O‘zbekiston | 21:56 / 09.12.2022
42010
3 daqiqa o‘qiladi

Viloyat prokurori Prezident administratsiyasidan noqonuniy gazga ulangan zavodni tarmoqdan uzmaslikni so‘ragan

Umrzoqov aholiga berilishi kerak bo‘lgan gazga noqonuniy ulanishlar orqasida kim turgani aniqlanishi va javobgarlikka tortilishini ma’lum qildi.

Foto: Prezident administratsiyasi

Gaz quvurlarida bosim me’yordan pastligi sababli respublika bo‘yicha jami 462 ta mahalladagi qariyb 62 mingta xonadonga tabiiy gaz yetib bormayapti. Bu haqda prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov boshchiligida qishni betalafot o‘tkazish bo‘yicha navbatdagi videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Tadbirda mutasaddilarga energetika tizimidagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar yuklanishi bilan birga oldingi topshiriqlar ijrosi bo‘yicha ham hisobot so‘ralyapti. 

«Ikki kundan buyon hududlarda va mutasaddi vazirliklarda shtablar faoliyati ko‘rsatmoqda. Lekin, amaliy ishlar bilan birgalikda joylarda qator muammo va kamchiliklar hanuz kuzatilmoqda. Gaz quvurlarida bosimning me’yordan pastligi sababli respublika bo‘yicha jami 462 ta mahalladagi qariyb 62 mingta xonadonga tabiiy gaz yetib bormayapti. 

Eng achinarlisi, vaqtinchalik cheklovlar kiritilgan bo‘lishiga qaramay, gazdan noqonuniy foydalanish holatlari uchramoqda. 

Jumladan, birgina Jizzax viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda bir kunda 4 ta korxonada tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan. Shuningdek, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan “BEAUTY GLASS DECOR” shishani qayta ishlash korxonasi 2 dona shisha qayta ishlash pechlarida tabiiy gazdan foydalanib kelmoqda. Kunlik tabiiy gaz iste’moli 7 000 metr kubni tashkil qiladi. 

Bu iste’molchi kuz-qish mavsumida tabiiy gazdan ajratilishi belgilangan bo‘lishiga qaramasdan, “Hududgaz Poytaxt” gaz ta’minoti filiali tomonidan tabiiy gaz yetkazib berilayotgani aniqlandi. 

Bunday holat qolgan barcha hududlarda ham mavjud. Mana, masalan, Olmaliqdagi g‘isht zavod gaz hisoblagichlardagi onlayn modemni uzib, ko‘rsatkichni «nol» qilib qo‘yib, gaz tarmog‘iga noqonuniy ulangan. Eng qizig‘i, ushbu holat aniqlangach, viloyat prokurori Prezident Administratsiyasi mas’ullaridan shu zavodni tarmoqdan uzmaslikni so‘ragan. Prokurorning manfaati bormi bunday noqonuniy ulanishga? 

Bu tashkilotning Angrenda ham zavodi bor ekan. Maxsus komissiya Olmaliqqa kelganini eshitib darrov Angrendagi zavodni yopishibdi. Aniqlangan holatga ko‘ra ularga ham huquqiy baho berilib, jinoiy javobgarlikka tortiladi. Ularning orqasida kim turganigacha aniqlaymiz. 

Hokimmi, prokurormi yoki soliqchimi, kim noqonuniy harakatga til biriktirgan bo‘lsa, javobgarlikka tortiladi», – deb ta’kidladi videoselektor chog‘ida Sardor Umrzoqov. 

Mavzuga oid