Jahon | 22:58 / 09.11.2022
39935
9 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Xersondan chekinmoqda. Asosiy ma’lumotlar

Rossiya bosqin boshidan buyon egallangan yagona viloyat markazini tashlab ketishga majbur. Holbuki «bu yerga abadiyga kelishgani»ga ishontirishgandi.

Wolfgang Schwan / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press

Rossiya qo‘shini Xersondan chekinadi. Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu shunday buyruq berdi. U Xerson oblastida Dnepr daryosining o‘ng sohilidagi harbiy texnika va shaxsiy tarkibni olib ketishni buyurdi. Xerson aynan o‘ng sohilda joylashgan. «Qo‘shinlarni olib chiqishga kirishing hamda texnikalar, qurollar va shaxsiy tarkibni Dnepr daryosining bu sohiliga xavfsiz o‘tkazish uchun barcha choralarni ko‘ring», — deydi Shoygu.

Shoygu Ukrainadagi Rossiya qo‘shinlari qo‘mondoni, general Sergey Surovikinning taklifiga rozilik bildirgan holda chekinishga buyruq berdi. 9 noyabr kuni generalning Shoyguga hisoboti Rossiya televideniyesi jonli efirida translatsiya qilindi. Surovikin hozirgi vaziyatda Xersonni to‘laqonli ta’minlash imkonsizligi va Dneprning chap sohili bo‘ylab mudofaa chizig‘i tashkil etish maqsadga muvofiq ekanini aytdi.

Surovikin daryoning o‘ng sohilidan chap sohiliga chekinish askarlar hayotini ham saqlab qolishiga urg‘u qaratdi. «Buning juda qiyin qaror ekanini tushunaman. Shu bilan birga, biz, eng muhimi, harbiylarimizning hayoti va qo‘shinlar guruhining umumiy jangovar qobiliyatini saqlab qolamiz. Bundan tashqari, kuch va vositalarning bir qismi operatsiya zonasining boshqa yo‘nalishlaridagi faol harakatlar, shu jumladan hujumkor harakatlar uchun ozod qilinadi», dedi u.

Shoygu uning fikriga qo‘shildi. «Biz uchun rossiyalik harbiy xizmatchilarning hayoti va sog‘lig‘i doimo birinchi o‘rinda turadi. Biz tinch aholi uchun yuzaga kelgan tahdidlarni ham hisobga olishimiz kerak», degan Shoygu.

Rossiya qo‘shinlari Dneprning chap sohiliga o‘tgan taqdirda, butun Mikolayiv oblasti yana Ukraina nazoratiga qaytadi. Hozirgacha rossiyaliklar ushbu oblastning 4 foizi yoki ming kvadrat kilometr atrofidagi hududni nazoratida saqlab qolayotgandi. Mikolayiv oblasti rahbari Vitaliy Kim bu xabarlardan keyin shunday dedi: «Agar ruslar nimadir deyayotgan bo‘lsa, demak aksini qilishadi!» Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixaylo Podolyak ham RF qurolli kuchlarining real harakatlarini kutishga chaqirdi. «Ukraina bayrog‘i Xerson ustida hilpiramas ekan, RF chekinayotgani haqida gapirishdan ma’no yo‘q. Biz Rossiya Xersondan jangsiz chiqib ketishiga ishora qiladigan hech qanday nishona ko‘rmayapmiz. Hududda juda ko‘p rus qo‘shinlari bo‘lib turibdi, qo‘shimcha zaxiralar yuborilmoqda. Ukraina hududni tashkillashtirilgan telebayonotlarga emas, o‘z razvedka ma’lumotlariga tayangan holda ozod qiladi», deb yozdi Podolyak.

Rossiyaliklar tashlab ketayotgan hudud

Ramzan Qodirov va Yevgeniy Prigojin Rossiya Xersonda ortga chekinganini to‘g‘ri qaror deb atadi. «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Yevgeniy Prigojin  Sergey Surovikinning askarlar jonini saqlab qolish uchun Xersondagi kuchlarni Dnepr daryosining narigi sohiliga olib o‘tish bo‘yicha taklif to‘g‘ri qaror bo‘lganini e’tirof etdi. Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Prigojinning fikrini qo‘llab-quvvatlab, «balandparvoz bayonotlardan ko‘ra himoyalanish uchun qulayroq pozitsiyaga o‘tish» yaxshiroq ekanini aytdi.

Chekinish haqida e’lon qilinishidan oldin RF armiyasi Dnepr uzra o‘tgan ko‘priklarni portlatgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. Xerson oblasti kengashi deputati Sergey Xlan 9 noyabr kuni rossiyaliklar Dneprning o‘ng sohiliga olib o‘tuvchi beshta ko‘prikni portlatganini ma’lum qildi. Uning fikricha, bu orqali RF qurolli kuchlari chekinishga tayyorlanishga va Ukraina qurolli kuchlarining Dneprning chap sohiliga yurish qilishini sekinlashtirishga qaror qilgan. Ukraina va Rossiya armiyasi ko‘priklar portlatilganini rasman tasdiqlamadi.

