O‘zbekiston | 21:14 / 17.11.2022
10969
6 daqiqa o‘qiladi

Maxsus iqtisodiy zonalar imtiyoz undirishning yangi vositasiga aylanib qoldimi?

2023 yil 1 martga qadar yangi 14 ta maxsus iqtisodiy zona tuzilishi mumkin. Shunda ularning umumiy soni 36 taga yetadi. Bu zonalardagi tadbirkorlar 10 yilgacha mol-mulk, yer, suv resurslari va foyda soliqlaridan ozod qilingan. “Har bir viloyatda yana 100tadan korxona soliq to‘lamasa, egasi yo‘q kichik biznes va qora xalq yuklamani o‘ziga oladi”, deydi iqtisodchi Otabek Bakirov.

Prezidentning “Yirik maxsus iqtisodiy zonalarni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi e’lon qilindi.

Qarorda 2023 yil 1 martga qadar biznes uchun barcha sharoit va infratuzilmaga ega har bir viloyatda 100 tadan korxonalar uchun yirik maxsus iqtisodiy zonalarni tashkil etish choralarini ko‘rish ko‘zda tutilgan.

Quyidagilar yirik maxsus iqtisodiy zonalar asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilanadi:

  • tashqi bozorlarda talab etilayotgan va import o‘rnini bosuvchi, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil qilish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish;
  • viloyat ishlab chiqarish va resurs salohiyatlaridan kompleks hamda samarali foydalanishni ta’minlash;
  • mahalliy xomashyo va materiallar negizida mustahkam kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish hamda maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari o‘rtasida va umuman respublikada sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish asosida yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish;
  • viloyat ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan samarali foydalanish asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish, qayta ishlashni chuqurlashtirish va ularning eksport hajmini oshirish;
  • logistika xizmatlari ko‘rsatish zamonaviy infratuzilmasini shakllantirish, sanoat sohasidagi ishlab chiqarish sub’yektlariga ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksportini tashkil etishda ko‘maklashish;
  • ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni standartlashtirish, sertifikatlashtirish va markirovka qilish bo‘yicha xalqaro standartlarga muvofiq ilmiy-ishlab chiqarish markazlarini tashkil etish va ularning xulosalari xalqaro darajada e’tirof etilishini ta’minlash chora-tadbirlarini amalga oshirish;
  • maxsus iqtisodiy zonalar soha kadrlariga bo‘lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojlaridan kelib chiqib, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni tashkil etish, ularning maxsus iqtisodiy zonalarda joylashgan hududdagi tashkilotlarda ishlab chiqarish amaliyotini o‘tashida qatnashish.

Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayevning ma’lum qilishicha, joylarda sanoat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va turizmga ixtisoslashgan 22 ta maxsus iqtisodiy zonalar barpo etilgan.

Mazkur zonalarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar 10 yilgacha mol-mulk, yer, suv resurslaridan va foyda soliqlaridan ozod qilinadi.

“Biz ushbu yo‘nalishda mintaqadagi eng ilg‘orlardan bo‘lish uchun bu kabi sharoitlarni takomillashtirishni hamda shu orqali yangi investorlarni keng jalb qilish uchun yanada qulay muhit barpo etishni davom ettiramiz”, deya ta’kidlagan Xo‘jayev.

Zona ishtirokchilari to‘lamaydigan soliq yuki boshqalarning yelkasiga tushadimi?

Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, maxsus iqtisodiy zonalar imtiyoz undiradigan vositaga aylanib qolgan.

“Yirik biznes uchun hukumatdan individual imtiyoz undirish tannarxni kamaytirish yoki bozordagi raqobat kurashi orqali natijaga erishishdan ko‘ra osonroq. Maxsus iqtisodiy zonalar va ularning rezidentlari to‘liq inventarizatsiya qilinishi zarur. Imtiyozlar qiymatini va natijalarini o‘lchaydigan vaqt keldi. Davlat ishlab chiqarish yo ishchi o‘rinlar yaratish bilan emas, infratuzilma va raqobat muhitini yaratish bilan shug‘ullanishi kerak. Soliq yukining balandligi amaldagi soliq stavkalariga bog‘liq emas. Monopoliya sharoitida QQS pasaytirilishi narxlarning pasaytirilishiga olib kelmaydi, bu monopolistlar marjasini oshiradi xolos”, deydi u.

Bakirovning qo‘shimcha qilishicha, har bir viloyatda yana 100tadan korxonaga soliq imtiyozlari beriladigan bo‘lsa, soliq yuklamasi kichik biznes va qora xalq hisobidan qoplana boshlaydi.

“Maxsus iqtisodiy zonalarga kirib olganlar mol-mulk solig‘idan, yer solig‘idan va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan ozod qilinadilar. Shishirib ko‘rsatilgan investitsiyalarga qarab foyda solig‘i ham to‘lamaydilar. QQS bo‘yicha qator yengilliklar muhayyo qilingan. Ular uchun boj to‘lamaslikka imkon beradigan alohida rejim amal qiladi.

Maxsus iqtisodiy zonalar tuzish va ularning rezidentlariga aylanish allaqachon korrupsion daromad manbaiga aylanib bo‘lgan. Zona rezidentligiga, kriteriylarga javob bermaslik yettinchi darajali masalaga aylangan. Kelishilsa bo‘ldi.

Har bir viloyatda yana 100tadan korxona soliq to‘lamasa, qolgan yuk kimga tushadi? Yo pensiya berishni, o‘qituvchiga oylik to‘lashni, armiyani kuchaytirishni to‘xtatib turamizmi? Kimdir hisobladimi? Hokimning kompaniyalari soliq to‘lamasa, hokimning do‘stlari soliq to‘lamasa, hokimning sheriklari soliq to‘lamasa, hokimning shotirlari soliq to‘lamasa, tabiiyki, egasi yo‘q kichik biznes va qora xalq yuklamani o‘ziga oladi”, deydi iqtisodchi.

Ma’lumot uchun, 2020 yilda “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirgan. Unga ko‘ra, maxsus iqtisodiy zonalar prezident qaroriga binoan, 30 yil muddatga tashkil etiladi.

Qonunga asosan, maxsus iqtisodiy zonalar quyidagi turda tashkil etilishi mumkin:

  • erkin iqtisodiy zonalar;
  • maxsus ilmiy-texnologik zonalar;
  • turistik-rekreatsion zonalar;
  • erkin savdo zonalari;
  • maxsus sanoat zonalari.

O‘tgan oyda “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda ishlab chiqilishi ma’lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid