Jahon | 20:09 / 18.11.2022
5235
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya Rossiya neftini tashuvchi sug‘urtalanmagan tankerlar uchun bo‘g‘ozlarni yopadi

Rossiya neftini tashuvchilar uchun sug‘urta olish sanksiyalar tufayli muammoga aylanadi. 

Foto: Reuters

Turkiya 2022 yil 1 dekabrdan boshlab neft tashuvchilardan Bosfor va Dardanel bo‘g‘ozlaridan o‘tish uchun sug‘urta talab qiladi. 

Bloomberg xabariga ko‘ra, yangi qoidalar Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyaning Rossiyaga qarshi kiritgan sanksiyalari bilan bog‘liq, garchi Turkiya ularga rasman qo‘shilmagan bo‘lsa-da. 

Yangi qoida 1 dekabrdan kuchga kiradi, bu esa Rossiya neftini tashuvchi tankerlarning sug‘urta olishini ancha qiyinlashtiradi. 

5 dekabrdan boshlab YeI va Buyuk Britaniya Rossiya neftiga qarshi yangi sanksiyalar kiritmoqda, ular energiya resursiga cheklangan narxlarni belgilash bilan bog‘liq. Ushbu narxlar belgilanganidan keyin, kemalar sug‘urta polisi olish uchun aynan shu narxda sotib olingan neftni tashishiga to‘g‘ri keladi. 

So‘nggi 6 oy davomida Rossiya Qora dengizdagi Novorossiysk porti orqali kuniga deyarli 650 ming barrel neft jo‘natgan.

Yevropa Ittifoqi 2023 yilgacha Rossiyadan xom va qayta ishlangan neftning dengiz importini taqiqlashni rejalashtirmoqda. Yevropa Ittifoqi Rossiya neft mahsulotlari importi va tranziti bo‘yicha sanksiyalar joriy etish uchun bosqichma-bosqich o‘tish davrini belgiladi, bu davr kelasi yilning fevralida yakunlanishi kerak. 

Avvalroq, AQSh moliya vaziri Janet Yyellen Qo‘shma Shtatlar Rossiya nefti narxini bir barrel uchun 60 dollargacha cheklashi mumkinligini aytgan edi. 

2022 yil sentabr oyi oxirida Rossiyaning neft eksportidan tushgan daromadi 15,3 milliard dollargacha qisqardi, bu joriy yildagi eng past ko‘rsatkichdir. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid