Jahon | 20:29 / 18.11.2022
9256
2 daqiqa o‘qiladi

To‘qayev Qozog‘istonda «chuqur qayta qurish» boshlanganini e’lon qildi 

Qozog‘istonda bo‘lajak prezidentlik saylovi mamlakatdagi hokimiyat institutlari faoliyatini qayta boshlash uchun muhim nuqta bo‘ladi. Bu haqda amaldagi prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev ma’lum qildi. 

Foto: TASS

«Biz davlatimiz asoslarini chuqur qayta qurishni boshladik, yangi ijtimoiy shartnomani tuzdik, biz yangi, sifatli millatni shakllantiramiz va mamlakat taraqqiyotida kuchli sakrashni amalga oshiramiz. Saylovoldi platformamda adolat g‘oyasiga asoslangan yangi davlat siyosati konturlarini taqdim etdim», — dedi To‘qayev. 

Qozog‘istonda navbatdan tashqari prezident saylovi 2022 yil 20 noyabrda bo‘lib o‘tadi. 

Avvalroq, Qosim-Jo‘mart To‘qayev nomzodi «Amanat», «Ak Jol» va Qozog‘iston Xalq partiyasi ishtirokida tuzilgan «xalq koalitsiyasi» tomonidan prezident saylovida qatnashish uchun ilgari surilgan edi. 

To‘qayev 2019 yilda Qozog‘istonning birinchi prezidenti, mamlakatni 1990 yildan beri boshqarib kelgan Nursulton Nazarboyev iste’foga chiqqanidan so‘ng prezidentlik lavozimini egallagan. 

2022 yil yanvar oyida Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlaridan so‘ng, To‘qayev Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish tashabbusi bilan chiqdi. Unda davlat rahbari faqat bir marotaba, yetti yillik muddatga saylanishi mumkinligi belgilab qo‘yildi. Ilgari prezident besh yilga saylangan, biroq qayta saylanish huquqiga ega edi. 

Shundan so‘ng, To‘qayev noyabr oyida, muddatidan ikki yil oldin navbatdan tashqari prezident saylovini o‘tkazishni taklif qildi. 

Mavzuga oid