Yevropa Ittifoqi shu hafta to‘qqizinchi sanksiyalar paketini kelishib olish niyatida
Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari Rossiyadagi 200 nafar shaxs va korxonaga qarshi yangi shaxsiy sanksiyalarni qo‘llab-quvvatladi. Bryussel yaqin kunlarda to‘qqizinchi sanksiya paketining tarmoq qismi bo‘yicha kelishib olishga umid qilmoqda.
12 dekabr, dushanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlarining 2022 yildagi so‘nggi uchrashuvi muhiti Belgiya poytaxti ko‘chalarida allaqachon hukm surayotgan bayramona kayfiyatdan yiroq edi. Vazirlar global xavfsizlikka jiddiy ta’sir ko‘rsatadigan muhim masalalar: Rossiya va Eronga qarshi yangi sanksiyalar, shuningdek, Ukrainaga moliyaviy va harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha umumiy pozitsiyani topishi kerak.
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrel dushanba kuni ertalab vazirlar yig‘ilishi oldidan Yevropa Kengashi binosiga kelganida jurnalistlarga: «Bu uzoq va qiyin uchrashuv bo‘ladi», dedi. Yevropa bosh diplomatining pessimizmi sabablaridan biri Rossiyaga qarshi to‘qqizinchi sanksiyalar paketi bo‘yicha qarorni kelishib olish bo‘ldi. Bir necha kun oldin Yevropa komissiyasi Rossiyaga qarshi yangi qator cheklovlarni joriy etish taklifini ilgari surdi. Ammo, Borrel ta’kidlaganidek, «bizning takliflarimiz - hali yechim emas», hal qiluvchi so‘z 15 dekabr kuni Bryusselda davlat va hukumat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvi bo‘lib o‘tadigan Yevropa kengashi tomonidan aytiladi.
Yangi sanksiyalar paketi doirasida Yevrokomissiya ikki maqsadli mahsulotlarga, xususan, ikki tomonlama maqsadlarda ishlatilishi mumkin bo‘lgan ayrim kimyoviy komponentlar, asab-paralitik moddalar, elektronika va dasturiy ta’minotga qo‘shimcha eksport cheklovlarini kiritishni taklif qildi. Bundan tashqari, Rossiyaning dronlarni sotib olish imkoniyatini sezilarli darajada murakkablashtirish taklif qilinmoqda.
Jozep Borrel yakuniy matbuot anjumanida aytganidek, vazirlar «Putin Ukrainaga hujum qilishda davom etayotgan shafqatsizlikning so‘nggi kuchayishiga» javob sifatida kiritilishi taklif etilayotgan sanksiyalar paketining ushbu bandlari bo‘yicha kelisha olmadi. «Ammo men umid qilamanki, biz shu hafta ichida yangi qattiq sanksiyalar bo‘yicha kelishib olamiz», deb ishontirdi yevropalik diplomat.
Yevropa Ittifoqining qaysi davlati sanksiyalarga to‘sqinlik qilmoqda degan savolga javob berar ekan, u qarshi chiqqanlarni aytmasligini ta’kidladi. «Bizda 100 foiz kelishuv yo‘q. Gap bitta davlat haqida emas, garchi siz qaysi davlatni nazarda tutayotganingizni bilsam ham», — dedi diplomat Vengriya Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar qo‘llanilishiga ochiqchasiga qarshi ekaniga ishora qilib. Borrelning tushuntirishicha, umumiy yechim topishdan maqsad, «sanksiyalar nojo‘ya ta’sir ko‘rsatmasligi uchun qanday istisnolarni amalga oshirish» va shunga qaramay, ular o‘z kuchini saqlab qolish borasida kelishib olishdir.
Yangi paketga kiritilgan Rossiyaning jismoniy va yuridik shaxslariga nisbatan shaxsiy sanksiyalar bo‘yicha vazirlar umumiy til topgan ko‘rinadi. Borrelning so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalar ro‘yxatiga Rossiyaning 200 ga yaqin jismoniy shaxslari va korxonalari kiritilgan. Ular orasida Rossiya hukumati, Davlat Dumasi, Federatsiyalar Kengashi a’zolari va sud hokimiyati vakillari bor.
