Jahon | 20:25 / 29.11.2022
24579
2 daqiqa o‘qiladi

«Agar Rossiya yutqazsa, Kremldagi ko‘cha tozalovchilarni ham Haaga kutadi» - Simonyan

Rossiyalik propagandachi Margarita Simonyan xorijdan turib vatanidagi siyosatni tanqid qilayotgan rossiyaliklarni davlatga xiyonat ayblovi bilan sudlashni taklif qildi.

“Ko‘p yillar buni gapirgan edik. Faqat bu studiyada emas, shaxsan o‘zim juda-juda yuqori kabinetlarda ham bu haqda aytganman, va buni aytgan faqat men emas. Bu odamlar Jinoyat kodeksidagi davlatga xiyonat moddasi bilan sudlanishi kerak. Har qanaqa maxsus harbiy operatsiyadan oldin ham bu haqda gapirgan edik”, – dedi Simonyan “Rossiya 1” telekanalidagi “Oqshom Vladimir Solovev bilan” dasturida.

Ko‘rsatuv boshlovchisi Vladimir Solovev hamkasbining taklifini qo‘llab-quvvatladi. Uning fikricha, “qaysidir pallada” Rossiya o‘lim jazosini tiklab, otuv haqidagi hukmlarga qaytishi kerak bo‘ladi.

Ko‘rsatuvda davomida, shuningdek, Margarita Simonyanning aytishicha, agar Rossiya Ukrainadagi urushda yutqazsa, Kremldagi hatto ko‘cha tozalovchilarni ham Haagadagi xalqaro tribunal kutadi.

“Shuni aytishni istardimki, agar biz mag‘lubiyatga yo‘l qo‘yadigan bo‘lsak – yoki shartli, yoki haqiqatan – hatto Kreml devorlari ortidagi bruschatkani yuvadigan ishchilarni ham Haaga kutadi. Kiyevning yana bitta tumani chiroqsiz qoladimi-yo‘qmi, bizga nima? Agar biz bunga [mag‘lubiyatga] yo‘l qo‘yadigan bo‘lsak, mamlakatimiz uchun falokat masshtabini tasavvur ham qilib bo‘lmaydi. Haagadan qo‘rqqan o‘rmonga bormaydi”, – dedi Margarita Simonyan.

Solovev bu fikrga qo‘shilmasligini aytdi. “Agar shunday bo‘ladigan bo‘lsa (Rossiya yutqazsa – tahr.), hech qanaqa Haaga bo‘lmaydi. Butun dunyo changga aylanadi”, – dedi Solovev yadro urushiga ishora qilarkan.

Ta’kidlash lozim, Simonyan o‘z chiqishlaridan birida Rossiya Ukrainani “2 kun ichida” egallab olishini aytgan edi.

Mavzuga oid