Jahon | 19:27 / 03.12.2022
13991
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya YeI tomonidan tasdiqlangan neft narxining yuqori chegarasini qabul qilishdan bosh tortdi

Avvalroq YeI davlatlari Rossiya nefti narxining yuqori chegarasini 60 dollar miqdorida belgilagan edi.

Foto: AP

Rossiya hukumati Yevropa Ittifoqi (YeI) davlatlari tomonidan bir kun avval kelishilgan Rossiyadan neft yetkazib berish narxining maksimal chegarasini tahlil qilmoqda, biroq chegarani qabul qilishni rejalashtirmayapti.

Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

«Endi biz tahlil qilamiz. Bunday chegara belgilanishiga tayyor edik. Biz bu chegarani qabul qilmaymiz. Vaziyatni tahlil qilib, keyin ish qanday tashkil etilishini ma’lum qilamiz», — dedi Peskov.

2 dekabr kuni Yevropa Kengashi Rossiya neftining bir barreliga 60 dollar miqdoridagi narx chegarasini joriy etishni ma’qulladi. Bu cheklov Yevropa Ittifoqi davlatlari tomonidan Ukrainadagi harbiy amaliyotlarni moliyalashtirishni qiyinlashtirish maqsadida Rossiyaning iqtisodiy salohiyatini zaiflashtirish vositasi sifatida baholanmoqda.

Narx chegarasi Rossiya va Ukraina tomonidan tanqid qilindi. Rossiya rasmiylari narxning yuqori chegarasini erkin bozor tamoyillarini buzuvchi cheklov sifatida baholadi va energiya resurslarini arzonroq narxda yetkazib berishning iloji yo‘qligi haqida ogohlantirdi.

Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak so‘zlariga ko‘ra, «dushman iqtisodiyotini tezroq yo‘q qilish» uchun bir barrel neft narxini 30 dollar qilib belgilash lozim edi.

Mavzuga oid