Rossiya dronlarning yangi hujumlari haqida xabar berdi
Kursk aerodromi hududida dron hujumi neft omborida yong‘in keltirib chiqardi. Bryansk viloyatida dronlar yonilg‘i baklaridan bir necha metr uzoqlikda quladi.
Rossiyaning ikki viloyatida 6 dekabr, seshanba kuni uchuvchisiz uchish apparatlari (UUA) tomonidan yangi hujumlar sodir etilgani xabar qilindi. Kursk viloyati gubernatori Roman Starovoytning ma’lum qilishicha, dron hujumi natijasida Kursk aerodromi hududida neft saqlash tankeri yonib ketgan. U gap qaysi aerodrom haqida ketayotgani va hujum natijasida qanday zarar ko‘rilganga aniqlik kiritmagan. «Jabrlanganlar yo‘q. Yong‘in bartaraf etilmoqda. Voqea joyida barcha maxsus xizmatlar ishlamoqda», deb yozdi Starovoyt o‘zining Telegram-kanalida.
Kursk gubernatorining so‘zlariga ko‘ra, yong‘in tufayli yaqin atrofdagi ikkita maktabda darslarni to‘xtatishga qaror qilingan. Mash Telegram-kanali yong‘in aks etgan videoni e’lon qildi, uning muallifi yong‘in Kursk aeroportida sodir bo‘lganini da’vo qilmoqda. 24 fevraldan buyon ushbu aeroport Ukrainadagi urush tufayli Federal havo transporti agentligi buyrug‘i bilan yopilgan.
O‘z navbatida, Baza Telegram-kanali Bryansk viloyatida dronlar Rossiya va Ukraina chegarasidan 80 kilometr uzoqlikdagi «Slava» kombinatiga hujum qilgani haqida xabar berdi. Ular yonilg‘i baklaridan bir necha metr uzoqlikda qulagan, jiddiy yong‘in kelib chiqmagan.
Bir kun avval Rossiya OAV Saratov viloyatining Engels shahridagi aerodromning uchish-qo‘nish yo‘lagiga uchuvchisiz uchoq qulagani haqida xabar bergan edi. Oqibatda ikkita Tu-95 bombardimonchi samolyotiga zarar yetgani, ikki nafar harbiy xizmatchi kasalxonaga yotqizilgani xabar qilingan. Shu bilan birga, Ryazan viloyatidagi aerodromda yonilg‘i tashuvchi avtomashinaning portlashi oqibatida uch kishi halok bo‘lgani haqida ma’lumot keldi.
Rossiya Mudofaa vazirligi Saratov viloyatidagi Engels va Ryazan viloyatidagi Dyagilevo aerodromlariga uyushtirilgan hujumlar ortida Ukraina turganini aytdi. Harbiy idora Ukraina uchuvchisiz uchoqlari tutib olinganini, biroq hodisalar natijasida ikkita samolyotga zarar yetkazilganini bildirdi. Bundan tashqari, uch nafar rossiyalik harbiy halok bo‘lgan, yana to‘rt nafari yaralangan.
5 dekabr kuni Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga yirik raketa hujumlarini uyushtirdi. Butun mamlakat bo‘ylab havo hujumi haqida ogohlantirish e’lon qilindi. Ukrainaning ko‘plab viloyatlarida favqulodda elektr ta’minotida uzilishlar boshlandi.
Mavzuga oid
21:03
Rossiyada dollar yil boshidan beri birinchi marta 100 rubldan oshdi
18:44
Ukraina ATACMS raketalari bilan Rossiya hududiga birinchi zarbani berdi
16:48
Rossiyada yadroviy portlashdan himoyalovchi mobil boshpanalarni seriyali ishlab chiqarish boshlandi
13:31