Jahon | 21:38 / 13.01.2023
32254
15 daqiqa o‘qiladi

AQSh Vakillar palatasi spikeri 15-urinishda saylandi. Endi Ukrainaga yordam qisqarishi mumkinmi?

Jabin Botsford / The Washington Post / Getty Images

2023 yilning 7 yanvarida, to‘rt kun davom etgan 15 raundlik ovoz berishdan so‘ng, Vakillar palatasi spikeri lavozimiga respublikachilar fraksiyasi rahbari Kevin Makkarti saylandi. Ushbu kechikishga asosiy sabab — uzoq vaqt davomida Makkartiga qarshi ovoz berib kelgan konservativ qanotdagi o‘zining partiyadoshlari edi. Ularning qo‘llab-quvvatlashiga erishish uchun Makkarti bir qator yon berishlarni amalga oshirishiga to‘g‘ri keldi. Bu qanday yon berishlar edi, Kevin Makkarti aslida kim va uning saylanishidagi intriga Ukrainadagi urushga qanday ta’sir qiladi?

2022 yil 8 noyabrda AQSh Kongressiga oraliq saylovlar bo‘lib o‘tdi. Saylovning asosiy intrigasi Respublikachilar partiyasining mutlaq g‘alabasi, ularning har ikki palatada yaqqol ustunlik bilan g‘alaba qozonishi bashorati edi. Biroq, natija ancha kamtarroq bo‘ldi: respublikachilar Vakillar palatasida 222 o‘ringa ega bo‘ldi, demokratlar Senatda nafaqat nazoratini saqlab qoldi, balki qo‘shimcha bitta o‘ringa ham ega bo‘ldi.

Natijalar unchalik ta’sirchan bo‘lmaganiga qaramay, respublikachilar yanvar oyida ish boshlaydigan yangi Kongressning quyi palatasi ustidan nazoratni qo‘lga kiritdi. Ammo saylovoldi dasturini amalga oshirishni boshlash uchun ular Vakillar palatasi spikerini saylashi kerak edi. Bu lavozim AQShda prezident va vitse-prezidentdan (u bir vaqtning o‘zida Senatni ham boshqaradi) keyin uchinchi eng muhim siyosiy lavozim hisoblanadi. Ushbu mansabga asosiy da’vogar kaliforniyalik kongressmen, 2014 yildan buyon respublikachilar fraksiyasi rahbari bo‘lib kelayotgan Kevin Makkarti edi.

Yosh mergan

Kevin Makkartining siyosiy karerasi 1980-yillarda, respublikachi kongressmen Bill Tomasning yordamchisi, so‘ngra uning okrug ofisi direktori bo‘lganida boshlangan. Bill Tomas Makkarti hozir vakili hisoblangan okrugdan saylovlarda qatnashgan. 2002 yilda Tomasning qo‘llovi bilan Makkarti Kaliforniya shtati qonun chiqaruvchi organi deputatligiga saylanadi va bir yildan so‘ng undagi respublikachilar fraksiyasi rahbari bo‘ladi. 2006 yil Bill Tomas nafaqaga chiqqanida, Makkarti mamnuniyat bilan ustozining o‘rnini egallaydi va saylovda osongina g‘alaba qozonadi. To‘g‘ri, hozir Tomas o‘quvchisidan norozi kayfiyatda, u Donald Trampni qo‘llab-quvvatlagani uchun shogirdini ikkiyuzlamachi deb atagan.

Kongressga kirgan Makkarti juda tez «ko‘tarila» boshlaydi. Kongressdagi ikkinchi muddatidayoq u partiya «qamchisi»ning (partiya qamchisi — majoritar davlatlarda partiya a’zolarining partiya umumiy yo‘nalishiga muvofiq ovoz berishini nazorat qiluvchi shaxs) o‘rinbosari etib saylanadi. 2010 yilda respublikachilar Vakillar palatasida ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritgach, avvalgi «qamchi» Erik Kantor fraksiya yetakchisi lavozimiga ko‘tariladi va uning joyini Makkarti egallaydi.

Aktyor Kevin Speysi mashhur «Qartadan qurilgan uy» teleserialidagi Frenk Andervud roliga tayyorgarlik ko‘rayotganda, bir necha marta Makkarti bilan uchrashgan. Makkarti aktyorga Kongressning ichki holati va «qamchi»ning o‘ziga xos xususiyatlarini tushunishga yordam bergan. Makkartining so‘zlariga ko‘ra, Speysi «O‘z okrugingiz uchun ovoz bering, o‘z vijdoningiz uchun ovoz bering, faqat meni ajablantirmang» degan jozibali iborani aynan undan o‘g‘irlagan va serialda ishlatgan.