«Biz bu sanksiyalarni Ukraina g‘allasini o‘g‘irlagan, Ukraina fuqarolarini, xususan, bolalarni deportatsiya qilishda ishtirok etganlarga qarshi yo‘naltirdik», — dedi Borrel. Shuningdek, u «erkin matbuot vakili bo‘lmagan, balki dezinformatsiyani tizimli manipulyatsiya qilish bilan jamoat maydonini zaharlaydigan OAV tashkilotlariga» nisbatan sanksiyalar qo‘llanilishini qo‘shimcha qildi. «Biz sanksiyalar ishlayotganini, Rossiyada qurol ishlab chiqarishga to‘sqinlik qilganini bilamiz va bizning sanksiyalarimiz tufayli Putin Ukrainada o‘z maqsadlariga erisha olmadi», — dedi Borrel.
Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishining Ukrainani qo‘llab-quvvatlagan yana bir qarori Yevropa tinchlik jamg‘armasini oshirish qarori bo‘ldi. Borrelning so‘zlariga ko‘ra, vazirlar jamg‘armani ikki milliard yevro bilan to‘ldirishga kelishib oldilar, kelajakda uni yana 3,5 milliard yevroga oshirish mumkin. Yevropa tinchlik jamg‘armasi tufayli Yevropa Ittifoqi allaqachon Ukraina armiyasini umumiy qiymati 3,1 milliard yevroga teng oltita yordam paketi bilan qo‘llab-quvvatlagan.
Yevropa Ittifoqi vazirlari yig‘ilishiga ularning ukrainalik hamkasbi Dmitriy Kuleba ham video-aloqa orqali qo‘shildi va Rossiyaning Odessa viloyati infratuzilmasiga oxirgi raketa hujumi haqida gapirdi. «Hozir Odessada nol daraja sovuq. Putin ukrainaliklarni muzlatib qo‘ymoqchi, millionlab odamlarni ataylab yorug‘lik, suv va issiqlikdan mahrum qilmoqda. Buni insoniyatga qarshi jinoyat deyish mumkin», - deydi Borrel. U, shuningdek, vazirlar Kulebaga Ukrainaga moliyaviy va harbiy yordam ko‘rsatishni davom ettirishga va’da berishgan.
Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan beri deyarli o‘n oy ichida birinchi marta "Sharqiy hamkorlik"ning olti davlati – Ozarboyjon, Armaniston, Gruziya, Ukraina va Moldovadan besh nafar hamkasbi bilan uchrashdi. Ushbu tashabbusning a’zosi bo‘lgan Belarus unda ishtirok etishni to‘xtatdi.
Aftidan, Bryussel nihoyat "Sharqiy hamkorlik" doirasidagi hamkorlikni geosiyosiy voqelikka moslashtirishga qaror qildi. Borrelning aytishicha, uchrashuv davomida Rossiya tajovuzining ushbu dasturda ishtirok etayotgan har bir davlat uchun oqibatlari va ularning yangi xavfsizlik tahdidlariga qarshiligini kuchaytirish yo‘llari muhokama qilingan. «Biz "Sharqiy hamkorlik"ni sheriklarimizning strategik ehtiyojlarini qondirish uchun qanday qilib yanada moslashuvchan qilish haqida gaplashdik, ulardan ikkitasi – Moldova va Ukraina allaqachon Yevropa Ittifoqiga nomzod maqomini olgan», — dedi Borrel.
Mavzuga oid
11:54
Britaniya RFga qurol yetkazib bergani uchun Eronga qarshi sanksiyalar kiritdi
10:05 / 17.11.2024
Trampning qaytishi: Ukraina masalasida AQSh va Yevropaning pozitsiyasi bo‘linadimi?
20:17 / 16.11.2024
Sanksiyalar Rossiyaning yirik gaz loyihasini cho‘ktirib yubormoqda - OAV
10:05 / 16.11.2024