AQSh ilk bor to‘liq jangovar gipertovushli raketani sinovdan o‘tkazdi. Bu qanday qurol?
AQSh birinchi marta havodan uchiriluvchi gipertovushli raketaning to‘liq jangovar prototipini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi. Shunga o‘xshash qurollar allaqachon Rossiya va Xitoyda ham ishlab chiqilmoqda. Gipertovushli raketalar o‘zi qanday qurollar va ularni ishlab chiqish dasturlari turli mamlakatlarda qanday farqlanadi?
AQShning gipertovushli raketasi sinovi 9 dekabr kuni Kaliforniya janubidagi Tinch okeani qirg‘oqlarida bo‘lib o‘tdi. U Edvards havo kuchlari bazasida joylashgan 412-sinov aviaqanoti tomonidan amalga oshirildi.
Sinovda gipertovushli AGM-183A ARRW (Air-Launched Rapid Response Weapon — havodan uchiriluvchi tezkor javob quroli) raketasi B-52H Stratofortress bombardimonchi samolyotidan uchirildi.
Sinov parvozi davomida gipertovushli raketa tovush tezligidan besh baravar ko‘proq tezlikka erishdi va parvoz rejasini to‘liq bajarib, o‘zini-o‘zi yo‘q qildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, sinov to‘liq muvaffaqiyatli o‘tdi.
Biroq Pentagon bu raketalar hujumkor qurol-yarog‘ arsenalida qaysi o‘rinni egallashi va qanday tahdidlarga qarshi ishlatilishi mumkinligi bo‘yicha hali bir qarorga kelmagan.
Gipertovush poygasi
Gipertovushli qurol dasturi turli mamlakatlarda, jumladan, AQSh, Rossiya va Xitoyda ishlab chiqilmoqda.
Taxminlarga ko‘ra, Rossiya va Xitoy 2010-yillardayoq o‘z dasturlari bo‘yicha AQShni ortda qoldirgan va endi Vashington bu farqni yo‘q qilish uchun ushbu sohaga katta sarmoya kiritmoqda. Ayni paytda AQShda gipertovushli qurollarni yaratish bo‘yicha bir necha dastur ishlab chiqilmoqda.
«Uzoq masofali gipertovushli qurollar» (Long-Range Hypersonic Weapon – LRWH)) dasturi gipertovushli planer yaratishni nazarda tutadi. Qurol Lockheed Martin kompaniyasi tomonidan AQSh armiyasi va dengiz floti uchun tayyorlanmoqda. 2023 yil oxiriga qadar bir qator sinovlarni o‘tkazish rejalashtirilgan.
Pentagonning Ilg‘or tadqiqot loyihalari agentligida (DARPA) ishlab chiqilayotgan yana bir loyiha «Gipertovushli havo-reaktiv quroli konsepsiyasi» (Hypersonic Air-breathing Weapon Concept – HAWC) deb nomlanadi. U to‘g‘ridan to‘g‘ri havo-reaktiv dvigateliga ega qanotli raketani yaratishni nazarda tutadi. Bu havodan uchiriluvchi nisbatan kichikroq raketa bo‘ladi.
Yana bir loyiha «Gipertovushli zarbdor qanotli raketa» (Hypersonic Attack Cruise Missile – HACM) deb ataladi va Raytheon Technologies tomonidan AQSh harbiy-havo kuchlari uchun ishlab chiqilmoqda. Loyiha tafsilotlari hali oshkor etilmagan, ammo u ham samolyotdan uchiriladigan raketa bo‘lishi rejalashtirilgan.
AQShda tayyorgarlikning dastlabki bosqichida bo‘lgan yana bir qancha gipertovush dasturlari mavjud. Bular harbiy-dengiz kuchlari tomonidan ishlab chiqilayotgan Conventional Prompt Strike va Hypersonic Air-Launched OASuW, Ilg‘or tadqiqot loyihalari agentligining Tactical Boost Glide va Operational Fires dasturlaridir.
Rossiyada uchta gipertovushli qurol dasturi ishlab chiqilyapti. Ular orasida qit’alararo ballistik raketa bilan uchiriluvchi «Avangard» strategik quroli, dengizda ishlatiluvchi «Tsirkon» raketasi va «Kinjal» havo raketasi mavjud.
Ochiq manbalarda ushbu dasturlarning haqiqiy holati haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Rossiya uchala kompleks ham tayyor holatda ekani va hatto harbiy xizmatga kirganini e’lon qilgan.
Xitoyda ham gipertovushli qurol dasturlari mavjud va ulardan eng diqqatga sazovori DF-17. Ushbu qurol qattiq yoqilg‘ili raketa yordamida tezlik oladi.
2021 yil oktyabr oyida bu qurolning sinovdan o‘tkazilishi amerikaliklarni juda qattiq xavotirga soldi. O‘shanda AQSh shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi, general Mark Milli bu voqeani SSSR kosmik dasturining birinchi muhim muvaffaqiyati bo‘lgan sun’iy yo‘ldoshning uchirilishiga qiyosladi.
