Investitsiyalar uchun O‘zbekistondagi qulay muhit

Investorlar huquqlari qonun bilan himoyalanishi bo‘yicha amaliy tizim yaratildi. Natijada 2017 yildan boshlab ($3,3 mlrd.) to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 2,5 barobarga oshdi ($8,6 mlrd.).

Qariyb 8 mingta tovar turlariga import bojlari kamaytirildi. Biznesga oid har xil turdagi 70 ta litsenziya va 34 ta ruxsatnomalar berilishi bekor qilindi.

Shuningdek, yangi biznes sub’yektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi soddalashtirildi. Yer uchastkalari onlayn savdolar orqali taqdim etilmoqda.

Umuman olganda, qulay investitsion muhitni barpo etishda normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha ishlar faol davom ettiriladi.

Iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish siyosati

Iqtisodiyotimizning yillik o‘rtacha o‘sishi – 5 foizni, sanoat sohalari – 8 foizni tashkil etmoqda. 2021 yilda bu ko‘rsatkich 7 foizdan ortdi. Eksport hajmlari 1,5 barobarga oshdi.

O‘zbekiston — aholisi 72 mln. kishilik Markaziy Osiyo va 300 mln kishilik Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi bozorlariga chiqish imkoniyatiga ega.

Shu bilan birga, GSP+ kengaytirilgan preferensiyalar tizimi Yevropa bozorlariga 6 mingdan ortiq mahalliy mahsulotlar turlarini imtiyozli shartlarda eksport qilish imkoniyatini yaratdi. Shu tufayli Yevropa mamlakatlariga qilingan eksportimiz hajmi bu yilning o‘zida 70 foizga oshdi.

Malakali ishchi kuchi.

O‘zbekiston – iqtidorli, yosh va yuqori salohiyatga ega kadrlarga boy.

Aholimizning 60 foizidan ortig‘ini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Ular bilimga intiluvchan, turli kasb-hunarlarni o‘zlashtirishga ishtiyoqi baland hamda chet tillarida so‘zlashadigan oliy ma’lumotga ega fuqarolar va yoshlardir.

Shuni alohida aytish joizki, qisqa davr mobaynida mamlakatimizda 82 ta yangi oliy ta’lim yurti tashkil etildi. Bulardan 23 tasi – xorijiy davlatlardagi yetakchi universitetlarning filiallaridir.

Qolaversa, maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim bilan qamrov darajasi oldingi 9 foizdan 28 foizga yetkazildi. Kelgusi besh yilda esa, bu ko‘rsatkichni 60 foizga yetkazish bo‘yicha aniq dasturimiz bor.