Pasaytirilgan «rastamojka», kechiktirilgan energetika islohoti va «supervazirlik» – 2022 yil O‘zbekiston iqtisodiyotida nimalar bo‘ldi?
Yakunlanayotgan 2022 yil iqtisodiy blok uchun sinovlarga boy bo‘ldi. Xalqaro geosiyosiy vaziyatning keskinlashuvi global bozorlardagi ta’minot zanjirlariga og‘riqli zarbalar berdi, logistika bilan bog‘liq xarajatlar karrasiga qimmatlashdi. Foiz stavkalari oshib ketdi. Natijada mamlakatdagi inflatsiya darajasi prognoz qilinganidan ancha baland shakllandi, bir muddat dollar taqchilligi ham kuzatildi.
G‘alla islohoti
Joriy yilning 1 iyunidan boshlab, g‘allani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tildi. Sotib olingan bug‘doy oyma-oy birjaga chiqariladigan bo‘ldi va agar narxlar oshsa, fermerlarga o‘rtadagi ijobiy farq ham to‘lab berilishi belgilandi. Bu islohot iqtisodchilarning olqishiga, g‘alla yetishtiruvchi fermerlarning quvonchiga sabab bo‘ldi.
Islohotning dastlabki kunlarida bozor narxlariga o‘tilishi non bahosiga jiddiy ta’sir qilishi mumkinligi haqidagi xavotirlar yangragan bo‘lsa-da, yil davomida bug‘doy va un mahsulotlari narxlarining barqarorligi saqlanib qoldi, narxlar keskin ravishda qimmatlashib ketmadi. Amalda ishlamayotgan subsidiyalanadigan un (arzonlashtirilgan un) tarqatish tizimi tugatildi.
Ta’kidlash kerakki, huquqiy jihatdan shu paytgacha ham fermerlar o‘zi yetishtirgan mahsulotni erkin, bozor narxlarida sotish huquqiga ega edi, biroq amalda davlat ehtiyojlari uchun yetishtirilgan mahsulotga narx bozor tamoyillariga rioya etmasdan, markazlashgan holda ma’muriy usul bilan belgilanib keldi. Bu esa fermerlarning jiddiy ziyon ko‘rishlariga sabab bo‘lib kelayotgan edi.
Kechiktirilgan energetika islohoti
Energetika sohasidagi muammolar yildan yo‘lga bo‘y cho‘zib bormoqda. Joriy yildan boshlab hukumat elektr energiyasini davlat tomonidan subsidiyalashni bekor qilish va tabaqalashtirilgan narxlar belgilashga bu muammolarning yechimi sifatida qaray boshladi. Shu maqsadda «Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlarini o‘zgartirish to‘g‘risida» hukumat qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Unda 1 iyuldan elektr va gaz bo‘yicha tabaqalashtirilgan tariflarga o‘tilishi ko‘zda tutilgandi. Biroq ayrim sabablarga ko‘ra bu qaror qabul qilinmadi, islohotlar esa noma’lum muddatga kechiktirildi.
Energetikaga budjetdan subsidiyalar «xalqqa yordam bo‘lishi» uchun joriy qilingani iddao qilinsa-da, mutaxassislarning fikricha, bunday tizim sohaning rivojlanishiga to‘siq bo‘lib qolaveradi.
Joriy yilga kelib, nafaqat viloyatlar, balki Toshkent shahri tumanlarida ham elektrni «shaxmat tartibida o‘chirish» rejimiga o‘tildi. Ya’ni energotizimda yuklama ortib ketgan paytda «svet» ataylab o‘chiriladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ham yil yakuni bo‘yicha parlamentga qilgan an’anaviy murojaatnomasida energetika inqirozi masalasiga to‘xtalib, birinchi marta tariflarni tabaqalashtirish haqida gapirdi. Ya’ni muayyan limitdan ko‘proq gaz va elektr ishlatadigan badavlat qatlam bozor narxida to‘lashi kerak, chunki bu resurslar davlat budjetidan ajratiladigan subsidiya hisobiga arzon sotiladi.
Shavkat Mirziyoyev tabaqalashtirilgan tariflarga va umuman erkin bozorga o‘tish bosqichma-bosqich bo‘lishini ta’kidladi, lekin bu bosqichlarning muddatlariga aniqlik kiritmadi. Uning aytishicha, 2022 yilda qurilgan va 2023 yilda quriladigan yangi stansiyalar hisobiga, kelasi yili aholi xonadonlariga beriladigan elektr energiyasi 50 foizga, ya’ni 1,5 barobarga ko‘payadi.
Boshlangan islohotlar xalq farovonligi uchun xizmat qiladigan bo‘lsa, uni oxiriga yetkazish zarur. Zero, bir yerda depsinib turaveradigan, kezi kelsa oldinga emas, orqaga qarab ketadigan soha keskin islohotlar bilangina oldinga qarab siljiy oladi. Ko‘rilayotgan kichik choralar esa teshik chelakda suv tashishdan boshqa narsa emas.
