O‘zbekiston | 14:52 / 18.12.2022
13700
9 daqiqa o‘qiladi

4 kun davom etgan Intellektual olimpiada yakunlandi. G‘oliblar chet elda stajirovka o‘taydi

Olimpiada sovrin jamg‘armasi salkam 5,5 mlrd so‘m bo‘lib, unda g‘olib talabalarga beriladigan pul mukofotlaridan tashqari, Oliy ta’lim muassasasi jamoalariga prezident sovg‘alari topshirildi.

17 dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston tarixida ilk marta «Zakovat» Intellektual olimpiadasi yakunlandi. Olimpiada prezidentning 2022 yil 20 yanvarda qabul qilingan PQ-96-sonli «Zakovat» intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida tashkil etildi. Olimpiadaning sovrin jamg‘armasi salkam 5,5 mlrd so‘m bo‘lib, unda g‘olib talabalarga beriladigan pul mukofotlaridan tashqari, umumjamoa hisobida 1, 2 va 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan Oliy ta’lim muassasasi jamoalariga prezident sovg‘alari topshirildi.

Ushbu keng ko‘lamli tadbir Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, «Zakovat intellektual klubi» nodavlat notijorat tashkiloti, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etildi.

Intellektual olimpiada saralash va respublika bosqichlarida o‘tkazildi. Tanlovning hududiy saralash bosqichi 9 dekabr kuni bo‘lib o‘tdi. Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarda saralash o‘yinlari bo‘lib o‘tdi, ularda 123 ta oliy ta’lim muassasasidan 860 dan ortiq talabalar ishtirok etdi. Barcha hududlardagi o‘yinlar yakuni bo‘yicha eng yaxshi natijani ko‘rsatgan 50 jamoa Intellektual olimpiadaning respublika bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.

Olimpiadaning respublika bosqichi shu yilning 14-17 dekabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar 6 ta intellektual yo‘nalishda bellashdi, bular:

- «Zakovat» o‘yinining sportcha versiyasi;

- Breyn-ring;

- Shaxsiy o‘yin;

- Erudit-kvartet;

- Shaxmat;

- Shashka.

Har bir jamoa 12 nafar a’zodan iborat bo‘ldi.

G‘oliblarni taqdirlash va birinchi Intellektual olimpiadaning yopilish marosimi poytaxtdagi Yoshlar uchun sport, madaniy-ma’rifiy va intellektual o‘yinlarini o‘tkazish kompleksida bo‘lib o‘tdi.

Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati sektori mudiri Saida Mirziyoyeva yig‘ilganlarga nutq bilan murojaat qildi.

«Olimpiadaning final bosqichiga chiqqan har bir intellektual (ziyoli)ning ortida uning ustozining mehnati yotadi. Lekin afsuski, bugun, siz kabi eng bilimli yoshlar turli sohalarda ishlashga intilishmoqda va kamdan kam inson o‘qituvchi bo‘lishga qaror qiladi. Mening orzuim – jamiyatimizda o‘qituvchilikni eng aqlli insonlar intiladigan kasbga aylantirish», dedi u.

Intellektual olimpiadaning yopilish marosimi doirasida «Breyn-ring»ning final o‘yini bo‘lib o‘tdi.

Unda birinchi o‘rin uchun Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Andijon davlat universiteti jamoalari bellashdi.

Bu aqllar janggiga aylandi. Bu safar g‘alaba Andijon davlat universiteti talabalariga nasib qildi va bu jamoa 100 mln so‘mni qo‘lga kiritdi, ularning raqiblari esa, 60 mln so‘m yutib oldi.

Olimpiada yakunida 6 ta yo‘nalishdagi natijalar asosida umumjamoa hisobda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan oliy ta’lim muassasalari jamoalariga O‘zbekiston Prezidentining maxsus sovg‘alari topshirildi.

Ularga sertifikatlarni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Komil Allamjonov topshirdi.

I o‘rin — Qarshi davlat universiteti. Prezident sovrini – Universitetning zamonaviy kutubxonasini qurish va jihozlash;

II o‘rin —Toshkent tibbiyot akademiyasi. Prezident sovrini – 100 ta monoblok;

III o‘rin — Toshkent davlat pedagogika universiteti. Prezident sovrini – 100 ta noutbuk.

O‘z talabalarini qo‘llab-quvvatlash uchun o‘yinga shaxsan tashrif buyurgan oliy ta’lim muassasalari rektorlari ham jamoalarning quvonchiga sherik bo‘lishdi.

Shu bilan birga, prezident qarori bilan Intellektual olimpiada g‘olib va sovrindorlariga quyidagi imkoniyatlar ham beriladi:

-        Intellektual olimpiada g‘olib va sovrindorlari bo‘lgan talabalar chet elda malaka oshirish, stajirovka o‘tash yoki magistratura va PhD dasturlari bo‘yicha ta’lim olishga yuboriladi;

-        Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Intellektual olimpiada g‘olib va sovrindorlarini o‘z mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar zaxirasiga oladi.

Komil Allamjonov «Zakovat» o‘yining sportcha versiyasi chempionlariga ham sovg‘alarni topshirdi.

6 ta yo‘nalish bo‘yicha g‘olib va sovrindorlarni quyidagilar taqdirlashdi:

- «Breyn-ring» bo‘yicha — O‘zbekiston prezidenti maslahatchisi Odil Abdurahmanov;

- Shashka bo‘yicha — Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov;

- «Erudit-kvartet» bo‘yicha — Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Nozima Davletova;

- «Shaxsiy o‘yin» bo‘yicha — «Zakovat» intellektual harakati prezidenti Abdurasul Abdullayev;

- Shaxmat bo‘yicha — O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev.

Yopilish marosimi doirasida aql, intellekt va ta’lim madhiyasiga aylangan rang-barang shou dasturlar namoyish etildi

Ma’lumot uchun:

Intellektual olimpiadaning mutlaq g‘oliblari 6 ta yo‘nalish bo‘yicha to‘plangan ochkolarga qarab aniqlandi.

JAMOAVIY MUSOBAQALAR:

«Zakovat» o‘yinining sportcha versiyasi bo‘yicha g‘oliblar:

1-o‘rin — Toshkent tibbiyot akademiyasi (100 mln so‘m);

2-o‘rin — O‘zbekiston milliy universiteti (60 mln so‘m);

3-o‘rin — Qarshi davlat universiteti (40 mln so‘m).

«Erudit-kvartet» bo‘yicha g‘oliblar:

1- o‘rin — Namangan davlat universiteti (100 mln so‘m);

2- o‘rin — Qarshi muhandislik-iqtisodiyot universiteti (60 mln so‘m);

3-o‘rin — Buxoro davlat tibbiyot instituti (40 mln so‘m).

«Breyn-ring» bo‘yicha g‘oliblar:

1-o‘rin — Andijon davlat universiteti (100 mln so‘m);

2-o‘rin — Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (60 mln so‘m);

3-o‘rin — Toshkent pediatriya tibbiyot instituti (40 mln so‘m).

INDIVIDUAL MUSOBAQALAR:

«Shaxsiy o‘yin» bo‘yicha g‘oliblar:

1-o‘rin — O‘rozboy Qudratov, Jizzax davlat pedagogika universiteti.

(30 mln so‘m);

2-o‘rin — Jahongir Temirov, Chirchiq davlat pedagogika universiteti (20 mln so‘m);

3-o‘rin — Davronbek Ashurov, Qarshi davlat universiteti (10 mln so‘m).

Shaxmat bo‘yicha g‘oliblar:

Qizlar o‘rtasida:

1-o‘rin — Sitora Saparova, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (30 mln so‘m);

2-o‘rin — Robiyaxon Sardorova, Namangan davlat universiteti (20 mln so‘m);

3-o‘rin — Kamola Nurmatova, Jizzax davlat pedagogika universiteti (10 mln so‘m).

Yigitlar o‘rtasida:

1-o‘rin — Nodirbek Yoqubboyev, O‘zbekiston milliy universiteti (30 mln so‘m);

2-o‘rin — Asilbek Sobirov, Farg‘ona davlat universiteti (20 mln so‘m);

3-o‘rin — Sardor Boltayev, Toshkent tibbiyot akademiyasi (10 mln so‘m).

Shashka bo‘yicha g‘oliblar:

Qizlar o‘rtasida:

1-o‘rin — Zamira Usmonova, Samarqand davlat universiteti (30 mln so‘m);

2-o‘rin — Xumora Xoliqberdiyeva, Guliston davlat universiteti (20 mln so‘m);

3-o‘rin — Zarnigor Omonova, Qarshi davlat universiteti (10 mln so‘m).

Yigitlar o‘rtasida:

1-o‘rin — Jahongir Abdullayev, Guliston davlat universiteti (30 mln so‘m);

2-o‘rin — Abdurahmon Akramov, Toshkent davlat pedagogika universiteti (20 mln so‘m);

3-o‘rin — Fayzulla Mardiyev, Samarqand davlat universiteti (10 mln so‘m).

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid