O‘zbekiston | 19:00 / 28.11.2022
12792
3 daqiqa o‘qiladi

«Pora berib boshqaning o‘rniga borganlarning haji – haj emas» – muftiy hajga navbatlar elektron tartibga o‘tishini aytdi

Birovning navbatini tanish-bilishchilik yoki pora evaziga olsa va shu asosida hajga borsa – uning haji haj bo‘lmaydi. Shu ishni qilayotganlar ham, vositachilar ham gunohkor bo‘ladi, deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Nuriddin Xoliqnazarov. Shuningdek, muftiy, hozirda hajga navbatni elektron tartibga o‘tkazish, tizimni shaffof qilish ishlari boshlanganini ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, bugungi kunda umra uchun navbatlar deyarli qolmagan yoki juda tez navbat kelmoqda. Lekin hajga navbatlar saqlanib qolgan.

«Allaqachon tizimni shaffof qilishimiz kerak edi. Hozir haj komissiyasi hajga navbatni elektron tartibga aylantirish ishlarining harakatida. Musulmonlar idorasi tizimida ham Haj va umra ishlarini tashkillashtirish markazini ochdik. Endi ular shaffof, elektron navbatni tashkil qilish harakatida», - deydi muftiy huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevga bergan intervyusida.

Nuriddin Xoliqnazarov, shuningdek hajga navbatsiz borish uchun pora berishning gunohligini ta’kidlagan.

«Shu o‘rinda muftiy sifatida aytib o‘tishim kerak. Agar kimdir birovning navbatini pora berib olsa va shu asosida hajga borsa – uning haji haj bo‘lmaydi. Musulmon odam tanish-bilish qilib, birovning o‘rnini olib hajga bormasligi kerak. Shu ishni qilayotgan odam ham, vositachilik qilgan ham va pora olgan ham gunohkor bo‘ladi. Chunki bu ish bilan bitta musulmonning farz ibodatiga to‘sqinlik qilgan bo‘ladi. Aytaylik, [mas’ul] bir kishining navbati kelib, ibodat unga farz bo‘lib turgan bo‘lsa, o‘rniga kimnidir qo‘yadigan bo‘lsa – bu juda katta gunoh», - deya muftiyning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Muftiy Nuriddin Xoliqnazarov tizimni shaffoflashtirish borasida harakatlarni imkon qadar tezlashtirishga harakat qilishini aytdi.

«Hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlar ham juda faol, hamma joyda nazorat qilib, xatolar aytib borilyapti. Odamlarda ham Allohga taqvo qilish ko‘paymoqda, korrupsiyaga qarshi kurash ham kuchaymoqda. Lekin shunda ham navbatni pora bilan olmoqchi bo‘lganlardan bu ishini to‘xtatishlarini so‘raymiz. Chunki Alloh nasib qilib, bu insonga navbat kelmagunicha bu amal undan soqit bo‘ladi», - deydi muftiy.

Mavzuga oid