Jamiyat | 19:38 / 06.08.2024
14619
3 daqiqa o‘qiladi

“Zakovat” Osiyo kubogida O‘zbekiston jamoasi g‘alaba qozondi

Kecha, 5 avgust kuni Ostona shahridagi prezident madaniyat markazida “Zakovat” Osiyo kubogi o‘tkazildi. Unda klub a’zolari va intellektual bahs muxlislari qarshisida O‘zbekiston va Qozog‘iston jamoalari bellashdi.

Xalqaro o‘yinni O‘zbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva va Qozog‘iston davlat maslahatchisi Yerlan Karin ochib berishdi. Mirziyoyevaning nutqi faqat “Zakovat” yoki ikki davlatning madaniy-gumanitar hamkorligi xususida bo‘lmadi, u O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlarining umumiy siyosati mintaqadagi jarayonlarga ijobiy impuls berganini ham qo‘shimcha qildi.

Turnirga to‘xtalsak, ikki raunddayoq o‘yin yakunlandi. Birinchi raundning birinchi savoli qozoq xalq topishmoqlaridan bo‘ldi. Qozog‘iston jamoasi darhol tugmachani bosib, 1 ball oldi. Ikkinchi savolda esa O‘zbekistonning “Misteriya” jamoasi tezkorlik bilan javob qaytardi. Birinchi raundda jamoalar 5:2 hisobida O‘zbekiston foydasiga o‘yinni yakunladi.

Ikkinchi raundda esa mantiqiy savollar o‘rtaga tashlandi, aksariyat hollarda tugmachani birinchi bo‘lib bosgani uchun O‘zbekiston jamoasining javoblari tinglandi va ularga ball berildi. Jamoa a’zosi Artyom Semyonov tugmachani bosishda chaqqonlik qilib, o‘z jamoasiga ballar yig‘ishda asosiy ko‘makchi bo‘ldi.

Shunday qilib, Ostonadagi “Zakovat” Osiyo kubogida O‘zbekistonning “Misteriya” jamoasi g‘alaba qozondi. G‘oliblarni taqdirlash va bosh sovrinni topshirish uchun sahnaga Saida Mirziyoyeva taklif qilindi.

Jamoa a’zolariga ko‘ra, g‘alabaga sabab – omad emas, yaxshi tayyorgarlik. “Bugungacha ikki marobata yutqazganmiz, lekin bu gal yutishimiz kerak edi. Ko‘plab savollarga qozoq jamoasida ham javoblar tayin edi, biroq bizning Artyom chaqqonlik qilib, tugmachani bosdi”, deydi g‘olib jamoadan Sardor Ahmedov.

“Zakovat” rahbari Abdurasul Abdullayevga ko‘ra, bu – haqqoniy o‘yin. Nima bo‘lishini savollar sifati va bilimdonlar hal qiladi. O‘yinni endi turkiy davlatlar bo‘ylab o‘tkazish ham rejalangan.

Klub a’zosi Jobir Ahmedovning aytishicha, “Zakovat”ning eng katta maqsadi – Toshkentda jahon chempionatini o‘tkazish.

Eslatib o‘tamiz, Ostonadagi turnirdan avval Olmaota shahrida ham “Aziada-2024” bellashuvi o‘tkazildi. So‘nggi yillarda Berlin, London, Dushanbeda ham turnirlar tashkil etilgandi.

Mavzuga oid