Jahon | 20:56 / 04.12.2022
47091
11 daqiqa o‘qiladi

Baxmut uchun jang: Rossiya nega bu qadar o‘jarlik bilan shaharni egallashga urinmoqda?

Foto: Reuters

Donbassning markaziy qismidagi Baxmut shahri so‘nggi haftalar davomida Ukrainadagi frontning eng qaynoq nuqtasi bo‘lib qolmoqda. Har kuni bu yerdan shiddatli janglar kechayotgani va ikki tomon ham yo‘qotishlarga uchrayotgani haqida xabarlar kelib turibdi, Rossiya qo‘shini Dneprning chap sohiliga chekinganidan keyin boshqa uchastkalarda nisbatan tinchlik hukm surayotgani fonida bu ayniqsa sezilarli bo‘lmoqda. Rossiya Baxmutni olish uchun nega bu qadar qattiq harakat qilmoqda?

«Baxmutdan janubda Rossiya qo‘shini Ozaryanovka va Andreyevkaga hujum qildi. Shu tariqa, ular Ukraina qurolli kuchlarining Kurdyumovkadagi garnizonini ikki tomondan o‘rab olib, bu hududdagi temiryo‘l liniyasini uzib qo‘yishga harakat qilmoqda. «Vagner» Kleshcheyevkaga yurish qilmoqda. Baxmutdan janubi-sharqda shiddatli janglar ketmoqda», deya yozadi rossiyalik harbiy muxbir Semyon Pegov WarGonzo telegram-kanalida.

Rossiya qo‘shini Artemovskni (Baxmutning avvalgi nomi) qurshab olish arafasida ekani haqida hafta boshida «DXR» rahbari Denis Pushilin ham aytgandi.

Ukrainadagi manbalar ham Baxmut yo‘nalishida shiddatli janglar ketayotganini tasdiqlagan, ammo barcha hujumlar bartaraf etilayotgani aytilgan.

«Baxmut atrofi dushman jasadlari bilan to‘lib bormoqda, bosqinchilar shturm qilishga urinishda davom etmoqda, RF rahbariyati safarbar qilinganlar va mahbuslarni Ukraina qurolli kuchlari pozitsiyalariga haydab kelmoqda», deyiladi Ukrainaning UNIAN nashri xabarida.

Baxmut hududida nimalar bo‘lmoqda? Rossiya armiyasi bu shaharni egallash uchun nega bu qadar katta kuch bilan intilmoqda? Ular nega og‘ir yo‘qotishlarga qaramay ukrainlarning mustahkamlangan pozitsiyalariga ro‘paradan shturm qilish taktikasidan voz kechmayapti?

Baxmut atrofidagi vaziyat

Baxmut - Donbass mezonlari bo‘yicha Donetsk oblasti shimolidagi o‘rta kattalikdagi shahar bo‘lib, muhim transport tuguni hisoblanadi. Shahardan Lisichansk va Severodonetskka, Seversk, Slovyansk, Kramatorsk, Konstantinovka, Horlivka va Luhanskka olib boruvchi yo‘llar o‘tadi. Bu shahar 2022 yil mayida, ukrain qo‘shinlari Popasnayadan chekinib, rossiyaliklar Slovyansk va Kramatorskni nishonga olishganida front chizig‘idagi shaharga aylangandi.

O‘sha paytdan Baxmutni muntazam ravishda o‘qqa tutish boshlandi. Urushga qadar bu yerda yashagan 70 mingdan ortiq kishining asosiy qismi evakuatsiya bo‘ldi, shaharda asosan qariyalar qolgan. Shaharda ichimlik suvi va elektr yo‘q, ko‘plab binolar vayron qilingan.

Baxmut ko‘chalarida tankka qarshi to‘siqlar o‘rnatilgan. Foto: Getty Images

Iyul oyi boshida Rossiya armiyasi Severodonetsk va Lisichanskni egalladi, ammo Baxmut ostonasida yurish to‘xtatildi - bu yerdagi mudofaa liniyasi shu qadar kuchli bo‘lib chiqdiki, artilleriya borasida jiddiy ustunlikka ega bo‘lgan Rossiya armiyasi hech narsa qila olmay qoldi.

Hozirga kelib frontdagi vaziyat o‘zgargan - Izyumdagi guruh (Rossiya qo‘mondonligi rejasiga ko‘ra bu guruh Popasnaya tomondan yurish qilgan Rossiya qismlari bilan birlashishi nazarda tutilgandi) Xarkiv oblastidan chekindi va Svatovo - Kreminna bo‘ylab yangi mudofaa chizig‘ini tashkil etdi, ukrainlar sentabr oyida Xarkiv shahridan sharq va janubi-sharqdagi hududni tozalashdi, endilikda Slovyansk va Kramatorskka to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid yo‘q. Ammo rossiyaliklarning Baxmutga hujumlari to‘xtamayapti, aksincha so‘nggi haftalarda hujumlar kuchaygan.