Garchi bu dasturlarning barchasi gipertovushli tezlik bilan bog‘liq bo‘lsa-da, ular vazifalari va texnik xususiyatlariga ko‘ra bir-biridan jiddiy farq qiladi.
Gipertovushli qurol o‘zi nima?
Gipertovushli qurol — bu havoda 5 Max’dan yuqori tezlikda harakatlana oladigan uchuvchi qurilmadir.
«Max raqami» odatda tovush tezligi bilan taqqoslanadi, chunki u haqiqatan ham unga bog‘langan, ammo muhim istisno bilan: max tovushning bir xil sharoitlarda va harakat sodir bo‘lgan bir xil muhitda tarqalish tezligini anglatadi.
Shuning uchun, max sonini hisoblashda muhitning zichligi juda katta rol o‘ynaydi: zichlik qanchalik past bo‘lsa, max parvoz tezligi shunchalik yuqori bo‘ladi.
Gipertovushli qurollarning ikkita asosiy turi mavjud bo‘lib, ularni shartli ravishda «raketalar» va «planerlar» deb atash mumkin. Bundan tashqari, ballistik raketalarning jangovar kallaklari ham yerga tushish vaqtida gipertovush tezligiga erishishga qodir, ammo ular gipertovushli qurollar qatoriga kirmaydi.
Gipertovushli raketalar dvigatel ishlashi hisobiga uchadi va ulardagi ko‘tarish kuchi korpus yoki qanotning aerodinamik shakli bilan paydo bo‘ladi. Bunday raketalar odatda juda katta balandlikda, stratosfera qatlamining chegarasida uchadi. Chunki kam tarkibli havoda (atmosferaning yuqori qismi, bu yerdagi havo tarkibida zichlik o‘ta past va turli moddalar juda kam, shu sabab bu qatlam kam tarkibli havo deb ataladi) 5 max’dan yuqori tezlikdagi gipertovush tezligiga erishish osonroq.
Gipertovushli planer deb esa ballistik raketa kabi uchiriladigan, yetarli balandlikka chiqqach, rejalashtirilgan (planlashtirilgan) nishonga qarab tovush tezligidan besh baravar yoki yanada ko‘proq tezlikda harakatlanadigan qurilmaga aytiladi.
Gipertovushli raketa yoki planerning odatdagi qurollardan ustunligi shundaki, bunday nishonni ushlab qolish qiyin, ayniqsa u manyovrlar qilsa. Bunday holda ushlab qoluvchi tizimning o‘zi nishondan ham kattaroq kuchlar bilan manyovr qilishi kerak.
Turli yondashuvlar
Rossiya, Xitoy va AQShda ishlab chiqilayotgan gipertovush dasturlari konseptual jihatdan bir-biridan farq qiladi.
Birinchidan, gap juda katta farqqa ega qurollar haqida ketmoqda. Masalan, Rossiyaning «Avangard» va Amerikaning LRWH raketasi uzoq masofali strategik qurollar hisoblanadi. Ular o‘ta yuqori tezlikka erishadigan planer bloklari. Rossiyaliklarning aytishicha, ularning planer bloki 20 max tezlikdan ham yuqoriroq tezlikda harakatlanishi mumkin.
LRWH planerining tezligi haqida aniq ma’lumotlar yo‘q, ammo uning tezligi ham rossiyalik turdoshinikiga mutanosib bo‘lishi mumkin. Strategik qurollar bo‘lgan bu ikki planerning uchish masofasi qit’alararo raketalarnikiga mos keladi.
Kaliforniya qirg‘oqlarida sinovdan o‘tkazilgan AGM-183 ARRW esa tezkor-taktik masofali quroldir. Qurol 5 max’dan yuqori tezlikka erisha oladi, ammo aniq raqamlar noma’lum. AQSh Kongressi tadqiqot xizmati hisobotida aytilishicha, uning o‘rtacha tezligi 6,5 va 8 max oralig‘ida bo‘ladi. Bu xuddi shu tezlikka ega ekani aytilgan Rossiyaning «Tsirkon» raketasi parametrlari bilan o‘xshash.
Yuqoridagi hisobotda «Tsirkon»ning uchish masofasi taxminan 1000 kilometrni tashkil etishi, ARRW esa 1600 kilometrga ucha olishi aytilgan. Shu bilan birga, «Tsirkon» hozircha faqat dengizda foydalaniladigan raketa bo‘lib, ARRW sinov paytida samolyotdan uchirilgan, shuning uchun AQSh loyihasi konseptual jihatdan Rossiyaning «Kinjal»iga yaqinroq.
AQSh Kongressi tadqiqot xizmati hisobotida «Kinjal»ning tezligi 10 max, uchish masofasi esa deyarli 2000 kilometrni tashkil qilishi aytiladi. To‘g‘ri, bu masofaga raketani tashuvchi «Mig-31» samolyoti uchish masofasi qo‘shilgani yoki yo‘qligi aniqlashtirilmagan.
