20:56 / 01.01.2023
42237

“Qayiqchi qiz” maktabga qayiqda qatnagan yagona o‘quvchi emas

Daryoni qayiqda suzib o‘tgan qiz, bekobodlik o‘n ikki yoshli Zamira To‘ychiyeva. Ma’lum bo‘lishicha, u maktabga qayiqda qatnagan yagona o‘quvchi emas. Xo‘sh, bu Bekobod tumanining Yangihayot mahallasida yashovchilar uchun odatiy holmi? Bu holat shu tarzda davom etaveradimi? Nega Kun.uz muxbirining qizaloq bilan suhbatlashishiga to‘sqinlik bo‘ldi?

O‘quvchi qizning daryoni qayiqda suzib o‘tayotgani tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Kimdir hali ham shunday hududlar borligidan hayratlangan bo‘lsa, boshqalar qizning jasoratiga tasanno aytishdi. Turgan gapki, 12 yoshli qizning yolg‘iz qayiq boshqarishiga yo‘l qo‘yishgani uchun, ota-onasini, hudud mas’ullarini e’tiborsizlikda ayblaganlar ham yetarlicha topildi.

Shundan so‘ng, Zamira va uning onasidan yuqoridagi holat bo‘yicha munosabat ham olindi. Ma’lumot berilishicha, “qayiqchi qiz” Toshkent viloyatining Bekobod tumani Yangihayot mahallasida yashaydi. Uyiga yaqin bo‘lganligi uchun Sirdaryo viloyatining Guliston tumani Sohilobod mahallasidagi 15-maktabda o‘qiydi. U daryodan haftada ikki marta o‘tkazib qo‘yiladi. Maktabga Sohilobod mahallasida yashovchi ammasining uyidan qatnaydi.

O‘quvchi qizga ta’lim olishi uchun bundan boshqa qulay sharoit yaratish imkoni yo‘qmi? Yana Zamira kabi qayiqda qatnab o‘qiydigan bolalar bormi? Uning ukalari yoki qo‘ni-qo‘shnilarining farzandlarini ham kelajakda xuddi shunday “taqdir” kutyaptimi? Shu kabi savollarga javob olish hamda jasoratli qizaloq bilan yaqindan tanishish, suhbatlashish maqsadida qizning yashash manziliga bormoqchi bo‘ldik. Ammo Bekobod tumani hokimligi matbuot kotibi bilan bog‘langanimizda, qiz yashaydigan manzil qo‘riqxona hududida joylashgani sabab tashqaridan kirish qiyinligini aytdi. Shuning uchun qiz ta’lim oladigan hududga bordik. Sinf rahbari Dilmurod Ashurovning aytishicha Zamira a’lochi o‘quvchilar safida.

Dilmurod Ashurov
Foto: Kun.uz

“Zamira birinchi sinfdan beri shu maktabda o‘qiydi. Hozir beshinchi sinf o‘quvchisi. U hamma fanlardan to‘rt, besh baholar oladi. Ko‘proq ingliz, rus tili, musiqa, tasviriy san’at, tarix fanlariga qiziqadi. Shu fanlardan to‘garaklarga ham a’zo. Kelajakda shifokor bo‘lishni orzu qiladi”,- deydi o‘qituvchi.

Dilmurod Ashurov ham aslida Zamirani har doim qayiqda ota-onasi o‘tkazib qo‘yishini, o‘sha kungi holat deyarli kuzatilmasligini aytdi.

Yusufjon Qo‘shiyev
Foto: Kun.uz

“Sohilobod” MFY raisi Yusufjon Qo‘shiyevning aytishicha, Zamiraning ota-onasi kelib chiqishi asli Gulistondan va ular ham huddi shunday tumandagi 15-maktabga qayiqda qatnab o‘qigan. U yerdagi xo‘jaliklar ruzg‘or uchun bozorlikni ham Guliston tumanidan qilishadi.

“Bilishimcha sohilning u tomonida uchta xo‘jalik bor. Yetti-sakkizta oila yashaydi. Zamiraning yashash manziliga eng yaqin maktab 25-30 km uzoqlikda joylashgani uchun, bizga o‘tib o‘qish qulay. O‘quvchimizning ota-onasi ham bizning hududda o‘qib, katta bo‘lishgan. Ular suv bo‘yida yashashadi. Shuning uchun bolaligidan qayiqni boshqarishni o‘rganishgan”, – deydi mahalla raisi.

U holat bo‘yicha ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bildirayotgan fikrlarni biroz keskin deb hisoblaydi.

“Juda ko‘pchilik tushunib-tushunmay fikr bildiryapti. To‘g‘ri, ko‘pchilik uchun bu odatiy holat emas. Lekin bu qizimiz mahalla raisi sifatida mening, maktab direktori, sinf rahbarining doimiy nazoratida bo‘lib kelgan. Biz suvning qachon ko‘tarilishini bilamiz. Avval ham uch-to‘rt nafarlab bolalar xuddi shunday qayiqda qatnab o‘qigan. Zamira birinchisi emas. Doim ular qaysi qarindoshinikida turibdi, sharoiti qandayligi haqida so‘rab turganmiz. Bu biz uchun doimiy hol”, – deya qo‘shimcha qildi Yusufjon Qo‘shiyev.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Biz garchi Zamiraning o‘zi bilan suhbatlasholmagan bo‘lsak-da, o‘qituvchilaridan uni a’lo baholarga o‘qishini eshitib quvondik. Ishonamizki, bugun ta’lim olish uchun qiyinchiliklarni yengib o‘tayotgan jasoratli qizaloqning kelajagi yorqin bo‘ladi.

Maqsuda Abduqayumova, jurnalist
Montaj ustasi: Mirvohid Mirrahimov

Top