17:10 / 15.11.2022
12688

Rus harbiylari Xersonni tark etishdan oldin 400 dan ortiq mahkumni ozodlikka chiqarib yuborgan 

Foto: AP

Ozod qilingan Xersonda 500 ga yaqin ukrainalik politsiyachi ishlamoqda. Bu haqda Ukraina Milliy politsiyasi rahbari Igor Klimenko umummilliy telemarafon efirida xabar berdi

Klimenkoning so‘zlariga ko‘ra, Xerson viloyatining deokkupatsiya qilingan hududi bo‘ylab yana 300 ga yaqin politsiyachi ishlamoqda hamda bir hafta ichida minalardan tozalash va ishlar ustuvorligi aniqlangandan so‘ng, kontingentning umumiy soni kamida 2000 kishiga yetkaziladi.

Igor Klimenko hozirgacha bostirib kirgan harbiy xizmatchilar tomonidan sodir etilgan 414 ta harbiy jinoyat hujjatlashtirilganini, ayni vaqtda hujjatlashtirish ishlari davom etayotganini ta’kidladi. 

Milliy politsiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, rus harbiylari Xersonni tark etishdan oldin shahar tergov izolyatoridan 400 dan ortiq mahkumni ozodlikka chiqarib yuborgan. 

Ayni paytda 166 kishining qo‘lga olingani Mikolayiv va Odessa viloyatlaridagi tergov hibsxonalariga qaytarilgani haqidagi ma’lumotlar tasdiqlandi. 

Bundan oldin Ukraina hukumati bir qator G‘arb jurnalistlarining Xersondan tayyorlagan reportajlari uchun akkreditatsiyasini bekor qilgandi.

Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabining 13 noyabr kuni e’lon qilingan bayonotida aytilishicha, akkreditatsiya «Xerson shahrida barqarorlashtirish chora-tadbirlari tugallanmay turib ham axborot faoliyatini olib borgan» ayrim ommaviy axborot vositalari vakillaridan olib qo‘yilgan. Ular Ukraina harbiylari bilan kelishuvsiz ishlagani aytiladi.

Bosh shtab bunday harakatlarni harbiy qo‘mondonlik buyruqlarini qo‘pol ravishda buzish, deb atadi.

Ukraina Qurolli kuchlari qo‘mondonligi qaysi jurnalistlarning akkreditatsiyasi bekor qilingani, ularning press-kartalari esa haqiqiy emas deb topilganiga aniqlik kiritmadi. 

Ukrainaning «Detektor media» nashri xabardor manbalarga tayangan holda ma’lum qilishicha, kamida olti nafar jurnalist, jumladan CNN va Sky News vakillari, shuningdek, «Gromadske» telekanali jurnalistlari Anastasiya Stanko va Mikola Pastiko ishlash uchun ruxsatnomalarini yo‘qotgan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top