Xitoyning gipertovushli raketasi haqida juda kam narsa ma’lum. Hisobotda uning uchish masofasi taxminan 1600-2400 kilometrni tashkil qilishi aytilgan.
Gipertovushli qurollar uchun masofa juda muhim rol o‘ynaydi. 5 max’dan ko‘proq tezlikda harakatlanayotgan raketani urib tushirish, eng kamida, juda qiyin, amalda esa — imkonsiz. Shu sabab bunday raketa tashuvchisi avtomatik ravishda eng muhim nishonga aylanadi.
Shu sabab raketaning uchish masofasi 1000 kilometr bo‘lishi, uning tashuvchisi raketani uchirish paytida dushman qiruvchi samolyotlarining harakat zonasida bo‘lishi mumkinligini anglatadi. Qancha ko‘proq masofa bo‘lsa, uchirish shunchalik xavfsiz bo‘ladi.
Taxminlarga ko‘ra, Rossiya Ukrainadagi urushda «Kinjal» raketasini qo‘llagan. 18 mart kuni Rossiya gipertovushli qurolni Ivano-Frankovskdagi Ukraina armiyasining o‘q-dorilar omboriga qarshi muvaffaqiyatli qo‘llangani haqida e’lon qildi.
To‘g‘ri, Rossiya mudofaa vazirligi tomonidan e’lon qilingan zarba videoyozuvi xabarning haqiqiyligiga shubha tug‘diradi.
AQShga bu qurol nimaga kerak?
AQSh gipertovushli raketalar va planerlarni yadroviy bo‘lmagan qurol deb hisoblaydi, Rossiya va Xitoyda esa ular nafaqat oddiy qurol, balki yadroviy kallaklarning potensial tashuvchisi sifatida ham ko‘riladi.
Bu muhim holat, chunki bu yadroviy bo‘lmagan qurollarga qo‘shimcha aniqlik talablarini ham yuklaydi. Karnegi jamg‘armasining yadro qurollari bo‘yicha eksperti Jyeyms Aktonning so‘zlariga ko‘ra, AQShning gipertovushli texnologiyalarni yaratishga yondashuvi ancha murakkab va talabchan, bu gipertovushli dasturlarning ishga tushirilishi nega ortga surilayotgani sababini oydinlashtiradi.
AQSh harbiylari hali ham gipertovushli qurollardan foydalanish imkoniyatlarini baholamoqda.
Iyul oyida harbiy havo kuchlari vazirining xaridlar, texnologiya va logistika bo‘yicha yordamchisi Endryu Hanter jurnalistlarga ARRW dasturining kelajagi faqatgina tizim qanchalik yaxshi ishlashiga bog‘liq emasligini aytdi.
Uning bo‘limi kelajakdagi tahdidlarga qarshi turish uchun qanday qurollar kerakligi va gipertovushli qurollar bunga qanchalik mos kelishini o‘rganmoqda.
«Shubhasiz, siz ishlamaydigan narsani sotib olmaysiz. Lekin yaxshi ishlagan taqdirda ham, u eng muhim nishonlarga nisbatan ishlatiluvchi qurollar to‘plamiga to‘g‘ri kiritilishi kerak. Qaror qabul qilishning asosida aynan shu maqsad yotibdi», deydi Hanter.
Jyeyms Ekton ham bu haqda 2018 yildayoq yozgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarda gipertovushli tizimlar yaratish tashabbuskorlari, ushbu texnologiya qanchalik yaxshi ishlashini sinab ko‘rishni istagan muhandislar bo‘lgan.
«Shunday ekan, mudofaa vazirligining birinchi navbatdagi vazifasi bunday qurollar qanday vazifalarda ishlatilishini aniqlashtirishdir. Shundan keyingina biz bu vazifalarga erishishning qaysi yo‘li iqtisodiy jihatdan eng foydali bo‘lishini, gipertovushli qurollardan foydalanish kerakligi yoki uni boshqa muqobil variantga almashtirish lozimligi haqida muhokama olib borishimiz mumkin», deydi ekspert.
Ushbu fikrlar aytilganiga besh yildan ko‘proq vaqt bo‘ldi va Endryu Hanterning so‘zlari bunday mulohazalar hali ham dolzarbligini ko‘rsatadi. Bu vaqt ichida dunyo ancha o‘zgardi va ARRW’ning sinovdan o‘tkazilishi Pentagonning gipertovushli qurollarga bo‘lgan qiziqishi hali ham yo‘qolmaganini anglatadi.
Mavzuga oid
16:59 / 18.11.2024
AQShdan Xitoygacha 40 daqiqada: Ilon Mask samolyotlarni raketalarga almashtirmoqchi
13:22 / 13.11.2024
Pentagon hujjatlarini oshkor etishda ayblangan shaxs 15 yilga qamaldi
07:56 / 13.11.2024
Pentagon Ukrainaga yordam uchun qolgan pul miqdorini e’lon qildi
20:42 / 09.11.2024