Jahon | 11:52 / 21.11.2022
12538
3 daqiqa o‘qiladi

Borrel: Markaziy Osiyoda geosiyosat o‘zgarmoqda

Jozep Borrelga ko‘ra, Ukrainaga qarshi urush va Xitoyning kuchayishi fonida Markaziy Osiyo mintaqasi o‘z munosabatlarini diversifikatsiya qilishga intilmoqda va Yevropa Ittifoqini eng munosib hamkor sifatida ko‘rmoqda.

Foto: Getty Images

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Markaziy Osiyoda yangi dinamika yuzaga kelganini qayd etdi. Bu haqda u 20 noyabr, yakshanba kuni Yevropa tashqi siyosiy faoliyat xizmati saytidagi blogida yozgan. 

«Ma’lumki, Rossiya ham, Xitoy ham muhim rol o‘ynagan va o‘ynashda davom etmoqda. Shu bilan birga, mintaqa o‘z munosabatlarini diversifikatsiya qilishga intilayotgani va Yevropa Ittifoqini eng munosib sherik deb bilishi aniq», - dedi Yevropa diplomatiyasi rahbari. Unga ko‘ra, mintaqa rahbarlari islohotlarni amalga oshirmoqda. Qolaversa, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar ham yaxshilanmoqda. 

O‘tgan o‘n yil ichida YeI mintaqaga 100 milliard yevrodan ortiq mablag‘ yo‘naltirdi va bu YeIni Rossiya va Xitoydan ancha oldinda bo‘lgan eng yirik to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar manbaiga aylantirdi, dedi Borrel. «Bundan tashqari, biz tez orada diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlaymiz. Asosiy vazifa - tez o‘zgarib borayotgan geosiyosiy kontekstni hisobga olgan holda ana shu poydevorlarni qo‘yish va yangi turtki berishdir», - deya qo‘shimcha qildi u.

Borrel 17 noyabr kuni «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» formatida vazirlarning 9-uchrashuvi bo‘lib o‘tgan Samarqandga tashrifini esladi.

Yevropa Ittifoqi bosh diplomatining so‘zlariga ko‘ra, ular, xususan, Rossiya harbiy harakatlaridan kelib chiqqan vaziyatni muhokama qilishgan. Mintaqa muvozanatli yondashuvga amal qiladi, ammo ishtirokchilar BMT Nizomining asosiy tamoyillarini (hududiy yaxlitlik, kuch ishlatmaslik) himoya qilish va Rossiya urushining salbiy oqibatlarini minimallashtirish zarurligini bir ovozdan qabul qilishdi.

Jozep Borrel savdo va sarmoyani rivojlantirish uchun qat’iy qoidalar va xalqaro huquqni hurmat qilish zarurligini ta’kidladi. «Biz qoidalarga asoslangan xalqaro tartib deb ataydigan narsa davlatlarni xavfsiz, odamlarni ozod qiladi va kompaniyalarni sarmoya kiritishga tayyor holatga keltiradi», dedi u.

Kobulda «Tolibon» harakatining hokimiyat tepasiga kelishi va Ukrainaga qarshi urush bilan bog‘liq vaziyat Markaziy Osiyoda hamkorlikka ko‘proq sarmoya kiritishni talab qiladi, deya xulosa qildi Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha oliy vakili. 

Oktabr oyi oxirida Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Markaziy Osiyo mamlakatlariga tashrif buyurib, Yevropa bilan hamkorlikni kengaytirishni taklif qildi. «Kelajak ularga nafaqat Rossiya va Xitoyga qaramlik o‘rtasida tanlash imkoniyatini berishi, balki ko‘proq narsalar taqdim etishi men uchun muhim», dedi u. 

Mavzuga oid