Jahon | 08:51 / 08.12.2022
9720
3 daqiqa o‘qiladi

Merkel: Minsk kelishuvlari Kiyevga kuchayishi uchun vaqt berdi

Germaniyaning sobiq kansleri o‘z hukumati «Shimoliy oqim-2»ni nega ma’qullagani va Minsk kelishuvlarini himoya qilganini tushuntirdi.

Foto: Reuters

2014 yilda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi Minsk kelishuvlari yechim emas, mojaroning «muzlatib qo‘yilishi» bo‘ldi va Ukrainaga kuchayish uchun «qimmatli vaqt» berdi. Bu fikrni Germaniyaning sobiq kansleri Angela Merkel 7 dekabr, chorshanba kuni chop etilgan Die Zeit nashriga bergan intervyusida bildirdi.

«2014 yildagi Minsk kelishuvlari Ukrainaga vaqt berishga urinish edi. U ham bu vaqtdan kuchayish uchun foydalangan, buni bugun ko‘rib turibsiz. 2014/15 yilgi Ukraina - bugungi Ukraina emas», - dedi Merkel 2015 yilda Donetsk viloyatidagi Debalsevo uchun olib borilgan janglarni misol sifatida keltirgan holda.

«Men o‘shanda NATO mamlakatlari Ukrainaga hozirgidek ko‘p yordam bera olishi mumkin bo‘lganiga shubha qilaman», - deya qo‘shimcha qildi Merkel.

«Shimoliy oqim-2» gaz quvurining ishga tushirilishi haqidagi savolga javob berar ekan, Merkel uni tasdiqlash uchun ariza hukumat tomonidan emas, balki kompaniyalar tomonidan berilganini ta’kidladi. «Oxir-oqibat, federal hukumat va men uchun «Shimoliy oqim-2»ni ma’qullashni to‘g‘ridan to‘g‘ri inkor etuvchi siyosiy akt sifatida yangi qonun qabul qilish-qilmaslikni hal qilish masalasi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi», deb tushuntirdi Merkel.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday rad etish Minsk kelishuvlari bilan birgalikda «Rossiya bilan munosabatlardagi kayfiyatni xavfli darajada yomonlashtirishi mumkin edi». «Boshqa tomondan, energiya siyosatiga qaramlik Niderlandiya va Buyuk Britaniyadan kamroq gaz va Norvegiyada cheklangan ishlab chiqarish tufayli yuzaga keldi», deb eslatdi sobiq kansler.

O‘shanda Qo‘shma Shtatlar hali STG yetkazib beruvchisi emas edi hamda Qatar va Saudiya Arabistonidan mahalliy ishlab chiqarishning pasayishi sharoitida yonilg‘i sotib olishga majbur bo‘linardi, bu Germaniyaning raqobatbardoshligini «sezilarli darajada yomonlashtiradi», deb tushuntirdi Merkel.

«Bugun, urush bosimi ostida men buni qo‘llab-quvvatlayman, lekin o‘sha paytda bu juda katta siyosiy qaror bo‘lar edi», dedi u.

Merkel Rossiyaning 2014 yilda Qrimni annexia qilganiga global munosabat yetarlicha qattiq bo‘lmaganini tan oldi. Misol tariqasida u Rossiyaning "katta sakkizlik"dan chiqarilishi, NATO qo‘shinlarini Boltiq dengiziga joylashtirishi va alyans a’zolarining mudofaa xarajatlarini yalpi ichki mahsulot 2 foizigacha oshirish bo‘yicha kelishuvlarini keltirdi.

«Ammo biz Rossiyaning agressiyasiga tezroq munosabat bildirishimiz kerak edi», deb xulosa qildi sobiq kansler. Ukrainadagi urushning potensial tugashi haqidagi savolga Angela Merkel bu faqat muzokaralar stolida yakunlanishi mumkinligini aytdi.

Mavzuga oid