Mahallabay ishlash agentligi 10 oyda 2,4 mln odam ish bilan ta’minlanganini iddao qildi
Yil boshidan beri 2,4 million fuqaroning bandligi ta’minlandi, deb hisobot berdi Mahallabay ishlash agentligi. Avvalroq bu agentlik bitta axborot tizimi uchun 8,4 mlrd so‘m sarflayotgani bilan tilga tushgandi. Statqo‘mga ko‘ra, yilning 9 oyida ish bilan band aholi soni 297 mingga oshgan.
O‘zbekiston mahallalaridagi hokim yordamchilari yanvar oyidan oktyabr oyiga qadar band bo‘lmagan aholini ish bilan ta’minlash va tadbirkorlikka jalb qilish orqali 2,4 million nafar fuqaroning daromadli mehnat bilan bandligini ta’minladi, deya iddao qilmoqda Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi.
“Xususan, 903 ming nafar fuqaro doimiy ish joylariga joylashtirilgan. 914 ming nafar fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan. 82 ming nafar fuqaro yakka tartibdagi tadbirkorlikka (yollanma ishchilari bilan birgalikda) va 158 ming nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilingan. 392 ming nafar fuqaroga ijara asosida yer ajratilgan”, – deyiladi agentlik matbuot xizmatining O‘zA e’lon qilgan rasmiy axborotida.
“Shishirish agentligi”
Iqtisodchi Otabek Bakirovning e’tibor qaratishicha, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi aholini ish bilan ta’minlash haqidagi statistik ma’lumotlarni bir necha barobarga shishirib ko‘rsatishga urinayotgan bo‘lishi mumkin.
“Hatto o‘zbek statistikasi kamtarona, hatto o‘tgan epoxada yolg‘on bunchalik katta shishirilmagan.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, o‘tgan 9 oyda ish bilan band aholi soni 297 mingga oshgan. Mahallabay ishlash agentligi hatto rasmiy statistikani 8 barobardan ham ko‘proqqa shishirgan”, – deya yozadi iqtisodchi.
Davlat statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 1 oktyabr holatiga O‘zbekistondagi ishsizlar soni 1,3 mln kishini, ishsizlik darajasi esa 8,6 foizni tashkil etgan.
Logotip o‘g‘irlanganmi?
Kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi ushbu agentlik “Onlayn mahalla” axborot tizimini yaratish uchun 8,4 mlrd so‘m (taqriban 755 ming dollar) sarflayotgani kuni kecha ma’lum bo‘lgan edi. Buning uchun istisno tariqasida tender o‘tkazmasdan shartnoma tuzilgan.
Internet foydalanuvchilarining e’tibor qaratishicha, “Onlayn mahalla” saytining logotipi “JJC Business World” ilovasi logotipi bilan ikki tomchi suvdek o‘xshash. Bu ilova oxirgi marta 2020 yilda yangilanganidan kelib chiqilsa, 2022 yilda yaratilgan “Onlayn mahalla” logotipi plagiat bo‘lishi mumkin.
Avvalroq, moliya vaziri Timur Ishmetov joriy yilning oxirigacha budjet taqchilligi 3 foizdan 4 foizgacha oshirilayotganini aytgandi.
Mavzuga oid
17:36 / 10.12.2024
XMT Markaziy Osiyodagi ishsizlik darajasi bo‘yicha ma’lumot berdi
07:50 / 02.11.2024
Bandlik vazirligi ishsizlik darajasi kamayganini ma’lum qildi
16:40 / 25.09.2024
Surxondaryoda hokim yordamchisi fuqarolar nomiga kredit olib, yo‘qolib qoldi. Bunga shaxs aybdormi yoki tizginsiz tizim?
22:02 / 11.09.2024