Jamiyat | 20:20 / 19.12.2022
17835
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda qizil chiroqda harakatlangan Damas odam o‘limiga sabab bo‘ldi (video)

Damas ikkita mashina bilan to‘qnashgan va oqibatda Lada mashinasi haydovchisi halok bo‘lgan.

Samarqand viloyati Urgut shahridagi Mergancha mahallasida qizil chiroqda harakatlangan Damas sodir etgan YTHda Lada mashinasi haydovchisi halok bo‘lgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Hodisa 2022 yil 17 dekabr kuni 4R-47 Bulung‘ur-Urgut-M-39 avtomobil yo‘lining Urgut shahri Mergancha mahallasidan o‘tgan qismida sodir bo‘lgan.

Damas mashinasi haydovchisi qoidalarni buzgan holda juda katta tezlikda kelgan va svetoforning qizil chirog‘iga bo‘ysunmasdan harakatlangan. So‘ng ro‘parasida qizil chiroqda to‘xtab turgan Lada mashinasi bilan to‘qnashgan.

Oqibatda Lada mashinasi haydovchisi va Damas’da bo‘lgan ikki nafar yo‘lovchi shifoxonaga yotqizilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan Lada haydovchisi vafot etgan.

Qayd etilishicha, hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mazkur joyda avval ham bir necha marta odam o‘limi bilan bog‘liq YTHlar sodir bo‘lgan va ularning oldini olish maqsadida svetofor o‘rnatilgandi.

Mavzuga oid