Ishni o‘zbek chinovniklariga xos tarzda majlisbozlikdan boshlagan Ulug‘bek Qosimov denovlik fermerlar bilan uchrasharkan, ularga jumladan shunday deydi:
“Hamma fermer qulog‘iga quyib olsin. Ertaga kechgacha muhlat. Agar uch kun ichida bir sotix yer qolsayam birovda, klasterdan ham ayrilasiz, fermerlikdan ham ketasiz. Denovda klasterchi bo‘laman degan son mingta...”

Shundan keyin hokim ichki ishlar rahbariga yuzlanadi:
“329 ta kultivatordan 143 tasi kirmagan dalaga. Siz o‘zi nima ish bilan shug‘ullanasiz? Sizga men bir kun muddat bergan edim-ku Muzrabotda. Nega shu paytgacha tugatmadingiz? Men texnikani olib kir deb “nachalnik militsiya”ga yig‘ degandim. “Komanda”ni bajarmay qo‘yganmisiz? Forma kiyib yuribsizmi, formasizmi? Qulog‘ingiz tom bitganmi, bunisidan kirib, bunisidan chiqib ketadimi? Ertalab borib nima ish qilyapsiz, g‘allaning rasvosi chiqib yotgan bo‘lsa, shudgor qilinmagan bo‘lsa? Ko‘kat, karamlarni yig‘ishtirasan deb aytdim men”.

Ulug‘bek Qosimov so‘zining davomida yana fermerlarga yuzlanadi:
“Bu hafta Denovga kelaman. Fermerlar, hamma bilib olsin. Yig‘ishtirasizlar, ertadan hamma fermer dalaga chiqsin. 100 foiz ishchilarni olib chiqib, ariqni qaziymiz, dala atroflarini tozalaymiz, yoqamiz. Mubolag‘asiz aytyapman: uch kundan keyin 1 sm bo‘lsa ham shudgor qilinmagan yer topib olsam, xafa bo‘lmanglar mendan. Yerdan “moment” ayrilasiz.
Hamma o‘g‘it bergan fermer suvini tarasin. “To‘palang”ning ham “komanda”sini berdim, suvni ochadi. Qayergacha bo‘lsa ochib, joy-joyiga qo‘yasiz. Menga hal qilib, doklad qiling ertaga. Tushunarlimi?
“Mustaqillik” bormi? Sizda qancha karam turibdi yerda? Tez oldiring. Tushundingizmi? “Sharof Rashidov” rasvo deb eshityapman, “Oxunboboyev” tugab tamom bo‘lgan deydi. Hozir bunga “G‘alaba” ham qo‘shilganmish, “kasallik” o‘tib ketibdi... “Sobir Rahimov” – hozir eng yomoni. Mana shulardan boshlab har kuni ko‘rib, menga doklad qilib beradi. Qilmaganiga qattiq-qattiq chora ko‘ramiz”.









