Sport | 19:07 / 20.12.2022
32821
8 daqiqa o‘qiladi

JCh-2022 ramziy jamoasi. Mbappe, Martines, Amrabat va turnirning boshqa qahramonlari 

Jahon chempionatining eng yaxshi futbolchilari.

Emiliano Martines, Argentina

7 o‘yin, 690 daqiqa, 8 gol o‘tkazgan, 1 sariq kartochka

Turnirning eng yaxshi darvozaboni bo‘lish uchun ikki da’vogar bor edi: xorvatiyalik Dominik Livakovich va argentinalik Emiliano Martines. Ularning ikkisi ham fantastik o‘yin namoyish etishdi, ko‘plab ajoyib seyvlar bilan yodda qolishdi, jamoalarini ikkita penaltilar seriyasidan olib o‘tishdi. Hal qiluvchi o‘yin startiga qadar aynan xorvatiyalik posbon favorit edi, ammo Martines finalda 120+3-daqiqadagi afsonaviy seyvi va 11 metrlik zarbalar seriyasidagi qahramonligi evaziga oltin medalni qo‘lga kiritgach, argentinalik eng yaxshi darvozabon deb topilishi mantiqiy. 

Ashraf Hakimi, Marokash

7 o‘yin, 633 daqiqa, 1 uzatma 

Foto: Reuters

Marokash termasi futbolchilari nafaqat bir bosh baland sakrashdi, balki kosmosga parvoz qilishdi. Ular uchun to‘rtinchi o‘rin oltin medallarga teng, shu tufayli tarkibning bir qancha futbolchilarini ajratib ko‘rsatish mumkin. Hakimi — turnir qahramonlaridan biri bo‘lgani aniq. «PSJ» himoyachisi barcha o‘yinlarda boshlang‘ich tarkibda o‘ynadi, chap qanotda Perishich, aka-uka Azarlar, Olmo, Joau Felish va hatto Mbappe (Kilian yarimfinalda alohida ajralib turmadi)ga o‘yin bermadi. 1/8 finalda Ispaniyaga qarshi o‘yinda Hakimi penaltilar seriyasida so‘nggi zarbani aniq ijro etdi. 

Romen Saiss, Marokash

6 o‘yin, 468 daqiqa, 1 gol, 1 sk 

Foto: Global Look Press

Turnir boshlanguniga qadar «Beshiktosh»ning ushbu 32 yoshli himoyachisi ramziy jamoaga kirishini tasavvur qilib bo‘lmasdi, ammo turnir yakunlariga ko‘ra bu jamoani Marokash sardorisiz tasavvur qilish qiyin. Saiss arablar jamoasi yarimfinalgacha raqiblardan gol o‘tkazmasligida katta hissa qo‘shdi. Uning o‘zi guruh bosqichida Belgiya bilan o‘yinda g‘alaba golini urdi. Agar Saiss jarohat olmaganida, Marokash Fransiya bilan final uchun jangda ishtirok etishi mumkin edi. 

Yoshko Gvardiol, Xorvatiya

7 o‘yin, 690 daqiqa, 1 gol 

Foto: Global Look Press

Futbol muxlislarining ko‘pchiligi Gvardiolni yarimfinaldagi uchinchi gol urilgan hujumda Messi tomonidan yakson etilgan futbolchi sifatida eslab qolishi mumkin. Aslida esa «Leypsig»ning 20 yoshli himoyachisi Qatarda maqtovga arzigulik o‘yin namoyish etdi — Xorvatiya aksar o‘yinlarda himoyaviy o‘yin ko‘rsatdi, niqobdagi bu yosh futbolchining fidoyiligi esa «Shashkachilar»ga sovrindor bo‘lishda katta yordam ko‘rsatdi. Uchinchi o‘rin uchun o‘yinda Gvardiol gol ham urdi.

Lyuk Shou, Angliya

5 o‘yin, 425 daqiqa, 1 uzatma 

Foto: AFP

Chap qanot himoyachilari orasida ramziy jamoa uchun yaqqol nomzod ko‘zga tashlanmadi. Yarimfinalga chiqqanlar orasida barchadan ko‘ra fransuz Teo Ernandes hujumda yorqinroq o‘yin namoyish etdi, ammo u to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘z vazifalarini a’lo darajada uddaladi deyish qiyin. Lyuk Shou esa hamma joyda ulgurdi. Angliyada asimmetrik sxema edi, unda «MYu» himoyachisi butun chap qanot uchun javobgar bo‘ldi, shu tufayli uning o‘z jamoasi muvaffaqiyatlaridagi hissasi katta. Angliya besh o‘yindan uchtasida darvozasi daxlsizligini saqlab qolgani ham mudofaa sifatidan darak beradi (bundan ko‘proq quruq o‘yin — faqat Marokashda bo‘ldi). 

