Prezident sanoat rivoji uchun yangi imkoniyatlar va qo‘shimcha moliyaviy resurslar berilishini ma’lum qildi
Sanoat rivoji uchun yangi imkoniyatlar taqdim etiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 10 yanvar kuni sanoatni rivojlantirish hamda qo‘shimcha zaxiralarni aniqlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
«Mamlakat iqtisodiyoti va aholi bandligida sanoat juda katta o‘rin tutadi. Bu sohaga zarur sharoit yaratish maqsadida so‘nggi yillarda 19 ta erkin iqtisodiy zona va 400 dan ziyod kichik sanoat zonasi tashkil etildi, ularning infratuzilmasiga 10 trillion so‘m yo‘naltirildi. Shuningdek, to‘qimachilik, kimyo, qurilish materiallari, charm, farmatsevtika, elektr texnikasi kabi tarmoqlarni «drayver»ga aylantirish uchun 3 milliard dollarlik moliyaviy resurslar ajratildi. Sanoatni xomashyo bilan ta’minlash uchun geologiya-qidiruv ishlari 3 barobar ko‘paytirilib, 600 tadan ziyod yangi kon aniqlandi.
Natijada oxirgi besh yilda sanoat korxonalari soni 2 barobar ko‘payib, 100 mingtaga yetdi, ishlab chiqarish hajmi 1,4 baravarga ko‘paydi.
Bu hududlar rivojiga ijobiy ta’sir qilmoqda. Jumladan, Jizzaxda ilgari bo‘lmagan qurilish materiallari, avtomobilsozlik, oziq-ovqat sanoati kabi yangi tarmoqlar paydo bo‘ldi. Birgina qurilish materiallari bo‘yicha 220 ta loyiha ishga tushirilib, viloyat sanoatida bu sohaning ulushi 20 foizdan oshdi.
Samarqand, Sirdaryo, Namangan va boshqa hududlarda metallni qayta ishlash bo‘yicha 19 ta yirik loyiha amalga oshirilgan. Namanganda tashkil etilgan 54 ta yangi kichik sanoat zonasida 2022 yilda 3 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan.
Kimyo sanoatida oxirgi uch yilda ishlab chiqarish hajmi 1,5 baravarga, eksport esa 2 baravarga oshgan», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Shu bilan birga, ayrim hududlarda natijalar imkoniyat darajasida emas. Xususan, 2022 yilda Navoiy, Buxoro va Toshkent viloyatlarida sanoat o‘sishi ko‘ngildagidek bo‘lmagan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Farg‘ona va Xorazmda ip-kalavani qayta ishlash darajasi pastligicha qolgan. Namangan, Samarqand va Navoiyda oziq-ovqat, charm-poyabzal, mebel ishlab chiqarish salohiyati yetarlicha ishga solinmagan.
Shu bois yig‘ilishda joriy yilda sanoatni rivojlantirish, sohaga investitsiyalarni ko‘paytirish va zaxiralarni ishga solish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Davlat rahbari sanoat uchun yangi imkoniyatlar va qo‘shimcha moliyaviy resurslar berilishini ta’kidladi.
Birinchi imkoniyat – bank normativlari qayta ko‘rib chiqilib, tijorat banklarida korxonalarga kredit ajratish uchun qo‘shimcha 55 trillion so‘m resurslar ta’minlanadi. Bu – bitta tumanda o‘rtacha 20 million dollarlik investitsiyaga qo‘shimcha manba, degani.
Ikkinchi imkoniyat – 2023 yilda sanoat zonalari va yirik investitsiya loyihalari infratuzilmasi uchun 1,7 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Shuningdek, «G‘ijduvon» va «Qo‘qon» erkin iqtisodiy zonalari hududi kengaytiriladi. Qoraqalpog‘iston va Qashqadaryoda «Urgut» erkin iqtisodiy zonasining filiallari tashkil etiladi.
Uchinchi imkoniyat – 2023 yildan boshlab, iqtisodiy rivojlanishi orqada bo‘lgan to‘rtinchi va beshinchi toifadagi 60 ta tumanga 27 turdagi soliq imtiyozi, subsidiya va preferensiyalar berilganidir.
To‘rtinchi imkoniyat – gilamchilik, uy tekstili, charm va zargarlik tarmoqlari uchun taqdim etilayotgan yengilliklar. Unga ko‘ra, 2023 yilda to‘qimachilik loyihalariga qo‘shimcha 300 million dollar yo‘naltiriladi. Charm-poyabzal sanoatida 200 dan ortiq turdagi import xomashyo bo‘yicha bojxona imtiyozlari uch yilga uzaytiriladi. Zargar tadbirkorlarga xomashyoni chegirma bilan sotib olish imkoniyati hamda soliq, bojxona va bank imtiyozlari beriladi.
Prezident bu imkoniyatlarni aholi va tadbirkorlarga yetkazib, joylarda loyihalarni ko‘paytirish zarurligini ta’kidladi.
Sanoat zonalarida 1 ming 264 ta loyiha ishga tushirilishi aytildi. Shuningdek, Navoiy viloyatida 6-gidrometallurgiya zavodini hamda Olmaliqda 3-mis boyitish fabrikasini ishga tushirish, Andijonda zamonaviy quyuv sexini va Chirchiqda qishloq xo‘jaligi mashinasozlik klasterini to‘liq quvvatga chiqarish ham muhim vazifalardan.
Mutasaddilarga sanoat kooperatsiyasini kengaytirib, 6 milliard dollarlik mahalliylashtirish loyihalarini amalga oshirish, hududiy investitsiya dasturlariga kiritilgan 3 mingga yaqin loyihalarni vaqtida ishga tushirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Umuman, barcha manbalar evaziga joriy yilda sanoatni 14 foizga oshirish imkoniyati borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan sanoat tarmoqlari rahbarlari va hokimlar o‘z reja va takliflarini bildirdi.
Mavzuga oid
14:00 / 29.01.2024
Prezident xorijda YTH qurboniga aylanayotgan migrantlar masalasiga to‘xtaldi
13:17 / 29.01.2024
Tajriba tariqasida 5 ta shaharda suv ta’minotiga xususiy sheriklar jalb qilinadi
20:35 / 26.01.2024
Ta’lim sohasida islohotlarni yagona konsepsiya asosida amalga oshirish bo‘yicha Loyiha ofisi tashkil qilinadi
18:48 / 25.01.2024