Kantor ketishi bilan Makkarti 2014 yilda Respublikachilar fraksiyasi yetakchisiga aylanadi. Bir yil o‘tgach, u spiker bo‘lishga harakat qiladi, biroq ko‘pchilik hamkasblarining qo‘llab-quvvatlashiga erisha olmasligini anglab, poygadan chiqadi va Viskonsin shtati vakili Pol Rayanga yo‘l berib, fraksiya rahbarligida qoladi. 2018 yilda Trampning ittifoqchilari bilan umumiy til topisha olmagan Rayan nafaqaga chiqadi va butunlay siyosatdan ketadi. Demokratlar Vakillar palatasida ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritadi va Makkartining partiya ichida nufuzli raqobatchisi qolmaydi. Uning o‘zi respublikachilarning markaziy qanoti vakili hisoblanadi. Rayan partiyadan ketganidan beri uning yetakchilik pozitsiyasi uchun barcha raqiblari faqat ultra-konservatorlar orasidan bo‘lgan.

Kevin Makkarti va AQShning o‘sha vaqtdagi prezidenti Donald Tramp mitingda. 2020 yil 19 fevral, Beykersfild, Kaliforniya
David McNew / Getty Images

Makkarti 2016 yilgi prezidentlik kampaniyasida Trampni faol qo‘llab-quvvatlagan, uning ma’muriyati tarafdori bo‘lib qolgan, impichmentga urinish paytida prezident Trampni himoya qilgan va uning 2020 yilgi prezidentlik saylovlarida keng ko‘lamli firibgarlik sodir etilgani haqidagi da’volarini takrorlagan. Ularning munosabatlaridagi kelishmovchilik 2021 yil 6 yanvardagi tartibsizliklar (Kapitoliyga hujum) tufayli yuzaga keladi, bu voqea Makkartini jiddiy qo‘rqitib qo‘yadi. Partiyadoshlari bilan yopiq uchrashuvda u Trampni keskin qoralagan va impichment partiyaga zarar yetkazmasligi uchun uni iste’foga chiqishga undashini aytgan.

Ammo bu g‘oya partiya a’zolari orasida qo‘llovga erishmagach, Makkarti juda ehtiyotkor siyosatchi sifatida bu haqida omma oldida gapirmagan. U ikkinchi impichment paytida tezda Trampning himoyasiga chiqadi va tartibsizliklarga hech qanday aloqasi yo‘qligini ta’kidlaydi. Keyinroq partiyani Trampning raqiblaridan tozalashni, jumladan, kongressmen Liz Cheyni Respublikachilar fraksiyasidagi uchinchi eng muhim lavozimdan chetlatishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Tramp bilan yoki Trampsiz Makkarti doim spiker bo‘lishni orzu qilgan. 2022 yilgi saylovlar nihoyat uning bu orzusini amalga oshirishi uchun ajoyib imkoniyat bo‘lishi kerak edi. Ammo buning uchun saylov kampaniyasidagi unchalik yaxshi bo‘lmagan natijalar ham uning yo‘liga to‘sqinlik qilmasligi lozim edi.

«Parlament jahannami»ning 15 raundi

Vakillar palatasi spikeri etib saylanishi uchun Makkarti Kongress a’zolarining 218 ovozini olishi kerak edi. Respublikachilar palatada 222 o‘ringa ega bo‘lgach, Makkartining AQShdagi uchinchi eng muhim lavozimni egallashi amalda kafolatlangandek ko‘rindi. Ammo noyabrdagi saylovlardan ko‘p o‘tmay, bir qancha konservativ respublikachi kongressmenlar Makkartining spikerlikka nomzodini qo‘llab-quvvatlamasligini ma’lum qildi. Unga qarshi chiqqan respublikachilarning doirasi kichikligini hisobga olgan holda Makkarti to‘rtta ovoz unga qarshi chiqishiga yo‘l qo‘yishi mumkin edi. Biroq dastlab besh kishi uning nomzodiga qarshi chiqdi.

Avvaliga bu ultra-konservatorlarning shunchaki tahdidi va tegishli qo‘mitalardagi o‘rinlar uchun savdolashishga urinishi bo‘lib ko‘rindi. Chunki, shaxsiy ambitsiyalari uchun o‘z partiyasini butun mamlakat ko‘z o‘ngida sharmanda qilish juda absurd ish edi. Ammo hammasi Respublikachilar partiyasi yetakchisi tasavvur qilganidan ham yomonroq bo‘lib chiqdi: 3 yanvar kuni, yangi yildan keyin birinchi marta o‘tkazilgan Vakillar palatasining 118-chaqirig‘ida Makkarti to‘rt yoki besh partiyadoshi emas, naq yigirma partiyadoshining ovozidan mahrum bo‘ldi.

Ularning barchasi partiyaning «Ozodlik kokusi» nomi bilan tanilgan konservativ qanoti a’zolari edi. Shundan so‘ng, Trampning o‘zi ham ommaviy ravishda Makkarti nomzodini qo‘llab-quvvatladi, biroq uning so‘zlari uzoq vaqt davomida respublikachi konservatorlar pozitsiyasiga ta’sir qilmadi. Demokratlar esa partiyaning yigirma yillik yetakchisi Nensi Pelosi o‘rnini egallagan o‘zlarining yangi rahbari, Nyu-York shtati vakili va partiya tashkilotchisi Hakim Jyeffrisni barcha 212 ovoz bilan to‘liq qo‘llab-quvvatladi.

