Jahon | 21:40 / 06.12.2022
27190
6 daqiqa o‘qiladi

Ko‘rfaz «inglizistoni». Qatarda nega ko‘pchilik inglizchani yaxshi biladi?

Qatarga kelgan odamlarni hayratlantiradigan narsalar ko‘p. Sahroda turli yashilliklar yaratishga intilishlar, noodatiy landshaftdagi bog‘lar, osmono‘par binolar, futbol muxlislari uchun bepul jamoat transporti – bularning barchasi hayratlantirmay qo‘ymaydi. Ammo yana bir narsa hayratlantiradi: Qatardagi deyarli hamma ingliz tilini biladi.

Inglizcha chinakam ikkinchi til

Yaponiya va Singapurda ingliz tili ikkinchi til ekani aytiladi, ammo bu davlatlarda hamma ham bu tilda gaplasha olmaydi. Masalan, Yaponiyadagi katta mehmonxonada ingliz tilini tushunadigan menejyerni uzoq qidirishgani yodimda, haydovchi, do‘kondorlarni-ku aytmay qo‘yavering, hammasi qo‘lida audio tarjimon ushlab o‘tirishadi. Qanchalik ajablanarli bo‘lmasin, Singapurda ham oddiy odamlar yuradigan joylarda inglizchani ko‘pchilik bilmaydi.

Ammo Qatarda vaziyat umuman boshqacha. Deyarli hamma qatarliklar, mahalliy arablar ham, boy arablarning hindistonlik xizmatchilari ham, efiopiyalik yoki nepallik taksichilar ham, «Makdonalds»dagi (McDonald’s) filippinliklar ham inglizchani bilishadi. Ayniqsa, Qatar politsiyasi zobitlarining ingliz tilida ravon gapirishini ko‘rib hayron qolasiz. Boshida bu narsa jahon chempionati bilan bog‘liqmikin deb o‘yladik, lekin mamlakatni aylanib amin bo‘ldikki, bular anchadan buyon ingliz tili bilan yashab kelmoqda, chunki bir necha yilda hammaga ingliz tilini o‘rgatib qo‘ya olmaysiz.

Tilni yaxshi bilganlar

Qatarda kim inglizchani yaxshiroq bilsa, o‘sha yaxshiroq ishda ishlay oladi. Buni diqqat bilan kuzatgan odam darrov payqaydi. Masalan, media markazga kirishda kichik nosozlik sabab tushunmovchilik yuzaga keldi. Eshikbon politsiyachilar ham binoyiday inglizcha gapirib turishibdi, ammo ba’zi atamalar ular uchun tushunarsiz bo‘lgani uchun, shuningdek, kirishga kattalarining ruxsati kerakligini aytib, o‘zlari bo‘ysunadigan kattaroq zobitni chaqirishdi. Salobati va yulduzlari kattaligidan ularning boshlig‘i kelganini taxmin qildik. Va o‘sha yulduzi katta politsiyachi inglizchada qolganlaridan yaxshiroq gapirib, bir daqiqada muammoni hal qildi.

Boshqa joylarda ham shunday: masalan, «Makdonalds»da kassada turadigan qiz ofitsiant qizlardan yaxshiroq inglizcha gaplashadi, menejyer esa ulardan ham yaxshiroq. Metrodagi afrikalik ko‘ngilli, yo‘l ko‘rsatuvchilar ham inglizchada kerakli darajada gapiradi, ammo temiryo‘l nazoratchisi bo‘lgan va ratsiya ko‘tarib yuradigan boshqaruvchilar inglizlarning tilida xuddi ular kabi sof gapiradi.

Metroda mahalliy arab muxlislar bilan gaplashib qolganda ham ularning ko‘pi inglizchada bemalol gapira olmoqda. Darvoqe, Saudiya arablari ham tilni yaxshi bilishadi. Erkaklar ishlaydi, xorijliklar bilan muloqot qiladi deymiz, lekin arab ayollarining ham inglizchani bilishiga nima deysiz? Ko‘chalarda sayyohlar ko‘p marta arab ayollaridan yo‘l so‘ragani, mezbon ayollar ularga toza inglizchada javob berganiga guvoh bo‘ldik.

Agar inglizchani bilmasangiz...

Qatar arablari inglizchani bilmasa, ular ham ko‘p joylarda muammoga duch kelishi mumkin. Masalan, «Makdonalds» yemakxonalariga borsangiz, u yerdagi aksar ishchilar filippinlik bo‘ladi. Ular tabiiyki arabchani bilmaydi, bu kabi butun dunyoda mavjud brendlar yemakxonalarida yagona til ingliz tili. Ha, siz qatarlik bo‘laturib inglizchani bilmasangiz, oddiy burger buyurtma qilishingiz ham qiyin. Albatta, yemakxonalardagi mustaqil buyurtma qilish mumkin bo‘lgan kiosklarda dastur arabchada ham ishlaydi, ammo kafeda muloqot qilish uchun inglizcha bilish kerak.

Savdo markazlarida ham shunday holat. Misr, Livan yoki boshqa arab davlatlaridan kelganlar ham sotuvchilik qiladi, ammo aksar sotuvchilar arabchani bilmaydigan muhojirlar. Mahalliy arablar esa savdoda deyarli ishlamaydi. Shunday ekan, Qatardagi savdo markazida aylanishingiz uchun ham sizga ingliz tili kerak bo‘ladi.

Yana bir narsa, Qatarda hindistonliklar juda ko‘p. Ular yaxshi ishlarda ham ishlashadi, ammo aksari oddiy ishlarda mehnat qiladi, shuningdek, boy arablarning uyida hind xizmatkorlarni ko‘rish ham oddiy holat. Arablar bu xizmatchilari bilan inglizcha gaplashadi, chunki ular arabchani bilmaydi. Xizmatkorlar boshlig‘i inglizchani yaxshi biladi va boshqa xizmatkorlarni aynan u boshqaradi.

Stadionlar atrofida ham ko‘plab hind brigadalarini ko‘rdik. Ularning «brigadiri» bo‘lmish hind inglizchada gapira olgani uchun rahbarlar topshiriqlarni unga berishadi. Va eng asosiysi Qatarda inglizcha bilganlar yaxshiroq maosh oladi.

Yaxshi ishda ishlash uchun

Qatarning asosiy boyligi gaz va neftdan keladi. Tabiiyki, mamlakatni ushlab turgan asosiy korxonalar ham aynan energetika kompaniyalaridir. Bunday korxonalarda ko‘p arablar ishlaydi va xalqaro maqomdagi bunday joylarda ishlash uchun ingliz tilini bilmaslik eng katta to‘siq. Shu sababli, arablar yaxshi joyda, katta korxonalarda ishlashni istasa, albatta inglizchani o‘rganishi kerak.

Qatar ko‘chalarida yurganda fransuzchaga, inglizchaga ixtisoslashgan maktablar ko‘zga tashlanadi. Arablar aynan shunday joylarda tilni mukammal o‘rganishadi. Shuningdek, arab oilalarida ingliz tilini biladigan xizmatkorlar bolalarga til o‘rgatishi odatiy hol. Inglizcha shunchalik ommalashganki, zamonaviy arablar bir-biri bilan gaplashayotganda «you know» (bilasanmi) degan iborani tez-tez ishlatisharkan. Xullas, Qatarga kelganda inglizchani bilsangiz, ko‘chada qolmaysiz.

O‘tkir Jalolxonov, Qatar.

Mavzuga oid