Bundan tashqari, 9 noyabr kuni Xerson oblastining istilo ostidagi hukumati spikeri — Kirill Stremousov halok bo‘lgani ma’lum qilindi. U Rossiya tomonidan tayinlangan ma’muriyat rahbari o‘rinbosari bo‘lgan va tez-tez regiondagi vaziyat yuzasidan chiqish qilib turgan. Ko‘p o‘tmay oblast ma’muriyati  Stremousov YTH oqibatida halok bo‘lganini tasdiqladi. Keyinroq Stremousovning o‘limi uning boshlig‘i, oblast rahbari Vladimir Saldo tomonidan ham tasdiqlandi.

Xerson Ukrainada 24 fevraldan buyon egallangan yagona oblast markazi edi. RF qurolli kuchlari shahar markaziga 2 mart kuni, bosqin boshlanganidan bir hafta o‘tib kirishgan. Keyinroq amaldorlar va kuch ishlatar tuzilmalar shahar mudofaasini tashkil etishda loqaydlik qilishgani ma’lum bo‘ldi. «Nima uchun bunday bo‘lganini bilmayman. Harbiylar shahar atrofida jang olib borgani — bu 100 foiz bo‘lgan ma’lumot. Ammo mahalliy hukumat fuqarolarni shunchaki tashlab ketishdi», — degandi jurnalist Konstantin Rijyenko, u Xerson bosib olinganidan yarim yil o‘tib shaharni tark etgan.

Rossiyalik mulozimlar va Xerson oblastining Kreml tomonidan tayinlangan rahbarlari Ukraina shaharni qaytarib olmasligiga ishontirishgandi. Xususan, «Yedinaya Rossiya» bosh kengashi kotibi Andrey Turchak may oyida Xersonga kelgan va shunday degandi: «Men Xerson oblastiga murojaat qilib, yana bir bor shuni aytmoqchimanki, Rossiya bu yerda butunlayga qoladi. Bunga hech qanday shubha bo‘lishi kerak emas». Xersondan chekinilayotganiga esa Turchak «Urush va tinchlik» asaridan iqtibos keltirgan holda munosabat bildirdi — «Qal’ani egallash qiyin emas, kampaniyada g‘olib bo‘lish qiyin».

Ukraina hukumati Xerson oblastini jang qilib qaytarib olishni va’da qilgandi. AQShdan uzoq masofaga aniq zarbalar beruvchi HIMARS tizimlarini qabul qilib olgach, Ukraina qurolli kuchlari regiondagi ko‘priklarni o‘qqa tuta boshladi va bu bilan Rossiya qo‘shinlari ta’minoti qiyinlashtirildi. Shu bilan bir vaqtda Kiyev rossiyalik harbiylarga Xersonni «yaxshi niyat qadami» sifatida (Rossiya bu urush davomida avvalgi chekinishlarini shunday so‘zlar bilan ifodalagandi) tark etishga chaqirdi. Avgust oyi oxirida Ukraina qurolli kuchlari Xerson oblastida qarshi hujumga o‘tgandi, ammo Rossiya mudofaa vazirligi bu yurish barbod bo‘lganini ma’lum qildi. Oktyabr oyi boshida ham ukrainlar bir necha yo‘nalishda ilgariladi va o‘nlab aholi yashash manzillarini ozod etdi, rossiyaliklar Xerson oblasti shimolini tashlab ketishga majbur bo‘ldi.

Oktyabr oyi boshida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xerson oblasti va Ukrainaning bosib olingan boshqa hududlarini annexia qilish to‘g‘risidagi farmonini imzoladi. Ammo shundan ikki hafta o‘tmasdan Ukrainadagi Rossiya qo‘shinlari qo‘mondoni general Surovikin Xerson yo‘nalishida «murakkab vaziyat» yuzaga kelgani va bu borada «oddiy bo‘lmagan qarorlar» qabul qilinishi mumkinligini aytdi. O‘shanda Xerson oblastining Rossiya tomonidan tayinlangan ma’muriyati Dneprning o‘ng sohilidagi tinch aholi «evakuatsiya»si boshlanganini e’lon qildi.

«Meduza» manbalariga ko‘ra, noyabr oyi boshida Kreml Rossiya aholisini Xersondan chekinishga tayyorlash va «jamoatchilik fikri»ni shakllantirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Kremlda rossiyalik targ‘ibotchilar uchun bir qancha yangi qo‘llanmalar tayyorlagan. Unda Xersondagi vaziyat haqida qanday gapirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bor. Hujjatlarda Xerson – «maxsus operatsiyaning hozirgi bosqichida Rossiya armiyasi uchun eng qiyin yo‘nalish» ekani va «rossiyalik harbiylar tinch aholi hayoti va shaxsiy tarkibni asrashga intilishi», bu vaqtda esa Kiyev «o‘zining va raqibning minglab jonlarini qurbon qilishga tayyorligi» aytiladi. Shu bilan birga, «Meduza»ning yozishicha, noyabr oyiga kelib Ukraina qurolli kuchlari qator muvaffaqiyatsiz hujumlardan keyin kutish pozitsiyaga o‘tgan va Xersonga yurish qilishni to‘xtatgan.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid