Istanbuldagi “Sulaymoniya” masjidi bitgach, uning me’mori Sinon nega mehrobda chilim chekib ko‘rgan?
Mehmonga borganda xona ichida mezbonning iznisiz faqat bir ishga ruxsat beriladi – qaysi ishga? Tabaka qaysi xalqning milliy taomi hisoblanadi? – “Zakovat” teleo‘yini kuzgi mavsumining to‘rtinchi o‘yinidan reportaj.
Kuzgi mavsumning to‘rtinchi o‘yinida Jobir Ahmedov jamoasi ishtirok etadi.
Jamoa a’zolari (chapdan o‘ngga):
- Temur Mirzayev – turizm eksperti;
- Hayotilla Rahmonov – aloqachi;
- Jobir Ahmedov – shifokor (jamoa sardori);
- Xushnud Xudoyberdiyev – huquqshunos;
- Rushana Rajabova – filolog;
- Umid Narimov – faylasuf.
Tajribali jamoa ishtirokidagi o‘yinning 1-raundida Hans Kristian Andersenning dafn marosimi haqida savol o‘ynaldi. Andersen nega o‘zining dafn marosimiga ritmi tez musiqa buyurtma bergani haqidagi savolga jamoa muddatidan oldin javob berdi va o‘yinni ishonchli tarzda boshladi. Hisob – 1:0.
2-raundda qiziqarli milliy savol tushdi. Xiva xoni Eltuzarxon po‘latdan pishiq qilich yasashda nima ish qilgani haqidagi qiyin savolga ham to‘g‘ri javob berildi va hisob 2:0 ko‘rinishiga keldi.
Keyingi raund savoli Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining “Ijtimoiy odoblar” kitobida yozilgan mehmondorchilik odoblari haqida bo‘ldi. Mehmonga borganda xona ichida mezbonning iznisiz nima ish qilishga ruxsat berilgani haqidagi savolga ham jamoa muddatidan oldin javob berdi. Hisob – 3:0.
4-raundda jamoaga blits savollari tushdi. Gruzin taomlari haqidagi qiziqarli savollarning barchasiga jamoa qizg‘in muhokama yuritgan holda to‘g‘ri javob bera oldi. Shu tariqa hisob yirik ko‘rinishga keldi – 4:0.
Jamoa o‘yinidan shu narsa oydinlashdiki, ushbu o‘yinga jamoa jangovar shay holatda yetib kelgan va uncha-muncha savol bilan jamoani to‘xtatish qiyinga o‘xshamoqda.
5-raundga kelib ham vaziyat o‘zgarmadi. XIX asrda London politsiyasi binosida politsiyachilar jinoyatchini nima ish qilishga majburlayotgani haqidagi rasmli savolga ham qiyinchiliksiz to‘g‘ri javob topildi. Hisob – 5:0.
Bu ketishda teletomoshabinlar o‘yinni biror ochkosiz yakunlaydiganga o‘xshaydi.
Navbatdagi raundda Usmonli turklar sultoni Sulaymon davrida mashhur bo‘lgan me’mor Sinon haqida savol o‘ynaldi. “Sulaymoniya” masjidi qurilganidan so‘ng tajribali me’mor nima uchun masjid mehrobida chilim chekib ko‘rgani haqidagi savolga ham jamoa to‘g‘ri javob berdi. Hisob – 6:0.
Shunday qilib, “Zakovat” tarixida kamdan kam uchraydigan holat yuz berdi – jamoa va-banksiz 6:0 hisobidagi g‘alabaga erishdi. Shunchaki fantastik natija!
Bunday chiroyli g‘alabadan so‘ng Jobir Ahmedov jamoasi mavsum finali uchun asosiy nomzodga aylandi. Oldinda bizni mavsumning so‘nggi o‘yini – Nodira Turg‘unova yetakchiligidagi qizlar jamoasining ishtiroki kutib turibdi.
O‘yin stenogrammasi bilan quyida tanishib chiqishingiz mumkin.
1-raund. Savol muallifi — Adham Qo‘ziboyev, Nurobod tumani.
Boshlovchi: Hans Kristian Andersen o‘limidan biroz oldin tanish bastakoriga o‘zining dafn marosimi uchun maxsus musiqa buyurtma qiladi. Musiqa tayyor bo‘lgach, eshitib ko‘rib: “Juda og‘ir ekan, biroz yengillashtiring, ritmini sal tezroq qiling”, — degan taklifni beradi.
Diqqat savol: Nega ritmini o‘zgartirish unga kerak bo‘ladi?
Jamoa muddatidan oldin javob beradi.
Javobni Hayotilla Rahmonov beradi: Chunki Hans Kristian Andersenni asosan, bolalar yaxshi ko‘rgan va dafn marosimida yosh bolalar ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Ularning qadamiga mos tushishi uchun ritmni tezlashtirishga buyurtma bergan.
Jamoa to‘g‘ri javob berdi!
Hisob: 1-0
Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
2-raund. Savol muallifi – To‘xtajon Xudoybergenova, Urganch shahri
Boshlovchi: Xiva xonligi tarixidan ma’lumki, Xiva xonlarining o‘zlarining sevimli hobbilari bo‘lgan ekan. Masalan, Abulg‘ozi Bahodirxon tabiblikka, Muhammad Rahimxon shaxmat o‘ynashga qiziqqan, Anushaxon miroblikka va hokazo. Eltuzarxon temirchilikni ixtiyor etib, sifatli qilichlar yasagan. Uning qilich yasash metodi juda g‘aroyib bo‘lgan. Qilichlarni pishiq qilish uchun dastlab po‘latni mayda-mayda bo‘laklarga bo‘lgan, keyin shunday bir kutilmagan ish qilganki, buning uchun Eltuzarxon ularning yordamidan foydalangan. Bir qilichni yasash uchun bir hafta, o‘n kun vaqt ketgan.
Diqqat savol: Nimalar yordamida qilich mustahkamligiga erishilgan?
Javobni Jobir Ahmedov beradi: Mayda bo‘laklarga bo‘lgandan keyin tovuqlarga bergan, tovuq oshqozonida qayta ishlov bergan.
To‘g‘ri javob: Buning uchun unga pishiq po‘lat zarur bo‘lgan. U oddiy po‘latni maydalab, ularga yedirgan keyin ularning ichida ishlovdan o‘tgan po‘latni to‘plab ajratib olgan. Uni obdan tozalab, qaytadan eritib, so‘ngra ishlov berib, qilich yasagan. U maydalangan po‘latni tovuqqa yedirgan.
Jamoa to‘g‘ri javob berdi!
Hisob: 2-0
Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
3-raund. Savol muallifi – Samandar Nuraliyev, Toshkent shahri
Boshlovchi: Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining “Ijtimoiy odoblar” kitobida o‘zbek mehmondorchilik odoblari haqida yozilgan. Masalan, mehmonga borganda uy egasi ko‘rsatgan joyda o‘tirish, tortilgan taomlarni maqtab, ishtaha bilan yegandek bo‘lish. Mehmon mezbon tashqariga chiqqanda o‘rnidan turmasligi haqida ham ma’lumot berilgan. Faqat bir holatda o‘tirgan joyidan turib xonada yurishlari mumkin bo‘lar ekan.
Diqqat savol: Bunday holatda mehmonga xona ichida odobsizlik qilish uchun nima ishga ruxsat berilgan?
Jamoa muddatidan oldin javob beradi.
Javobni Xushnud Xudoyberdiyev beradi: Agar xonada kitob bo‘lsa, o‘sha kitobni ko‘rish, varaqlash, o‘qib ko‘rish uchun o‘rnidan turishga ruxsat beriladi.
Jamoa to‘g‘ri javob berdi!
