Jahon | 10:01 / 12.01.2023
10298
3 daqiqa o‘qiladi

Belarusda prezidentlikka sobiq nomzod Dmitriyev qo‘lga olindi

So‘nggi saylovlarda Andrey Dmitriyev Belarusning amaldagi rahbari Aleksandr Lukashenkoning ro‘yxatga olingan to‘rt raqibidan biri edi.

Andrey Dmitriyev / Foto: TASS

2020 yilgi saylovlarda Belarus prezidentligiga sobiq nomzod, tugatilgan «Haqiqatni ayt» jamoat birlashmasi hamraisi Andrey Dmitriyev Minskda qo‘lga olindi. Bu haqda 12 yanvar, payshanba kuni «Zerkalo» nashri va «Vesna» inson huquqlari markazi xabar berdi. Ularga ko‘ra, siyosatchi Okrestin ko‘chasidagi Minsk tergov izolyatorida. Uning qo‘lga olinishi sababi noma’lumligicha qolmoqda.

Andrey Dmitriyev - «Haqiqatni ayt» jamoat harakatining sobiq hamraisi. U 2010 yilda tashkil etilgan. Birinchi rahbar 2010 yilgi prezidentlik saylovlarida nomzod sifatida qatnashgan belarus shoiri Vladimir Neklyayev edi. Keyingi prezidentlik saylovlarida «Haqiqatni ayt» nomzod Tatyana Korotkevich uchun platformaga aylandi. U 4,44 foiz bilan ikkinchi o‘rinni egalladi.

2020 yilgi saylovlarda Andrey Dmitriyevning o‘zi Belarusning amaldagi rahbari Aleksandr Lukashenkoning ro‘yxatga olingan to‘rt raqibidan biriga aylandi. Mamlakat MSK ma’lumotlariga ko‘ra, u 1,21 foiz ovoz olgan. Siyosatchi saylovoldi tashviqoti chog‘ida saylovda qatnashishiga ruxsat berilmagan Sergey Tixanovskiy, Viktar Babariko va Valeriy Tsepkaloni qo‘llab-quvvatlagan.

«Haqiqatni ayt» uyushmasining o‘zi Belarus Oliy sudi tomonidan 2021 yil oktabr oyida tashkilot faoliyatida aniqlangan qonunbuzarliklar tufayli tugatilgan. Dmitriyev avvalroq sudning qaroriga qaramay, «Haqiqatni ayt» vakillari o‘z faoliyatini davom ettirishini aytgan edi. Dmitriyev xavfsizlik kuchlari tomonidan bir necha bor qo‘lga olingan, oxirgi marta - 2022 yil avgustida, biroq keyinroq qo‘yib yuborilgan.

Belarusda prezidentlik saylovlari 2020 yil 9 avgust kuni bo‘lib o‘tdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Lukashenko ularni 80,10 foiz ovoz bilan yutgan, Svetlana Tixanovskaya 10,12 foiz ovoz bilan ikkinchi o‘rinni egallagan. Rasmiy natijalar e’lon qilingandan so‘ng mamlakatda bir necha oy davom etgan ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. Ovoz berish natijalari soxtalashtirilganiga ishonch hosil qilgan fuqarolarning tinch namoyishlari "OMON" va maxsus kuchlar tomonidan bostirildi. Ko‘plab muxolifat yetakchilari qo‘lga olindi yoki chet elga chiqib ketdi.

Mavzuga oid