O‘zbekiston | 22:11 / 13.12.2022
39998
5 daqiqa o‘qiladi

Bloger Olimjon Haydarov 21 mln so‘m jarimaga tortildi

Farg‘onalik bloger Olimjon Haydarov mitinglar o‘tkazish tartibini buzish va yolg‘on axborot tarqatishda ayblanib, BHMning 70 baravari miqdorida jarimaga tortildi.

Surat Olimjon Haydarovning Facebook sahifasidan olindi.

Bugun, 13 dekabr kuni Farg‘ona viloyatida, jinoyat ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tuman sudida bloger Olimjon Haydarovga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Olimjon Haydarov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 201-moddasi (yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish) 1-qismi va 202-2-moddasi (yolg‘on axborot tarqatish) 2-qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganlikda ayblandi.

Sud qarori bilan bloger yuqoridagi moddalarda nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, unga bir necha huquqbuzarlik uchun ma’muriy jazo qo‘llash tartibida BHMning 70 baravari – 21 mln so‘m miqdorida jarima jazosi belgilandi.

Kun.uz muxbiri bilan gaplashgan Olimjon Haydarov sud hukmidan norozi ekanini bildirib, yuqori turuvchi sudga appelyatsiya shikoyati berishini ma’lum qildi.

O‘tgan haftalarda havo harorati sovib ketgach, xonadonlar va ijtimoiy obektlarga ustuvorlik berish maqsadida sanoat korxonalari tabiiy gazdan uzilgan edi. Haydarov O‘zbekiston tumanidagi korxonalar gazdan uzilishi oqibatida “10 minglab aholi” ishsiz qolayotgani, ular qatorida bo‘lgan “Albus” gips zavodi ishchilari gaz ulab berilishini so‘rab, ko‘chaga chiqishayotgani haqida 6 dekabr kuni video tarqatgan.

Farg‘ona viloyati IIB 13 dekabr kuni sud hukmi bo‘yicha quyidagicha izohni e’lon qildi.

“Holat yuzasidan o‘tkazilgan surishtiruv ishlari davomida joriy yilning 11 dekabr kuni fuqarolar A.T., D.N., U.T. va O.S.lar ariza bilan murojaat qilib, unda joriy yilning 4-6 dekabr kunlari ular ishlab kelayotgan zavod hududiga o‘zini bloger-jurnalist Olimjon Xaydarov deb tanishtirgan fuqaro kelib, zavod gaz tarmog‘idan uzilganligi sababli, tez orada yopilib faoliyati to‘xtatilishi, oqibatda ishchilar ishsiz va maoshsiz qolishligi haqida aytib, ularga zavodda to‘planib, norozilik namoyishini uyushtirib, bu haqda video murojaat qilishlarini, shundagina zavod qaytib gaz tarmog‘iga ulanishi mumkinligini va bu borada u yordam bera olishini bildirgan.

Bundan tashqari, ish materiallaridan ma’lum bo‘ldiki, O.Haydarov namoyishni qay tarzda videoga olishni o‘rgatganligini, ayrim ishtirokchilar tomonidan yetarli darajada yaxshi gapira olmaganligi, shuning uchun boshqalar gapirishi kerakligini aytib, namoyish qilganlarni agressiv gapirishga undagan, qayta dubllar orqali ushbu namoyishni oldindan rejalashtirishda ishtirok etgan.

Joriy yilning 6 dekabr kuni esa bevosita o‘zi ishtirok etmasa-da, namoyishni tasvirga olish bo‘yicha mutaxassis bilan gaplashib, uning ishlarini tashkillashtirgan hamda tayyor videomateriallarni o‘zining kanali orqali tarqatgan.

Yuqoridagi arizachilar ularni qonun buzishga chorlagan o‘zini Olimjon Xaydarov deb tanishtirgan shaxsga nisbatan qonun doirasida chora ko‘rishni so‘rashgan.

Mazkur holat to‘liq o‘rganilib, fuqarolarning arizasida keltirilgan vajlar va O. Haydarovning harakatlari o‘z tasdig‘ini topgan.

Shuningdek, O. Haydarov tomonidan tarqatilgan matnda boshqa zavodlarda gaz o‘chirilmagani, bu masalaga mansabdor shaxslarning aloqasi borligi vaj keltirib, haqiqatga mos bo‘lmagan yolg‘on axborot ham tarqatilgan. Jumladan, «Sho‘rsuv» hududidagi "Knauf" korxonasining tabiiy gazi uzilmaganligi aytib o‘tilgan, buning sababi sifatida uni rahnamolikka olinganligi yuzasidan asossiz xabarlar tarqatgan, lekin haqiqatda “Knauf” korxonasi joriy yilning 29 noyabr kunidan boshlab tabiiy gaz olmayotganligini gaz korxonalari tasdiqlagan. Ushbu harakati orqali jamoat tartibiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatgan”, – deyiladi IIB axborotida.

IIBning avvalroq e’lon qilgan bayonotida ham, “Hududgaz Farg‘ona”ning rasmiy munosabatida “Albus” zavodi gazdan uzilganidan keyin o‘zboshimchalik bilan qayta ulanib olgani aytilgan. Buning uchun zavod mansabdorlariga chora ko‘rilgani yoki yo‘qligi ochiqlanmadi.

Mavzuga oid