O‘zbekiston | 19:07 / 09.12.2022
10007
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Turkmanistondan elektr energiyasi importini oshirdi

Kunlik import 17-18 mln kVt-soatdan 20-21 mln kVt-soatga oshirilgani xabar qilindi. Benzin va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmi ham ko‘paytirilmoqda.

Sovuq harorat fonida gaz va elektr tanqisligi muammosi davom etarkan, O‘zbekiston Turkmanistonning “Turkmanenergo” korporatsiyasidan import amaliyotini sutkalik 17-18 mln kVt-soatdan 20-21 mln kVt-soatga oshirdi.

Bu haqda bugun, 9 dekabr kuni O‘zbekiston Energetika vazirligi ma’lum qildi. Rasmiy axborotda import qaysi sanadan boshlab oshirilganiga aniqlik kiritilmagan.

Vazirlikning boshqa bir xabariga ko‘ra, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida Ai-80 markali benzinning sutkalik ishlab chiqarish hajmi 850 tonnadan 1000 tonnaga, suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmi esa 30 tonnadan 50 tonnaga oshirilmoqda.

Ayni paytda, “O‘zbekneftgaz”ning benzin shoxobchalari tarmog‘i – UNG Petro Toshkentdagi shoxobchalarning ayrimlaridagi 9 dekabr kungi narxlar haqida ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, poytaxtda Ai-80 benzini 6800 so‘mdan 7500 so‘mgacha, Ai-92 9500 so‘mdan 12 500 so‘mgacha, Ai-95 10 500 so‘mdan 14 000 so‘mgacha chakana narxlarda sotilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 7 dekabr kuni Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov o‘tkazgan yig‘ilishda gaz, elektr, ko‘mir va mazut importi bo‘yicha muzokaralarni faollashtirish haqida so‘z borgan edi.

Yig‘ilishda birja sotuvlariga qo‘yilayotgan Ai-80 benzinining kunlik hajmi oshirilishi, bu markali benzin importi va chakana realizatsiyasi aksiz solig‘idan vaqtincha ozod etilishi, birjada Ai-80 benzini savdosiga vositachi kompaniyalarning ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmasligi, suyultirilgan gaz eksporti to‘liq to‘xtatilishi ham ma’lum qilingandi.

Oktyabr oyida, prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga tashrifi chog‘ida yiliga 4 mlrd kVt-soat elektr energiyasi sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolangan edi.

Mavzuga oid