Rossiya manbalari RF armiyasining Baxmut yo‘nalishidagi muvaffaqiyatlari haqida, xususan shahardan janubdagi bir qancha qishloqlar egallangani haqida xabar qilishgan. Ayrim rossiyalik harbiy muxbirlar esa hatto front chizig‘i qulayotgani va ukrain guruhi tez orada qurshab olinishini xabar qilishgan.

Amerikadagi Urushlarni tadqiq etish instituti (ISW) tahlilchilari hisoblashicha, Rossiya tomoni o‘z muvaffaqiyatlarini bo‘rttirib ko‘rsatmoqda - Baxmut qurshab olinishi muqarrarligini ko‘rsatuvchi alomatlar yo‘q.

ISW mutaxassislari yozishicha, hatto agar Rossiya qo‘shini Baxmutdan janubdagi aholi punktlarini egallab olgan bo‘lsa ham, bu yutuqlar ukrainlarning quruqlik orqali aloqasida ahamiyatga ega bo‘lgan Seversk va Konstantinovkaga tahdid sola olmaydi. Rossiya tomoni egallangani haqida aytayotgan pozitsiyalar esa Baxmut va uning g‘arbi hamda shimolida joylashgan yo‘ldosh-qishloqlardagi mustahkamlangan pozitsiyalarga olib boradi.

Ammo Ukraina mudofaasi Baxmutdan janubda buzib o‘tilishini e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi. Ukraina qurolli kuchlari bu yerga yetarlicha yirik miqdorda qo‘shimcha kuchlar jo‘natmoqda.

Rossiya armiyasi nima uchun bu qadar qunt bilan Baxmutni egallashga intilmoqda?

Rossiya harbiy-siyosiy mashinasining turli qavatlarida ishtiyoq turlicha bo‘lishi mumkin. Siyosiy rahbariyat va propaganda vositalariga ijobiy axboriy kartina kerak. Rossiya qo‘shini anchadan buyon Ukraina frontida muvaffaqiyatga erishmadi, davomli mag‘lubiyatlar oldingi chiziqda ham, front ortida ham umidsizlik va hafsalasizlik keltirib chiqaradi. Baxmutning olinishi esa urushni davom ettirish tarafdorlarining jangovar ruhini ko‘tarishi mumkin.

Rossiya harbiy qo‘mondonligi uchun Baxmut strategik ahamiyatga ega. Shahar egallab olinsa Kreminnani qurshab turgan hamda Lisichansk va Severodonetskka hujum qilishni rejalashtirayotgan Ukraina bo‘litnmalarining o‘ng qanoti ta’minotiga xavf yuzaga keladi. Bundan tashqari, Baxmutning egallanishi Rossiya qo‘shiniga manyovrlar qilish uchun yangi maydonni ochib berib, Ukraina tomonini kuchlarni yangi mudofaa liniyasi tashkil etish uchun yo‘naltirishga majbur qiladi - qishki sharoitda esa bu oson vazifa emas.

Rossiya qo‘mondonligi frontning ushbu uchastkasida tashabbusni saqlab qolish istashi va Ukraina qurolli kuchlariga frontning boshqa yo‘nalishlariga - Zaporijjya oblasti janubi hamda Luhansk oblasti shimoliga jo‘natish uchun bo‘shagan kuchlarga ega bo‘lishni istamasligi ham bor.

Baxmut hududidagi harbiy harakatlarda ishtirok etayotgan ofitserlar va askarlar uchun shaharni egallash istiqboli qandaydir oraliq natijani anglatadi, bu ular uchun janglar tugashini bildirmasa ham, hech bo‘lmaganda pauza berilishini bildiradi. Kimdir muvaffaqiyatli amaliyot uchun mansabi ko‘tarilishi va front ortiga qaytib, qon, sovuq va axloqsizliklardan uzoqlashishga umid qiladi. Kimdir guruh qayta shakllantirilishi va ta’til uchun ortga qaytishdan umid qilmoqda. Yana kimdir shartnoma muddati yakunlanishi yoki tibbiy sabablarga ko‘ra zaxiraga olinishi haqida o‘ylamoqda.

Bularning bariga qo‘shimcha ravishda ruslarning Baxmutni egallash istagida oddiygina sabab ham bo‘lishi mumkin - hatto vayron qilingan shaharda ham qishlash okoplardagidan yaxshiroqdir.

Baxmut yo‘nalishida harbiy harakatlar tabiati o‘zgaradimi?