«Tashabbusli budjet»
Moliya vazirligi tomonidan amaliyotga tatbiq qilingan «Tashabbusli budjet» loyihasi fuqarolik jamiyati uchun ajoyib yangilik bo‘ldi. O‘z soliqlari hisobiga shakllangan budjet pullarining bir qismi o‘zining mahallasi uchun sarflanishiga erishgan o‘zbekistonliklar bu yutug‘ini katta xursandchilik bilan nishonlashdi. Bu loyiha davlat rahbari darajasida ham e’tirof etildi.
Prezident topshirig‘iga asosan, 2023 yildan boshlab mahallalardagi infratuzilma uchun mablag‘lar faqatgina «Tashabbusli budjet» orqali, aholi ovoz bergan loyihalarga ajratiladi. Boshqacha aytganda, «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari «Tashabbusli budjet»ga qo‘shib yuboriladi.
Ushbu loyihalarga ajratiladigan mablag‘lar miqdori 3,5 barobarga oshiriladigan bo‘ldi. Bu degani budjetning 8 trillion so‘m pulini qayerga ishlatishni amaldorlar emas, odamlarning o‘zlari hal qiladi.
«Tashabbusli budjet» nima uchun muhim degan savolga javob oddiy. Siz shunchaki SMS yuborish orqali budjet puli qayerga ishlatilishini tanlashingiz mumkin. Qolaversa, mahalla yo‘lini asfalt qilish, transformatorni almashtirish yoki shunga o‘xshash muammolar uchun hokimiyatga borib, va’dalar amalga oshishini kutib o‘tirish shart bo‘lmaydi: mahalla ahli o‘zi hamjihatlikda bunga pul ajratilishiga erishishi mumkin.
Xalq saylagan deputatlar xalqning pulini ular xohlagandek taqsimlaydigan kunlar kelmaguncha «Tashabbusli budjet» kabi loyihalar juda ham kerak.
«Yopiq» xususiylashtirish
O‘zbekistonda xususiylashtirishning yangi to‘lqini ketyapti. 2025 yil oxirigacha davlat ishtirokidagi korxonalar 75 foizga kamayishi kerak. Bu jarayonda qator yirik korxonalar hech bir tanlovsiz xususiy qo‘llarga topshirilyapti.
Xususan, 3ta yirik aktiv – «Talimarjon» IES, «Ipoteka bank» va «Birinchi rezinotexnika zavodi» jamoatchilikka to‘liq oshkor qilinmagan yopiq bitimlar bilan investorlarga berib yuborildi.
Uzcard’dagi 75 foizlik davlat ulushi 210 mlrd so‘mga sotilgani ham ayrim e’tirozlarni keltirib chiqardi. Davlat bu kompaniyani xususiylashtirmoqchi ekan, uni qimmatroqqa sotish uchun MChJdan AJga aylantirishi, shu tariqa 25 foiz ulushga ega xususiy ulushdorlarning eksklyuziv huquqini aylanib o‘tishi kerak emasmidi?
Toshkent shahridagi Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasining 100 foizlik davlat ulushi Abu Dhabi Uzbek Investment investitsiyaviy fondi tomonidan 87 million dollar evaziga sotib olingani ijtimoiy tarmoqlarda turlicha qabul qilindi. Mehmonxona 2013-2016 yillar oralig‘ida qurilgan va loyiha qiymati taxminan 205 million dollarni tashkil etgan.
Shaffof va ochiq bozorda ro‘y bermagan xususiylashtirish holatlari samarali sarmoyalarning kamayib borishiga olib keladi. Xususiylashtirish natijalariga jamiyat tarafidan shubha uyg‘onadi, natijada davlat obektlarini olgan sarmoyadorlar yetarlicha sarmoya kiritishmaydi, chunki mulk ustidagi haqlari shubhali ekanini o‘zlari yaxshi tushunishadi.
Yomon reputatsiya potensial investorlarning savdolarda ishtirok etishi va O‘zbekistonga pul kiritishiga to‘sqinlik qiladi. Bu esa sog‘lom raqobatni cheklaydi. Natija davlat aktivlarining past narxlarda o‘zimizning qorako‘zlarga turli xil imtiyozlar bilan qo‘shib sotilishiga olib kelishi mumkin.
Yuqori inflatsiya va dollar taqchilligi
O‘tib borayotgan yil O‘zbekiston Markaziy banki uchun anchayin sinovli bo‘ldi. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi global bozorlardagi ta’minot zanjirlariga og‘riqli zarbalar berdi, logistika bilan bog‘liq xarajatlar karrasiga oshib ketdi. Import inflatsiyasi, ishlab chiqarish, logistika va yetkazib berish bilan bog‘liq taklif omillari ta’sirida inflatsiya darajasi dastlabki prognoz qilingan 8-9 foiz atrofida emas, balki yil yakunida 12,3-12,5 foiz darajasida shakllandi.
Joriy yilning iyun, iyul va sentabr oylarida tijorat banklarida valuta tanqisligi yuzaga keldi. Buning sababi mutaxassislar tomonidan rubl kursi Markaziy Osiyo mamlakatlari milliy valutalariga nisbatan shiddat bilan mustahkamlanishda davom etayotgani bilan izohlandi. 2022 yilning boshida geosiyosiy vaziyat o‘zgarishi natijasida rus banklariga dollar va yevro berish to‘xtatildi. Natijada o‘zbek banklarida Yevropa yoki Amerika banklaridan valuta olib kelishga zarurat paydo bo‘ldi. Ushbu vaziyatda Markaziy bank AQShning Federal rezerv tizimi bilan bog‘lanib, naqd valuta olib kelib, tijorat banklariga yetkazishni boshladi. Yil oxirlariga kelib valuta bilan yuzaga kelgan taqchilliklar bartaraf etildi.
Eksport hajmi (oltin eksportini hisobga olmaganda) o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 23,3 foizga, import – 21,2 foizga va transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 2,2 barobarga oshdi. So‘mning AQSh dollariga nisbatan kursi yil boshiga nisbatan (10 819,6 so‘mdan 11 246,8 so‘mga) 3,8 foizga qadrsizlandi.
«Yoshiga to‘lmagan» inomarkalar uchun «rastamojka» narxi pasaytirildi
Joriy yil 21 fevral kuni imzolangan «Avtotransport vositalarining ichki bozorini rivojlantirishni rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonga avtomobillar import qilishda bojxona rasmiylashtiruvi ikki bosqichda pasaytirilishi ko‘zda tutilgandi.
Qaror imzolangan paytdan e’tiboran boj stavkalari 30 foizdan 15 foizga tushirildi, shuningdek avtomobil dvigateli quvvatining har bir kub sm uchun belgilangan qo‘shimcha koeffitsiyentlar ham o‘rtacha ikki barobar va undan ko‘proqqa kamaytirildi.
Shuningdek, 2023 yil 1 yanvardan boshlab, avtomobil dvigateli quvvatiga bog‘langan qo‘shimcha koeffitsiyentlar yana bir bor pasaytiriladi, 15 foizli asosiy boj stavkasi esa o‘zgarishsiz qoladi.
Yangi tartib ishlab chiqarilgan sanasidan O‘zbekiston bojxona chegarasini kesib o‘tgan kungacha 1 yildan ortiq vaqt o‘tmagan avtotransport vositalarigagina taalluqli.
O‘zbekistonning davlat qarzi ko‘paydi
Joriy yilning 1 oktabr holatiga O‘zbekiston davlat qarzi 26,2 mlrd dollarni tashkil etmoqda. Dastlabki III chorak davomida global inflatsiya sabab jahonda foiz stavkalari oshib ketgani O‘zbekiston hukumatining avvalgi yillardagi kabi faol qarz olishini cheklab qo‘ydi. Shunday bo‘lsa-da, oxirgi chorakda budjet taqchilligini qoplash uchun katta miqdorda qarz mablag‘lari jalb qilingan bo‘lishi mumkin. Sobiq moliya vaziri Timur Ishmetovning Qonunchilik palatasida bergan axborotiga ko‘ra, 2022 yil yakunlari bo‘yicha davlat qarzi 29 mlrd 215 mln dollarni tashkil etishi kutilmoqda. Bu raqamlar keyingi yil (2023 yil) 32 mlrd 62 mln dollarga yetishi prognoz qilingan.
«Supervazirlik»
Yil yakunida e’lon qilingan ma’muriy islohotlar fonida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish hamda Moliya vazirliklari negizida «supervazirlik» maqomini olgan Iqtisodiyot va moliya vazirligi tashkil etildi. Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasi ham shu vazirlik tarkibiga kirib ketdi. 2020 yildan Moliya vazirligini boshqarib kelgan Timur Ishmetov yangi vazirlik rahbarligida qoldirilmadi. U 2023 yilni prezident maslahatchisiga o‘rinbosar sifatida boshlaydi. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi rahbari bo‘lgan Jamshid Qo‘chqorov esa bosh vazir o‘rinbosari sifatida faoliyatini davom ettiradi. Natijada yangi vazirlikni DSQ rahbari Sherzod Qudbiyev boshqaradigan bo‘ldi.
Ta’kidlash lozimki, o‘tgan davr mobaynida Qo‘chqorov – Ishmetov boshchiligidagi iqtisodiy blok OAV va jamoatchilikka yopilib olmadi, xatolarga va tanqidlarga nisbatan mo‘’tadil munosabatda bo‘lishdi. Yuqorida eslab o‘tilgan bir qancha liberal o‘zgarishlar: g‘alla va energetika islohoti, «Tashabbusli budjet» loyihasining amaliyotga tatbiq etilishida ham Qo‘chqorov – Ishmetov «tandem»ining o‘rni alohida ahamiyatga ega.
Mavzuga oid
19:18 / 05.11.2024
O‘zbekistonning 2025 yil uchun davlat budjeti loyihasi e’lon qilindi. Asosiy ma’lumotlar
22:40 / 19.10.2024
Million dollarlik litsenziya, YeOIIga rad javobi va 2x YaIM prognozi - hafta dayjesti
10:20 / 19.10.2024
Iqtisodiyotda xususiy mulkning ulushi yanada oshiriladi
17:43 / 18.10.2024