maqsadga sal yaqinlashtiraman, sizga bu savolni aniq topishingizda qashqadaryolik va asakalik bo‘lgan ikkita ijodkorlarning birgalikda yaratgan asarlari yordam berishi mumkin. 

Diqqat savol: Uning nimaligini ikkita so‘z bilan toping.

Javobni Ravshan Ismoilov beradi: birinchi muhabbat

Jamoa to‘g‘ri javob berdi

Hisob: 3-2

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

6-raund. Savol muallifi: Abduvohid Ahmedov, Andijon shahri.

Boshlovchi: Erix Mariya Remark 1923 yil oxirlarida Berlinga kelib, shahardagi bir muzeyga kiradi. Muzeydan katta taassurot bilan ko‘ngli ko‘tarilib chiqadi. Muzeydagi liq to‘la tomoshabinlarni ko‘rib, muzeyga hali ham qiziquvchilar borligidan xursand bo‘lib ketadi. Keyinroq tomoshaga kelganlarning yarmidan ko‘pi san’atni umuman tushunmaydigan kishilar ekanligini bilgach, xafsalasi pir bo‘ladi. Ularga kirish bepul bo‘lganidan ham muzey liq to‘la, shunda ham ular tomosha qilishga kirishmagan edi.

Diqqat savol: Ular kimlar va nima maqsadda muzeyda yurishgan edi?

Javobni Saidkamol Abdurazzoqov beradi: Ular isinish maqsadida kirgan uysizlar deb hisoblaymiz.

To‘g‘ri javob: Voqea 1923 yilning oxirida dekabr oyida bo‘lmoqda. Tashqari sovuq, ular isinish uchun ham muzeyda aylanib yurishgan. Ular - ishsiz kishilar edi.

Hisob: 3-3

Savol muallifi Abduvohid Ahmedov 3 million so‘m pul mukofotni qo‘lga kiritdi! 

7-raund. Savol muallifi: Abdulaziz Qosimov, Toshkent shahri.

Boshlovchi: Marhamat, ekranga diqqatingizni qarating. Turli ko‘rinishdagi pul to‘plovchi kopilkalar surati.

Har yili oktyabr oyida bolalar o‘rtasida xalqaro moliyaviy savodxonlik haftaligi o‘tkaziladi. Bolalarga pul jamg‘arish usullari o‘rgatiladi va turli xil kopilkalar ham namoyish etiladi. Kopilkalar masalan, mo‘g‘ullarda tuya ko‘rinishida, nemislarda cho‘chqa ko‘rinishida, qirg‘izlarda o‘tov ko‘rinishida va hokazo. Ko‘p millatlar negadir olmaxon ko‘rinishidagi pul to‘plash idishlarini tanlashadi.

Diqqat savol: Ko‘plar nega aynan olmaxondan kopilka yasashadi va qanday xususiyati uchun?

Javobni Umarxon Sharif beradi: Olmaxonlarning yong‘oqni qora kunga yig‘ib, g‘amlab qo‘yish odatlari bor, ya’ni yong‘oq g‘amlash xususiyati uchun.

To‘g‘ri javob: Tabiatan olmaxon topgan narsasini darrov yerni kavlab, ko‘mib tashlaydi, keyin eslolmay yuradi. Pishiq kishilar uning mana shu odati uchun, ya’ni ko‘proq to‘plab, kamroq sarf qilay degan maqsadda olmaxonni tanlashadi. 

Hisob: 3-4

Savol muallifi Abdulaziz Qosimov 4 million so‘m pul mukofotni qo‘lga kiritdi! 

8-raund. Savol muallifi: Dilshod Og‘aniyozov, Olot tumani.

Boshlovchi: Nikolay Vasilevich Gogol bir asarida “Uning ukrainlarga taalluqlisida Qora dengiz beqiyosligini ko‘rish mumkin” - degan iborani ishlatgan va bu ancha bo‘rttirilgan fakt albatta. Yana bir hikoyasida Unga kattagina hovlining yarmini lash-lushlari bilan sig‘dirsa bo‘ladi deb yozgan.

Diqqat savol: Uning nimaligini ayting.

Jamoa klub yordamidan foydalandi.

Javobni Azizbek Abdullayev beradi: Ukrainlarning milliy kiyimi - sharovarlar.

To‘g‘ri javob: Ukrainlarga taalluqlisida ham Qora dengiz beqiyosligini ko‘rish mumkin, beqiyos, kattani xuddi shunga o‘xshatgan. Bu “Taras Bulba” asarida edi. “Ivan Ivanovich va Ivan Nikiforovich” hikoyasida Ivan Ivanovich shalvariga uyning yarmi ashqal-dashqali bilan sig‘adi deb yozgan.

Hisob: 4-4

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

9-raund. Savol muallifi — Sarvar va Shahnoza G‘aniyevalar, Kattaqo‘rg‘on tumani.

Boshlovchi: Qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatov “Asrni qaritgan kun” romanida bir hududda yashaydigan burgutlar haqida yozgan. Ular hatto bulutlardan ham tepada soatlab ucha oladi deb yozgan yozuvchi.

Diqqat savol: Bu burgutlar qaysi hududda yashashadi?

Javobni Saidkamol Abdurazzoqov beradi: Boyqo‘ng‘ir (Baykonur) hududidagi burgutlar

To‘g‘ri javob: Gap bu yerda pastda, bulutdan pastda soya joy topa olmaganidan keyin ular issiqda soatlab bulutlardan ham tepada uchib yurishga majbur bo‘lishgan. Salqinlash maqsadida. Ular sahroda yashovchi burgutlardir. Dasht burgutlari javobi ham qabul qilinadi. Sizlarning javobingizni qabul qilsa bo‘ladi.

Hisob: 5-4

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

10-raund. Savol muallifi: Sherzod Qurbonov, Kasbi tumani.

Boshlovchi: Diqqat, e’tiboringizni ekranga qarating.

Suratda birinchi o‘zbek traktorchi ayol - Saydiniso Shokirova tasvirlangan. Paranjida bo‘lsa-da, traktorni shahdam haydayapti. Savol u ayol haqida emas. Yaxshilab qarasangiz, bu suratda ikki kishining yuzlari qoraga bo‘yab qo‘yilgan.

Diqqat savol: Nima uchun ularning yuzlari bo‘yab qo‘yilgan?

Javobni Farrux Rafiqov beradi: Bular keyinchalik siyosiy surgun bo‘lgan insonlar, shuning uchun bo‘yab qo‘yilgan.

To‘g‘ri javob: Bu surat 1923 yilda Qo‘qonda olingan. Tarixiy shaxslar tasvirlangan bu yerda. Muzeyda osilib turganda u ikki kishining yuzini bo‘yab qo‘yishga majbur bo‘lishgan, chunki ular keyinchalik qatag‘onga uchrashgan.

Hisob: 6-4 

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Eng yaxshi savol muallifi - Xurshida Fayzullayeva

Birinchi muhabbat haqidagi savoli uchun Xurshida Fayzullayeva 5 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

O‘yinning eng faol bilimdoni - Farrux Rafiqov.

Farrux Rafiqov 5 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Mavzuga oid