Sport | 23:22 / 19.11.2022
18745
4 daqiqa o‘qiladi

«Salom, mundial»

Ertaga men uchun to‘qqizinchi mundial boshlanadi. Dastlabki ko‘rganim, Italiyada o‘tgan jahon chempionati edi. Birinchi o‘yinda Kamerunga muxlislik qilganman, BAA terma jamoasi umuman yutqazmagan deb qayerdadir o‘qib, arablarni favorit deb bilganman - aslida gap o‘sha yilgi saralash o‘yinlari haqida borgan ekan. 

Foto: Getty Images

Ukam bir qo‘shnimizning 9 so‘mlik to‘pini teshib qo‘ygandi, u «to‘laysan» deb turib olgan. O‘sha bola bilan ba’zi o‘yinlarga 20 tiyindan garov o‘ynab, o‘sha 9 so‘m qarzdan qutulganman. Faqat shu BAA pand bergan, ilk o‘yindayoq yirik hisobda yutqazib.

Futbol siyosatdan xoli deyishadi, ammo ta’siri bor, o‘sha chempionatda qatnashgan ko‘p mamlakatlar hozir yo‘q, hatto chempion - GFR ham hozir boshqacha nomlanadi.

Yugoslaviya terma jamoasi yoqqan, Ispaniya bilan o‘yinda katta akalar kim yutadi, deb so‘rashganda, Yugoslaviya, deb hayron qoldirganman. Rostanam Yugoslaviya g‘alaba qozongan. 

Bolalikda zo‘r darvozada turadiganlarni Dasayev yoki Gabello derdik. Kosta Rika darvozasini Gabelo Konexo degan darvozabon qo‘riqlaganda, Gabello shu ekan, deb o‘ylovdim. Rostanam, zo‘r turgan Shvetsiya bilan o‘yinda. Keyin bilsam, Gabello aslida gruziyalik Otar Gabeliya ekan.

Milla raqsi, Valderama sochlari, Iguita xatosi, Raykaardning Fyoller qulog‘iga tupurishi, Pumpido jarohati sabab, asosiyga aylangan Goykoyecheaning penalti seriyalaridagi qahramonliklari, Maradonaning finaldagi ko‘z yoshlari, oldinroq, Diyego yarimfinalda Italiyaga qarshi aynan Neapolda to‘p surganda, mahalliy muxlislarning «Diyego, biz seni yaxshi ko‘ramiz, lekin Italiya bizning vatanimiz» deb banner ko‘targani — xotiralar ko‘p.

Qiziq jihati, aynan o‘sha chempionatning barcha guruhlar tarkibi, natijalari, gollarigacha esimda, ammo Rossiya-2018 dagi yarimfinallarniyam hatto, birdaniga eslolmayman. Ko‘pchilikda shunaqa bo‘lsa kerak.

Yana bir kashfiyotim, ko‘pchilik bilan gaplashib, bilganman - futbol muxlislarining aksariyati o‘zining ilk mundial yoki yevrosini 11-12 yoshda ko‘rar ekan. Qiziqib, tushunib, yodda olib qolgan holda. Men ham shu yoshda bo‘lganman.

Ertaga, men uchun to‘qqizinchi chempionat boshlanadi. Kim uchundir yettinchi, o‘ninchi yoki to‘rtinchi. Men uchun balki avvalgi Rossiya yoki Braziliyadagi turnir kabi shundoq o‘tib ketar, iz qoldirmas. Ammo kim uchundir, bu birinchisi, to‘g‘rimi? Kim uchundir bir shirin xotiraga aylanadigan, bitta qoldirmay o‘ttiz yildan so‘ng ham yodida saqlaydigan, futbol olamining ajib sehriga oshufta qiladigan, keyingi mundiallardayam o‘sha jozibani qidiradigan bir turnir boshlanyapti axir.

Xuddi mening bir paytlar Italiyada o‘tgan mundialim kabi. 

Milla raqsi, Valderama sochlari, Iguita xatosi, Raykaardning Fyoller qulog‘iga tupurishi, Pumpido jarohati sabab, asosiyga aylangan Goykoyecheaning penalti seriyalaridagi qahramonliklari, Maradonaning finaldagi ko‘z yoshlari...

Kanidja, Stoykovich, Skilachchi, Leketush, Kareka, Gullit, Mateus, Adidas Torshn reklamalari, «Rekord» televizori, eski hovlimiz, bobom, dadam...

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid