Jahon | 21:10 / 13.12.2022
13057
3 daqiqa o‘qiladi

Roskomnadzor Qozog‘iston saytlariga tahdid qildi 

Rossiya davlat idorasi xorij saytidan Ukrainadagi urush bo‘yicha xabarlarni olib tashlashni talab qildi. 

Foto: Getty Images

Rossiyaning Roskomnadzor (RKN) tashkiloti Qozog‘istonning «Vlast» saytidan Ukrainadagi urush haqidagi xabarlarni olib tashlashni talab qildi. Aks holda sayt bloklanishi bilan tahdid qildi. 

Jumladan, RKN Rossiya harbiylari tomonidan Ukrainaning Vinnitsa shahri o‘qqa tutilgani, buning oqibatida 20 dan ortiq odam halok bo‘lgani haqidagi xabarni, shuningdek, annexia qilingan Mariupolning 22 ming tinch aholisi halok bo‘lgani haqidagi xabarni olib tashlashni talab etgan. 

Nashr bosh muharriri Vyacheslav Abramov Rossiya federal xizmati talablarini bajarish niyatida emasligini aytdi. «Vlast» Qozog‘istonga tegishli sayt bo‘lib, uning faoliyati Rossiya qonunlari va idoralari tomonidan tartibga solinmaydi. Tahririyat «harbiy senzura uchun mas’ul» bo‘lgan xorijiy idoraning talabi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, Ukrainadagi urushni yoritishni davom ettirishga va’da berdi. 

«Biz o‘quvchilarning katta qismini yo‘qotamiz deb o‘ylamaymiz, chunki bizda rossiyaliklar ko‘pi bilan 5-10 foizni tashkil qiladi. Rossiya barcha darajadagi senzura bilan band va o‘z mamlakatidagi resurslar bilan xuddi shu tarzda ishlaydi. Roskomnadzorning talabi bizni xavotirga solmaydi va ishimizga jiddiy ta’sir qilmaydi», dedi Abramov. 

Avgust oyida Qozog‘istonning Ratel sayti ham Roskomnadzor talabiga ko‘ra Ukrainadagi urush haqidagi materialni o‘chirishdan bosh tortgan edi. Keyin RKN resursni bloklash bilan tahdid qildi, qozog‘istonlik jurnalistlar esa mamlakat Tashqi ishlar vazirligidan yordam so‘rashdi. 

RKN muntazam ravishda Rossiya va xorijiy OAV va saytlardan Rossiya hukumati uchun nomaqbul xabarlarni, shu jumladan 24 fevraldan beri Ukrainadagi urushga oid ma’lumotlarni olib tashlashni talab qiladi. Aprel oyida Roskomnadzor rus tilidagi Vikipediyaga Rossiya prezidenti Vladimir Putin haqidagi maqoladan ikki bo‘lim – «Ukraina bilan aloqalar (2012 – hozir)» va «Ukrainaga bosqindan keyin (2022)»ni olib tashlashni talab qilib, ikkita bildirishnoma yubordi. Ikkinchisida, boshqa narsalar qatorida, «Gitler bilan tarixiy o‘xshashliklar» bo‘limi mavjud bo‘lib, unda Putinning Ukraina urushidagi harakatlari Germaniya diktatorining Ikkinchi Jahon urushi davridagi harakatlari bilan taqqoslanadi. Vikipediya RKN talabini rad etgach, Moskvaning Taganskiy tumani Vikipediya boshqaruvchi direktorini 2 million rubl miqdorida jarimaga tortgan edi. 

Mavzuga oid