Sport | 22:10 / 31.12.2022
52549
9 daqiqa o‘qiladi

Ronalduning yangi klubi: 500 million dollar, JCh elchiligi va ChLni yutish ambitsiyalari

«An-Nasr» va Saudiya Arabistoni haqida.

Foto: Al Nassr FC

Yog‘li shartnoma

Jahon miqyosidagi yulduz futbolchi Osiyodan tashqarida taniqli bo‘lmagan arab klubiga o‘tishi haqidagi mish-mishlar noyabrdayoq paydo bo‘lgandi. O‘shanda Marca «An-Nasr» Krishtianu Ronalduning «Manchester Yunayted» bilan shartnomasi buzilishiga birinchilardan bo‘lib reaksiya qilgan klub bo‘lganini yozgandi. Xabarlarga ko‘ra, arablar klubida 37 yoshli portugaliyalik ikki yillik shartnoma bo‘yicha taxminan 250 million yevro oladi.

Bunday astronomik taklif ishonarsiz emasdi. Jahon chempionati startiga bir necha kun qolganida Portugaliya jamoasi yetakchisi Pirs Morganga shov-shuvli intervyu bergandi, unda shunday qiziqarli dialog ham bo‘lib o‘tgandi:

— Men siz Saudiya Arabistonidan ulkan taklif — ikki mavsum uchun 350 million yevro to‘lashni nazarda tutuvchi taklif olganingiz haqida eshitdim. Bu to‘g‘rimi? — deya so‘raydi Morgan Krishtianudan.

— Ha, bu to‘g‘ri.

— Va siz buni rad etdingizmi?

— O‘sha zahotiyoq.

E’tiborli tomoni, «An-Nasr» haqidagi xabarlarni Morganning o‘zi birinchi bo‘lib rad etdi. Holbuki bu klub haqidagi xabarlar kundan kunga jiddiylashayotgandi. Portugaliya jahon chempionatini chorakfinaldayoq tark etgach, voqealar rivoji tezlik oldi va 30 dekabr kuni transfer haqida rasman e’lon qilindi. Ronaldu erkin agent sifatida «An-Nasr» futbolchisiga aylandi.

Gigant darajadagi maosh

Yuqorida tilga olingan 350 million yevro quyidagilarni o‘z ichiga oladi: ko‘tarma puli, agent uchun komissiya puli, maosh hamda «MYu» uchun tovon puli. Hozirda boshqa summa muhokama etilmoqda: CBS jurnalisti Ben Jyeykobsning so‘zlariga ko‘ra, Ronaldu bir mavsum uchun 75 million dollar maosh oladi. Uning aniqlik kiritishicha, reklama loyihalari hamda elchilik xizmatlarini qo‘shib hisoblaganda Ronaldu bir yilda ishlab oladigan pul miqdori 200 million dollarga yetadi. Krishtianuning shartnomasi ikki yarim mavsum uchun mo‘ljallangan, shunday ekan, uning bu davr mobaynidagi oladigan maoshi 500 million dollargacha yetadi.

«An-Nasr»da buncha pul qayerdan?

Klub emblemasida toj tasvirlangan va bu estetik ramz emas: 1960 yilga qadar «An-Nasr» sharafini havaskor futbolchilar himoya qilishgan, keyin esa podshohning o‘g‘li, Saudiya Arabistoni shahzodasi Abdul Rahman ibn Saud Ol Saud klub egasiga aylangan.

«An-Nasr» uchun bu haqiqiy sovg‘a edi — hazrati oliylarining sevimli o‘yinchog‘iga aylangan klub bir lahzada boyib ketadi. Ol Saud futbolni sevardi va 1960-yillarga qadar Ar-Riyodning hech kimga taniqli bo‘lmagan jamoasi bo‘lgan «An-Nasr»ni haqiqiy grandga aylantiradi. Ol Saud 30 yildan ortiq vaqt mobaynida klub prezidenti bo‘lib qoladi (bu davr mobaynida u ikki bor turli sabablar bilan lavozimdan ketgan va ikki bor yana saylangan). 2004 yilda, prezident lavozimini egallab turganida vafot etgan.

Hozirda «An-Nasr» qirollik xonadoni homiyligi ostida — shahzoda Xolid ibn Fahd prezident bo‘lmasa-da, faollik bilan klub uchun qayg‘uradi. Saudiya ligasining sobiq rahbari Musli Al-Muammar klubni to‘g‘ridan to‘g‘ri boshqaradi. Klubda hozir ham pul bilan bog‘liq muammolar yo‘q, shunday bo‘lsa-da, klub Ronalduning ulkan shartnomasi uchun mablag‘ni faqat xazinadan olmoqchi emas. «An-Nasr» metsenatlarni qidirishga kirishdi va katta ehtimol bilan bunday odamlar topiladi. Bunday katta nom orqali homiylarni jalb etish oson kechadi.

Foto: Getty Images 

Eng sovrindor klub emas

Krishtianuning yangi ish joyi haqida futbol muxlislarining aksari noyabr oyiga qadar eshitmagani aniq. Bu klub 1955 yilda Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda tashkil etilgan, uning uy libosi ranglari — sariq-ko‘k. Bu mamlakat miqyosida yirik klub, ammo eng sovrindori emas. «An-Nasr» Saudiya Arabistoni chempionatida to‘qqiz bor g‘alaba qozongan, ammo bu boradagi rekorddan ancha orqada — klubning asosiy raqibi «Al-Hilol» ichki ligada 18 bor g‘olib chiqqan.

So‘nggi vaqtlarda «An-Nasr» chempionatda g‘olib chiqmay qo‘ygan. Klub sovrinlarning aksar qismini o‘tgan asrda qo‘lga kiritgan,  XXI asrda esa ligada jami uch bor g‘olib bo‘lgan — so‘nggisi 2019 yilga to‘g‘ri keladi. «An-Nasr» mamlakat kubogini 1990 yildan buyon qo‘lga kiritmagan. Joriy mavsumda chempionat turnir jadvalida klub «Ash-Shabob»dan ikki ochkolik farq bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda. «An-Nasr» bugun navbatdagi tur o‘yinini o‘tkazadi — unda klubning yangi yulduz futbolchisi tashrif buyurishi kutilmoqda. Keyingi tur 5 yanvarga belgilangan va nazariy jihatdan o‘sha kuni dunyo Ronalduning Osiyodagi debyut o‘yiniga guvoh bo‘lishi mumkin.

OChLda va JCh-2030 uchun kurashda g‘alabalar kerak

Klub egalari mahalliy liga g‘olibligi uchungina bunday katta xarajatga qo‘l urmagani aniq. Ronaldu doim taniqli klublarda o‘ynagan, ammo «An-Nasr» o‘z tarixida atigi bir bor Osiyo chempionlar ligasi finaliga yetib borgan — 1995 yilda jamoa Koreyaning «Ilve» klubiga yutqazib qo‘ygan. Tan olish kerak, 1998 yilda arabistonliklar Osiyo kubok egalari kubogida va Osiyo Superkubogida g‘olib bo‘lishgan, 2000-yillarda esa klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etgan. Ammo bular kichik natijalar — Ronaldudan Osiyodagi bosh turnir g‘olibligi talab etilishi aniq.

Krishtianudan qirollik xonadoni uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan yana bir rolni bajarish so‘raladi. Saudiya Arabistoni Gretsiya va Misr bilan birgalikda JCh-2030 mezbonligi uchun ariza topshirmoqchi. Bu uch mamlakat ham mundialni qabul qilishga tayyorligini aytmoqda, ammo ularning barcha qit’alarda kuchli raqobatchilari bor. Xabar qilishlaricha, Ronaldu bu zayavka yuzi bo‘ladi va bu hakamlar hay’atining yakuniy qaroriga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Yevropalik murabbiy

Ronaldu kimlar bilan ishlaydi? «An-Nasr»da taniqli futbolchilar bor: «Arsenal»ning kolumbiyalik darvozaboni David Ospina, «Bavariya»da o‘ynagan braziliyalik yarimhimoyachi Luiz Gustavo, ispaniyalik himoyachi Alvaro Gonsales, «Benfika»da tanilgan braziliyalik hujumchi Taliska, Kamerun termasi hujumchisi Vensan Abubakar.

Krishtianu o‘zi uchun allaqachon yettinchi raqamni olgan. Bu raqam klubning o‘zbekistonlik legioneri Jaloliddin Masharipovga tegishli edi. Bir oy oldin u yettinchi raqamni Ronalduga berishga tayyorligi va bunday futbolchilarni hurmat qilish lozimligini aytgandi.

Foto: Getty Images 

Albatta, Krishtianu uchun murabbiy figurasi ham muhim. «An-Nasr»da u taniqli fransuz mutaxassisi, ko‘p yillar mobaynida Yevropaning ikkinchi eshelon jamoalari — «Lill», «Roma», «Marsel» va «Lion» kabi klublarda ishlagan Rudi Garsiya bilan hamkorlik qiladi. «Lion»dan ketgach, bir yil mobaynida ishsiz yurgan Garsiya 2022 yil iyunida «An-Nasr» boshqaruviga kelgandi.

Hozirda Saudiya ligasida to‘purarlar poygasida birinchi o‘rinda Ronalduning yangi klubdoshi Taliska to‘qqiz gol bilan peshqadamlik qilmoqda. Ronalduda shu mavsumdayoq turnirning eng yaxshi to‘purari va chempion bo‘lish imkoniyati bor. Keyin nima bo‘ladi? Hozircha aytish qiyin. 2025 yil yozida, «An-Nasr» bilan kelishuv muddati yakunlanganida, Krishtianu 40 yoshga chiqqan bo‘ladi. Hozirda aynan Saudiya Arabistoni uning faoliyatidagi so‘nggi jamoa bo‘lib qoladigandek ko‘rinmoqda.

Mavzuga oid