Rossiyaning 24 fevral kuni Ukrainaga bostirib kirishidan oldin raqiblar 2014 yilgi to‘qnashuvlardan buyon shakllantirib kelingan kuchli istehkomlarga va Donbassdagi butun tutashuv chizig‘i bo‘ylab ishonchli ta’minot tizimiga ega edi. Ikki tomonda ham mudofaa ancha yaxshi tayyorlangan va jangovar tajribaga ega bo‘linmalar tomonidan tutib turilardi.

Bu fotosuratlarda Baxmut Verden bilan taqqoslanmoqda, Fransiyaning bu shahri atrofida 1916 yilda Birinchi jahon urushining eng qonli to‘qnashuvlari bo‘lib o‘tgan. Foto: LeVKO STeK

Rossiya armiyasini ukrainlarning yaxshi himoyalangan istehkomlariga ro‘paradan hujum qilib, ko‘plab yo‘qotishlarga uchrayotgani uchun ko‘p tanqid qilishadi.

«RFning Baxmutni egallash uchun urinishlari shuni ko‘rsatadiki, rossiyalik harbiylar avvalgi kampaniyalardan hech qanday saboq chiqarmagan, avval ham o‘ta muhim bo‘lmagan maqsadlar uchun katta yo‘qotishlar berilgandi», deya yoziladi ISW hisobotida.

«Ruslarning Baxmutga ro‘paradan bostirib kelishi, mening nazarimda, butkul jinnilik. Kecha 25-30 nafar atrofidagi ruslar Baxmut ostonasida halok bo‘lgani aks etgan video namoish etildi. Ular Baxmutga kirish joylarida o‘rnashib olishsa ham, ta’minot masalasi muammoligicha qoladi: ular okoplarda qandaydir mexanizatsiyalashgan yordamsiz yotishadi», deb hisoblaydi Def Mon harbiy tahlilchisi.

Ammo Rossiya qo‘shinining Baxmut yo‘nalishidagi harakatlaridagi o‘zgarishlar baribir kuzatib boriladi.

Janglarda qatnashayotgan ukrainalik harbiylarning aytib berishicha, Baxmut ostonasida rossiyaliklar kichik guruhlar (masalan, 10 kishilik) bilan to‘xtovsiz hujumlar qilish taktikasini qo‘llamoqda, shu bilan birga shturmchilar orasidagi yo‘qotishlar hajmi yuqoriligi Rossiya qo‘mondonligini tashvishga solmayotgandek.

Xuddi shu vaqtda rossiyalik harbiy muxbirlar xabar qilishicha, Rossiya artilleriya ekipajlari nishon belgilanishidan o‘t ochishgacha bo‘lgan vaqtni sezilarli darajada qisqartirishgan.

«Razvedkada ishlayotgan guruhlar nishonlarning koordinatalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri batareyaga yuboradi. Va artilleriya ikki daqiqa ichida nishonga zarba beradi. Bunda korrektirovka (nishonni to‘g‘rilash) onlayn rejimda bajariladi. Ya’ni, hisobotlardagi oraliq bosqichlar shunchaki olib tashlangan. Albatta, avvalboshdan shunday bo‘lishi kerak edi», deya yozadi harbiy muxbir Aleksandr Kots.

Rossiya armiyasi hamon artilleriya stvollari soni bo‘yicha sezilarli ustunlikka ega bo‘lib qolmoqda. Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Aleksey Arestovich Baxmut atrofida artilleriya bo‘yicha farq Rossiya armiyasi foydasiga 9 ga 1 nisbatda ekanini aytgan. Shu vaqtgacha Ukraina qurolli kuchlari o‘q otish va nishonni belgilash aniqligi evaziga bu ustunlikni kamaytirishga muvaffaq bo‘ldi - bu ko‘p jihatdan ko‘p miqdorda uchuvchisiz uchish apparatlari razvedka uchun samarali  qo‘llangani tufaylidir.

Rossiya armiyasida urushning boshidan beri dronlar bilan bog‘liq muammolar bor edi. Ammo Baxmut atrofida Prigojinning «Vagner» xususiy harbiy kampaniyasi faol harakat qilmoqda, uning tarkibi Rossiya koloniyalaridagi mahbuslar bilan to‘ldirilgan. Bunday yomon tahsil ko‘rgan askarlar katta ehtimol bilan Ukraina qurolli kuchlarining o‘q otish joylarini fosh etish uchun ayovsiz qurbon qilinadi - shundan keyin bu nuqtalar artilleriyadan o‘qqa tutiladi.

Agar chindan shunday bo‘lsa, Ukraina armiyasi taktikani o‘zgartirishi kerak bo‘ladi.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid