Hindistonda Marion Biotech kompaniyasi faoliyati vaqtincha to‘xtatildi
Maxsus inspeksiya dori ishlab chiqarish zavodida zamonaviy me’yorlardan «og‘ish» holatlarini aniqladi.
O‘zbekistonda kamida 19 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan «Dok-1 MAKS» preparatini ishlab chiqargan Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
29 dekabr kuni kompaniyaning Noyda shahridagi zavodida Hindiston dori vositalari nazorati qo‘mitasi va dori vositalari davlat inspeksiyasi tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tekshiruvda ishlab chiqarish jarayonida «me’yordan og‘ish» holatlari aniqlangan. Tekshiruv O‘zbekiston hukumati mamlakatdagi kamida 19 bolaning o‘limini kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan yo‘talga qarshi «Dok-1 MAKS» siropi bilan bog‘laganidan keyin o‘tkazilgan.
«Dok-1 MAKS» siropidan zaharlanish holati haqida xabar berilganidan keyin CDSCO (Dori vositalari standartini nazorat qiluvchi markaziy tashkilot) guruhi tomonidan tekshiruv o‘tkazildi va Marion Biotech kompaniyasining Noyda zavodidagi ishlab chiqarish jarayoni to‘xtatildi. Surishtiruv davom etmoqda», deb yozdi Hindiston sog‘liqni saqlash vaziri Mansux Mandavia ijtimoiy tarmoqda.
Rasmiylarga ko‘ra, ishlab chiqarish jarayonini to‘xtatish haqidagi xabarnoma 2 kunlik tekshiruvlardan keyin kompaniyaga topshirilgan. Nazoratchilar kompaniyaning bir necha mahsulotlari, jumladan O‘zbekistonga eksport qilingan «Dok-1 MAKS» siropi namunalarini olishgan (sifat nazorati uchun namunalar kompaniyada saqlab qo‘yiladi).
Namunalar Chandigarx shahridagi dorilarni sinovdan o‘tkazuvchi mintaqaviy laboratoriyaga yuborilgan.
Payshanba kuni o‘tkazilgan tekshiruv natijasida ishlab chiqarish amaliyotlarida ba’zi kamchiliklar aniqlangan.
«Dori sinovi uchun muayyan talablar mavjud, ularga rioya etilmagan. Bosimning pasayishini ushlab turish kerak bo‘lgan joylarda bunga amal qilinmagan. Ba’zi magnetospiral manometrlar (bosim farqlarini qayd qilish uchun ishlatiladi) ishlamagan. Barcha qoidabuzarliklar qayd etilib, kompaniyaga topshirildi», dedi vaziyatdan xabardor yuqori lavozimli amaldor.
«Keyingi harakatlar surishtiruv hisoboti asosida amalga oshiriladi», deb bayonot berdi sog‘liqni saqlash vaziri.
Rasmiylarning aytishicha, hozircha zavodni qo‘shimcha tekshirishga hojat yo‘q.
Mavzuga oid
18:07
Hindiston 2040 yilda Oyga o‘z kosmonavtini uchiradi
23:25 / 23.12.2024
Bangladesh Hindistondan sobiq bosh vazir Shayx Hasinani ekstraditsiya qilishga yordam berishni so‘ramoqda
11:42 / 18.12.2024
O‘zbekiston va Hindiston zargarlik buyumlari ishlab chiqarish imkonini o‘rganmoqda
20:02 / 17.12.2024