Jahon | 20:09 / 19.12.2022
10088
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Erondan 250 dona Shohid-136 dronlarini oldi - Zelenskiy

Ulardan Ukraina energetika tizimiga zarba berishda foydalanilmoqda. 

Foto: Videodan kadr

Rossiya Erondan 250 ta «Shohid-136» kamikadze dronlarini oldi, ular Ukrainaga hujumlar paytida «Geran-2» nomi bilan uchirilmoqda. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Britaniyaning Birlashgan qirollik ekspeditsiya kuchlari (JEF) yetakchilari yig‘ilishida aytib o‘tdi.

Prezident 19 dekabrga o‘tar kechasi Ukraina yana «shohidlar» tomonidan hujumga uchraganini eslatdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bular yangi partiyadagi dronlar, Rossiya Erondan jami 250 donani olgan. Shuningdek, u Rossiya energetika tizimiga hujum qilish uchun raketalar va Eron dronlaridan foydalanayotganini qo‘shimcha qildi. Yaqinda amalga oshirilgan zarbalar 20 milliondan ortiq ukrainalikka ta’sir qildi, dedi Zelenskiy.

«Milliondan ortiq aholiga ega shaharlar va Ukrainaning aksariyat viloyatlari elektr energiyasiz qoldi. Umuman olganda, 16 dekabr oqshomida 22 million 408 ming ukrainalik elektr ta’minotidan uzildi. 10 milliondan ortiq odam suv va issiqlik ta’minotidan mahrum bo‘ldi. Ushbu terrorning ko‘lamini tasavvur qiling. Va buni to‘xtatish mumkinligini tasavvur qiling».

Prezident so‘zlariga ko‘ra, endi urush qachon va qanday yakunlanishi ko‘p jihatdan boshqa davlat rahbarlariga bog‘liq. U Ukraina osmonini himoya qilish va Rossiyani «Ukrainani terror qilish» imkoniyatidan mahrum etish uchun mamlakatlarni Kiyevni qurol-yarog‘ va havo hujumidan mudofaa bilan ta’minlashga chaqirdi.

Mavzuga oid