Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Maqsadimiz - tuman salohiyatini oshirish” – Xovosda yangi loyihalar boshlagan “Zamon teks”
Sirdaryo viloyati Xovos tumanidagi tashlandiq yerda barpo etilgan paxta tozalash zavodi va uni yo‘lga qo‘ygan “Zamon teks” paxta to‘qimachilik klasteri faoliyati bilan tanishdik.



Mazkur korxona Andijon viloyati Shahrixon tumanida bundan besh yil muqaddam o‘z faoliyatini boshlagan. Respublikaning chekka tumanlarini rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash maqsadida Xovosda paxta-to‘qimachilik sanoatida keng qamrovli ishlarni amalga oshirmoqda.
Tuman 1996 yilda tashkil etilgan bo‘lsa, shu davrga qadar bu yerda paxta tozalash zavodi bo‘lmagan. 2021 yilda "Zamon teks" paxta to‘qimachilik klasteri tomonidan qurilishi boshlangan paxta tozalash zavodi 5 oy davomida 25 mlrd so‘m mablag‘ evaziga barpo etildi. Ayni paytda zavodda 3 smenali jadval asosida ish qizg‘in olib borilmoqda. Har bir smenada 60 nafardan ortiq ishchi-xodim faoliyat yuritadi. Ular uchun transport, 5 mahal ovqat tashkil qilingan. Quvonarlisi, zavod ishchilarining 65 foizini xotin-qizlar tashkil etadi.




“Uyimizgacha avtobusda olib borib, olib kelishadi. Oyliklarni o‘z vaqtida olamiz, har oyda ishimizga qarab mukofot puli beriladi. Ish joyimizda ovqatlanish, maxsus kiyim bilan ta’minlanganmiz”, – deydi Mahfuza Saidvaliyeva.
Klaster rahbari Oybek Po‘latovning aytishicha, hozir zavodda 200 nafar ishchi-xodim faoliyat yuritadi:
“Korxonamiz paxta-to‘qimachilik klasteri bo‘lib, asosiy faoliyatimiz paxtani qayta ishlash. Hozirgi kunda korxonamizda 200 nafar ishchi-xodim ishlaydi. Ularning o‘rtacha maoshlari 2 mln 200 ming so‘mdan boshlanadi. Mukofot pullari bilan 3,5-4 mlngacha maosh olishadi.
2023 yilda 33 mln yevroga Shveytsariyaning “Reter” korxonasidan yangi dastgohlar sotib olishni rejalashtirganmiz. 2023-2024 yillarda o‘z oldimizga dastur qo‘yganmiz. Shu dastur asosida 2023 yil kalava ishlab chiqarish korxonamizni ishga tushiramiz. Bu bilan yana 450 ta ish o‘rni yaratiladi va eksport uchun yo‘l ochiladi. Bundan tashqari mato to‘qish, bo‘yash korxonalari ochish bo‘yicha ham shartnoma qilganmiz. Ikki yil davomida shu korxonalarni qurib, ishga tushirib 2000 tagacha ish o‘rni yaratishni maqsad qilganmiz.


Bu korxonalarni ishga tushirish bilan birga tumanda “Temir daftar”da turgan xotin-qizlarni va ishsiz aholini ish bilan ta’minlashni hamda tumanning salohiyatini oshirishni ko‘zda tutganmiz”, – deydi klaster rahbari.
"Zamon teks" klasteri Xovos tumanidagi fermerlar faoliyati samaradorligini oshirish va ular bilan hamkorlikni mustahkamlash maqsadida yangi yo‘nalishni tanladi. Yil davomida mehnat qilgan fermerlarni rag‘batlantirish uchun mukofot tarzida paxta mahsuldorligini 30 sentnerdan oshirgan fermer xo‘jaliklariga Haj va Umra safarlariga klaster hisobidan yo‘llanma taqdim etmoqda. Bu esa fermer xo‘jaliklari a’zolarining o‘z ishiga yanada ishtiyoqini oshiradi.


Korxona yildan yilga o‘z eksport salohiyatini oshirib borishni maqsad qilgan. "Zamon teks" klasteri 2023 yilda 10 mln dollarlik, 2024 yilda 30 mln dollarlik eksportni amalga oshirishni rejalashtirgan.
Reklama huquqi asosida