Hisob: 3-0
Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
4-raund. Blits savol. Savollar muallifi – Hamidulla Hojiyev, Kattaqo‘rg‘on tumani
Boshlovchi:
1-Savol: Yaponlarning eng sevimli sho‘rvasi nomi – miso, fransuzlarniki – buyabes, ukrainlarniki – borsh, gaspacho – ispanlarniki.
Diqqat savol: Xarcho qaysi millatning milliy taomi?
Javobni Temur Mirzayev beradi: Gruzinlarning taomi.
Jamoa to‘g‘ri javob berdi!
2-Savol: Gruzinlarning eng mashhur taomlaridan bittasi – xachapuri. Uning uchun asosan, un, tuxum, sariyog‘ va yana nimadir qo‘shiladi.
Diqqat savol: Yana nima qo‘shiladi?
Javobni Hayotilla Rahmonov beradi: Pishloq
Jamoa to‘g‘ri javob berdi!
3-Savol: Yana bir gruzin milliy taomi bor. Uni butun dunyoda sevib iste’mol qilishadi, shu jumladan, bizda ham. Bu taom gruzinlarniki ekanini ko‘pchilik bilmaydi, biz ham bilmaymiz. Faqat uning nomida bizdagi nomi bilan gruzinlardagi nomida bir harf o‘zgargan xolos.
Diqqat savol: Bu qaysi taom?
Javobni Jobir Ahmedov beradi: Tabaka
Jamoa to‘g‘ri javob berdi!
Hisob: 4-0
Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
5-raund. Savol muallifi — Diyorbek Mamarasulov, Farg‘ona shahri
Boshlovchi: Diqqat, e’tiboringizni ekranga qarating.
Diqqat savol: XIX asrda London politsiyasi binosida politsiyachilar jinoyatchini nega bunday majburlayapti?
Javobni Xushnud Xudoyberdiyev beradi: Politsiyachilar jinoyatchini rasmga olish uchun majburlashyapti. O‘sha davrda rasmga olish yangilik bo‘lgani sabab jinoyatchi ham qo‘rqqan bo‘lishi mumkin.
Jamoa to‘g‘ri javob berdi!
Hisob: 5-0
Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
6-raund. Savol muallifi — Jamshid Rahmonov, To‘raqo‘rg‘on tumani
Boshlovchi: Sulton Sulaymon davrida Sinon degan kuchli me’mor bo‘lgan. U “Sulaymoniya” masjidini qurib tugatgach, mehrobga chiqib chilim chekayotgani haqida sultonga xabar yetkazishadi. Uni sulton oldiga olib borishadi, nega bu ish qilgani so‘raladi va o‘z qilgan ishini izohlaydi. Vaziyatni tushuntirgach, sulton uni tushunadi.
Diqqat savol: Me’mor nega chilim chekkan?
Javobni Xushnud Xudoyberdiyev beradi: Me’mor Sinon haqiqiy emas, suv bilan chilim chekkan. Chilim chekkanda g‘uldiragan ovoz chiqadi, u shu orqali o‘zi qurgan bino akustikasini tekshirmoqchi bo‘lgan.
Jamoa to‘g‘ri javob berdi.
Hisob: 6-0
Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
Eng yaxshi savol muallifi – To‘xtajon Xudoybergenova. Qilich tayyorlash siri haqidagi savoli uchun To‘xtajon Xudoybergenova 5 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
O‘yinning eng faol bilimdoni – Jobir Ahmedov. Jobir Ahmedov 5 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
Quyida o‘yinning to‘liq videosini tomosha qilishingiz mumkin:
Mavzuga oid
19:38 / 06.08.2024
“Zakovat” Osiyo kubogida O‘zbekiston jamoasi g‘alaba qozondi
10:04 / 06.08.2024
Saida Mirziyoyeva: “Jadidlar ham, Alash harakati ham xalqni ozod qilishga intilgan”
22:57 / 05.08.2024
“O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar – butun dunyoga namuna” - Saida Mirziyoyeva
17:39 / 05.08.2024