Sofiyan Amrabat, Marokash

7 o‘yin, 660 daqiqa, 1 sk 

Qatarda tayanch yarimhimoyasidagi ko‘plab havbeklar yaxshi taassurot qoldirishdi, ammo «Fiorentina» vakili ularning orasida ajralib turdi. Amrabat maydonda hamma ishga ulgurdi — ijtimoiy tarmoqlar butun turnir davomida jiddiy qiyofadagi ushbu marokashlikni Ngolo Kantening eng kuchli davrlariga qiyoslashdi va bu haqli o‘xshatish bo‘ldi. Amrabat turnirda biror daqiqani o‘tkazib yubormadi, maydonda u bajargan katta hajmdagi ishni inobatga olgan holda, u dam olishsiz o‘ynaganini jasorat deb bilish mumkin. 

Luka Modrich, Xorvatiya

7 o‘yin, 656 daqiqa, 1 sk 

Foto: Reuters

Zamonaviy futbolning 37 yoshli buyuk futbolchilaridan biri Qatarda asosan salbiy tomonlarini ko‘rsatgan bo‘lsa, boshqasi tinchgina yurib, o‘z ishini bajardi. Modrich azaldan maydondagi eng ko‘zga ko‘ringan futbolchi emasdi, ammo aynan shu sifati unga shuhrat keltirgan. Xorvatiya termasi sardori maydon markazida hukmronlik qildi — usiz jamoa qatorasiga ikkinchi jahon chempionatida sovrindor bo‘lolmasdi. 

Enso Fernandes, Argentina

7 o‘yin, 563 daqiqa, 1 gol, 1 uzatma, 1 sk 

Foto: Global Look Press

Argentina terma jamoasidagi istalgan markaziy yarimhimoyachi ramziy jamoadan o‘rin olishga haqli — de Paul ham, Makallister ham fenomenal turnir o‘tkazishdi. Fernandes chempionatni zaxira futbolchisi sifatida boshlagandi, ammo finalgacha asosiy tarkibning almashtirib bo‘lmas futbolchisiga aylandi. «Benfika»ning 21 yoshli havbeki haqli ravishda turnirning eng yaxshi yosh futbolchisi sifatida taqdirlandi, yozda u Yevropaning top-klublaridan biriga o‘tishi aniq. 

Antuan Grizmann, Fransiya

7 o‘yin, 538 daqiqa, 3 uzatma, 1 sk 

Foto: Reuters

Grizmanning klubdagi karerasi so‘nggi yillarda bir tekisda kechmayapti, ammo terma jamoada u eng yaxshi davrini o‘tkazmoqda. Dide Desham boshqaruvi davrida Antuan uchun asosiy tarkibdan joy kafolatlangan, u ham o‘ziga berilgan ko‘rsatmalarni bekam-u ko‘st bajo keltirmoqda va jamoaga katta foyda keltirmoqda. Qatarda Grizmann orqaroqda harakat qildi va yarimhimoya chizig‘ini hujum bilan bog‘ladi, uning ikki golli uzatmasi Fransiyaga Angliyani mag‘lub etib, yarimfinalga o‘tish imkonini berdi. Mundialda Grizmann har o‘yinda yaxshi o‘ynayotgandi — ammo finalda o‘zini ko‘rsata olmadi. 

Kilian Mbappe, Fransiya

7 o‘yin, 597 daqiqa, 8 gol, 3 uzatma 

Turnirning eng yaxshi to‘purari va jahon chempionatlari finallarida het-trik qilgan ikkinchi futbolchiga aylangan Mbappe hali 23 yoshda. Qatardagi turnirda esa u katta harflar bilan bugungi kun va kelajakning asosiy yulduzlaridan biri bo‘lishini qayd etib qo‘ydi. Uning Messi bilan tomoshabon dueli allaqachon jahon futboli tarixidan joy oldi. Agar argentinalik futbolchi bo‘lmaganida, Mbappe turnirning eng yaxshi futbolchisi sifatida tan olingan bo‘lardi. Shunga qaramay, Kilian bunday o‘yini bilan faoliyatidagi ilk «Oltin to‘p» uchun jiddiy zayavka berdi. 

Lionel Messi, Argentina

7 o‘yin, 690 daqiqa, 7 gol, 3 uzatma, 1 sk 

Izohga hojat yo‘q. U bu turnirda o‘z buyukligini rasman isbotladi.

Mavzuga oid