O‘zbekiston | 20:18 / 17.11.2022
9578
2 daqiqa o‘qiladi

“337 ta xonadon ehtimoliy xavf ostida” – O‘ztransgaz

Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida magistral gaz quvurlari muhofaza maydonida 365 ta qurilma bor. Ularning 337 tasi aholi xonadoni, 8 tasi noturar joy, 3 tasi ishlab chiqarish obekti. Ushbu binolar qonunchilik talablariga zid ravishda qurilgan.  

Foto: O‘ztransgaz

O‘ztransgaz Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi magistral gaz quvurlari yaqinidagi qurilmalar ehtimoliy xavf ostida ekanini ma’lum qildi. Ushbu qurilmalarning aksariyati aholi xonadonlaridir.  

Ta’kidlanishicha, Toshkent magistral gaz quvurlari boshqarmasi diametri 720-1220 mm bo‘lgan 750 kmga yaqin magistral gaz quvurlariga xizmat ko‘rsatadi. Bu quvurlarning 370 km qismi ekspluatatsiya muddatini o‘tab bo‘lgan.  

Hozirda Sirdaryo va Toshkent viloyatlari hududidan o‘tgan magistral gaz quvurlarining muhofaza maydonlarida mavjud talablarga zid ravishda qurilgan 365 ta qurilma bor. Ularni xavfsiz joyga ko‘chirish haqida egalari ogohlantirilgan hamda sud organlariga taqdimnomalar kiritilgan. Jumladan, 192 ta qurilmaga sudning hal qiluv qarori chiqarilgan. Lekin sud qarori ijrosi ta’minlanmay kelmoqda.  

Hududlar kesimida tahlil qilib ko‘rilganda Qibray, Yangiyo‘l, Chinoz va Olmaliq shahri hududlarida magistral gaz quvurlari yaqinida noqonuniy qurilishlar ko‘pligi aniqlangan.  

Masalan, Qibray tumanida magistral gaz quvurlari yaqinida 117 ta qurilma bor. Ularning 113 tasi aholi xonadoni. Shu kabi Yangiyo‘l tumanida 102 ta, Chinoz tumanida 23 ta va Olmaliq shahrida 18 ta xonadon xavfli zonada. Bularning aksariyati bo‘yicha sud organlariga taqdimnomalar kiritilgan va xonadonlarni xavfsiz hududga ko‘chirish bo‘yicha sudning hal qiluv qarori chiqqan.

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid