Jahon | 20:34 / 29.12.2022
17774
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyadan gaz eksporti sovet davridagi eng past darajaga tushib ketdi 

Sovet davridan beri Rossiya gazining eksporti mutlaq minimal darajaga tushdi. Buni davlat kompaniyasi rahbari Aleksey Miller taqdim etgan «Gazprom» statistikasi tasdiqlaydi va Reuters bu raqamlarni 90 yillardagi ma’lumotlar bilan taqqosladi. 

Foto: Bloomberg / Getty Images

2022 yil oxirida «Gazprom» Rossiyadan xorijga 100,9 milliard kub metr gaz yetkazib beradi. Bu 185,1 milliard kub metr gaz eksport qilingan 2021 yilga nisbatan 45 foizga kam, shundan atigi 10,39 milliard kub metri «Sila Sibiri» quvuri orqali Xitoyga yetkazilgan.  

Ta’minot darajasi SSSR parchalanganidan beri eng past ko‘rsatkichni qayd etgan. Avvalgi antirekord 117,4 milliard kub metr bo‘lib, 1995 yilda qayd etilgan. Hatto 1991 yilda gaz yetkazib berish hajmi hozirgidan yuqori bo‘lgan. 

Biroq, Rossiya gaz sanoati suyultirilgan tabiiy gaz (STG) yetkazib berish hajmining oshgani bilan xursand bo‘lishi mumkin. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilning 11 oyi davomida Rossiyada STG ishlab chiqarish 10 foizga o‘sdi va 29,7 million tonnani tashkil etdi. Biroq, «Gazprom» tomonidan tabiiy gaz qazib olish hajmi deyarli 100 milliard kub metrga qisqardi - 2021 yildagi 514,8 milliarddan 412,6 milliardgacha. 

2022 yil davomida Rossiyadan gaz eksporti muntazam ravishda pasayib bordi, Moskva va Bryussel esa sanksiyalar qarama-qarshiligini kuchaytirdi. Rossiya o‘z kontragentlarini gaz uchun hisob-kitobni rublda amalga oshirishga majbur qildi, shundan so‘ng «Gazprom»ni mijozlar tark eta boshladi. Keyinchalik «Gazprom» sanksiyalarni Yevropa Ittifoqini shantaj qilish vositasi sifatida ishlatdi: kompaniya gaz turbinalarini ta’mirlash bahonasida «Shimoliy oqim» orqali gaz yetkazib berishni muntazam ravishda qisqartirib bordi. 

Tomonlar o‘rtasida uzoq davom etgan qarama-qarshilik hech narsaga olib kelmadi va «Shimoliy oqim» bilan «Shimoliy oqim 2» gaz quvurlari portlatib yuborilganidan so‘ng, nihoyat, masala barham topdi.  

Ayni paytda Ukraina gaz quvurlarining faqat bitta tarmog‘i va Turkiyadagi «Turk oqimi» quvuri orqali Janubiy Yevropaga gaz yetkazib berilmoqda.  

Yevropa Rossiya gazini AQSh, Jazoir, Qatar, Norvegiya va hatto Avstraliyaniki bilan almashtirishga majbur bo‘ldi. Shuningdek, STG importini oshirdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid