«Novaya gazeta – Yevropa» bu nechog‘lik qonuniy ekani va Rossiyada qancha xorijlik askarlikka qabul qilinganiga bag‘ishlangan maqola e’lon qildi.

Qiynoq ostidagi shartnoma

Xorijliklarga RF qurolli kuchlarida xizmat qilishga chorlov hali urush boshlanmasdan avval yangray boshlagandi. 20 fevralda o‘zini migrantlar himoyachisi deb atovchi bloger Bahrom Ismoilov YouTube’dagi kanalida migrantlarni Rossiya armiyasiga yozilishga chorlab, rolik joylashtiradi. Rolikda yarim yillik xizmat uchun ularning barchasiga RF fuqaroligi va’da qilingan (ayni paytda rolik o‘chirib yuborilgan).

«Urush boshlanganidan so‘ng Tojikiston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Ozarboyjon, Armaniston va boshqa davlatlar fuqarolarining RF qurolli kuchlari safiga kirish uchun faol targ‘ib qilinayotgani borasida qo‘ng‘iroqlar oqimi ko‘paydi, — degan «Novaya gazeta – Yevropa»ga huquqbon va migrantlar masalalari bo‘yicha yurist Valentina Chupik.  — Bu ish rasmiy hokimiyat organlari bilan har qanday kontaktga urinish asnosida sodir bo‘lgan. Menga murojaat qilganlarning soni 300 dan oshadi.

Eng birinchi rozi bo‘lganlar juda tez fursatda o‘zlarini Ukrainada ko‘rishgan. Odamlarni o‘lib ketishga yuborishayotgani kundek ravshan edi.

Biz hamkasblarimiz bilan bunday yollashga qarshi turish bo‘yicha axborot kampaniyasini boshladik. Murojaat qilganlarning katta qismini bu yo‘ldan qaytarishga muvaffaq bo‘ldik. O‘sha paytda armiyaga yozilganlarning soni qancha bo‘lganini esa aniqlashning imkoni yo‘q».

Huquqbon Valentina Chupik. Foto: cont.ws

Tez orada Valentina Chupikka go‘yoki Rossiyani Markaziy Osiyodagi ittifoqchilari bilan urushtirib qo‘yish yo‘lidagi qo‘poruvchilik faoliyati uchun tahdidlar bo‘la boshladi. Valentinaga «butilkaga o‘tqazish», «shvabraga o‘tqazish», turli vahshiy usullar bilan o‘ldirishni va’da qila boshlashdi. Bunday tahdidlar kuniga yuzlab kela boshlagan.

Yozda RF Mudofaa vazirligi shartnoma imzolaganlar jangovar harakatlarda qatnashish uchun emas, turli yordamchi ishlarga jalb qilish uchun yig‘ilayotganini ma’lum qildi. Rossiyaga pul ishlash uchun kelgan ko‘plab migrantlar avvaliga gap nimadaligini farqlay olishmagan. Chupik bunday takliflarga butun bir jamoa bo‘lib rozi bo‘lganlarni yo‘ldan qaytarishga uringan.