O‘zbek mediasida shaharsozlik muammolari ko‘tarilishi odatiy hol bo‘lib qoldi. Saytlarda, bloglarda Toshkentning urbanistik muammolari, ekologiyasi, jamoat transporti haqida yaxshi tahliliy maqolalar, suhbatlar chiqishiga o‘rganib qoldik. Aslida O‘zbekiston mediasining oxirgi olti yillik tajribasi o‘rganib qolingan mavzularga tegishli tashkilotlar ham o‘rganib qolib, reaksiya bildirmay qo‘yishini ko‘rsatmoqda, shuning uchun balki bu mavzuda kontent ko‘payishining o‘z minuslari ham bordir, lekin, nima bo‘lganda ham, o‘quvchi ommaga urbanistika muammolari, shahar muhiti, havo tozaligi kabi tushuncha va masalalar ancha tanish bo‘lib qoldi.

Ammo ushbu maqolada yuqorida tilga olingan muammolar tashqaridagi, shu bilan birga shaharsozlik doirasidagi ba’zi masalalarga to‘xtalmoqchiman. Toshkentda yashash bilan bog‘liq muammo va noqulayliklar ko‘p bor tanqid ostiga olindi, yoritildi. Yechimlarga hali yaqinlashmadik, biroq, nazarimda, masalaning boshqa qirralari ham borki, ularga ham e’tibor qaratish kerak. Xullas, muammolarni ko‘tarishga, kimnidir tanqid qilish qaratilgan maqola emas, Toshkent shahrining kelajagi haqidagi sub’yektiv o‘ylar deb qabul qilasizlar.

Davlat tashkilotlarining harakatsizligi-yu hokimliklarning xatolari, yerlarni sotib yuborish, daraxtlarni kesib tashlash kabi muammolardan tashqari, odamlarning shaharga munosabati, hatto odam va shahar munosabatlari ham o‘rganilishga, yoritilishga muhtoj. Xorij fanida va matbuotida bu kabi masalalarga ma’lum darajada e’tibor beriladi, jumladan, antropologiya fani doirasida o‘rganiladi. Antropologiya shaharchilik bilan qanday bog‘lanishini tushunish uchun avval bu fanning o‘ziga qisqacha ta’rif beraylik.

Antropologiya insonning tashqi qiyofasinigina o‘rganmaydi

Shuning uchun oltinchi sinf tarix darsligining kirish qismida yozilgan ta’rifni unuting. Bugungi kunda antropologiya fanining mohiyati va ko‘lami kengayib ketgan.

Antropologiya odam haqidagi fandir. Bu fan doirasida odamning turli ijtimoiy maydonlardagi holati – bir-biri bilan, davlat tashkilotlari bilan, mashinalar bilan, tabiat bilan, madaniyat bilan, din bilan, millat bilan munosabatlari o‘rganiladi. Uncha aniq tushuntira olmadim deb o‘ylayapman. Hozir boshqa tomondan tushuntirishga harakat qilaman.

Biz postmodern davrida yashamoqdamiz. Aniqrog‘i, global miqyosda shu davr, uning tushunchalari hukmron, alohida jamiyatlar (shu jumladan bizning jamiyat ham) umumiy taraqqiyotdan biroz orqada yoki biroz oldinda bo‘lishi mumkin. Modern davrida insoniyat ongida aniq fanlarning prinsiplari ustunlik qilar edi; har qanday masalaga fan nuqtayi nazaridan qarash, ilmiy yechim qidirish, ilmiy tadqiqot xulosasiga qarab u yoki bu narsani haqiqat deb qabul qilish, xurofotlarni keskin inkor etish hukmron edi. Postmodernda esa inson faqatgina sovuq mantiq emas, his-tuyg‘ularga ham tayanishi, har bir inson alohida olam ekani, uning o‘ziga yarasha tushuncha va kechinmalari borligi, har bir insonning o‘z haqiqati borligi e’tirof etiladi. Shu ma’noda antropologiya chinakamiga postmodern fanidir: u inson hayoti davomida o‘z haqiqatlarini, o‘z realligini yaratishini, mutlaq reallik yo‘qligini e’tirof etadi; antropologiya “mana bu haqiqat, bu esa kimningdir yanglish fikri” degan xulosa chiqarmaydi, u “mana bu odam shunga ishonadi va bu ishonchiga mana bu hayotiy tajribasi, aqlidagi ishonch va qarashlari sabab” shaklidagi xulosalarni beradi.