Nima uchun spikerni saylash bunchalik muhim? Chunki bu yangi chaqirilgan Kongressning ilk vazifasidir. Faqat shundan keyingina yangi saylangan kongressmenlar qasamyod qiladi, qo‘mitalarga taqsimlanadi, Vakillar palatasining reglamenti aniqlanadi va budjetlar tasdiqlanadi. Ovoz berish davom etar ekan, palata 13 yanvar kuni maosh olishi kerak bo‘lgan o‘z xodimlarining maoshlarini ham tasdiqlay olmaydi va to‘lay olmaydi, degan xavotirlar paydo bo‘ldi.

Bundan tashqari, yana bir qiziq holat ham paydo bo‘layotgandi. Yangi Kongress o‘z vazifasiga kirishmas ekan, parlamentning Razvedka qo‘mitasi a’zolari maxsus xizmatlarning doimiy hisobotlarini eshita olmas edi, chunki bu vaqtga kelib ularning davlat sirlariga kirish huquqi tugagan, yangisi esa berilmagandi. Ularga bu huquqni beruvchi yangi chaqirilgan Kongress esa hali qo‘mitaning yangi a’zolarini tasdiqlamagan va vazifasiga kirisha olmayotgan edi.

Qayd etish joizki, Vakillar palatasi spikerining saylanmay qolishi juda kam uchraydigan holat: oxirgi marta bu roppa-rosa 100 yil avval, 1923 yilda, spiker to‘qqizinchi urinishda saylanganda sodir bo‘lgan. Ovoz berish raundlari soni bo‘yicha mutlaq rekord esa 1855 yil, Fuqarolar urushidan bir necha yil oldin o‘rnatilgan. O‘shanda kongressmenlar 133 marta ovoz berishiga to‘g‘ri kelgan.

Makkarti 3 kun davom etgan 10 raund ovoz berishda belgilangan 218 ovozga yaqinlasha olmagach (aksincha, u yanada uzoqlashdi), vaziyatni uch yo‘l bilan hal qilish mumkinligi ayon bo‘ldi:

  • Makkarti baribir o‘zining konservativ partiyadoshlarini unga ovoz berishga ishontirishi kerak edi. Masalan, bir qator muhim qo‘mitalar raisligini (palata kun tartibini nazorat qilish imkonini beradigan juda muhim lavozimlar) ularga berish orqali. Makkarti esa aksincha, yopiq yig‘ilishda unga qarshi ovoz berganlarning barchasi qo‘mitalardagi o‘rinlarini yo‘qotishiga va’da bergan. To‘g‘ri, bu shubhali tahdid, chunki ularning ovozlarisiz u shunchaki g‘alaba qozonishi mumkin emasdi. Makkartining o‘zi konservatorlarning ba’zi talablarini bajarishga, xususan, spikerni lavozimidan chetlashtirish jarayonini soddalashtirishga va’da bergan. Biroq, konservatorlar muzokaralarda qanchalik qulay pozitsiyada ekanliklarini allaqachon his qilgan va ko‘proq narsa talab qilgan;
  • Makkarti hech qanday tarzda 218 ovoz ololmasligini tushunadi va nomzodini qaytarib oladi. Shundan so‘ng respublikachilar partiyani birlashtira oladigan boshqa figurani izlashga majbur bo‘ladi;
  • Liberal respublikachilarning bir qismi (besh nafari kifoya) demokratlar bilan birlashib, murosachi sifatida spiker lavozimiga mo‘’tadil nomzodni tanlaydi. Noyabr oyida kamida bir respublikachi kongressmen bu haqda gapirgan edi.

Oxir-oqibat birinchi variant g‘alaba qozondi. 12 raundda avvalgi raundlarda Makkarti nomzodiga qarshi chiqqan 14 nafar respublikachi uni qo‘llab-quvvatlab ovoz berdi. Ammo shunda ham Makkarti spiker bo‘lishi uchun yana kamida to‘rtta ovoz kerak edi. Unga ovoz bermagan respublikachilar orasida esa uning eng prinsipial raqiblari qolgandi.

Ovoz berishning 15-raundida Kevin Makkarti baribir Vakillar palatasi spikeri etib saylandi. To‘g‘ri, u 218 ta ovoz to‘play olmadi. Makkartiga hech qachon ovoz bermaslikka va’da bergan eng prinsipial respublikachilardan olti nafari shunchaki ovoz berishda betaraf qoldi va shu tariqa Makkarti uchun zarur bo‘lgan ovoz chegarasini 216 taga tushirdi.

AQSh kongressi xodimi Vakillar palatasi spikeri kabinetiga Kevin Makkarti ismi yozilgan yangi tablichkani o‘rnatmoqda. 2023 yil 7 yanvar
Nathan Howard / Getty Images

Konservatorlar tomonidan garovga olingan

Shubhasiz, respublikachi konservator raqiblarning ovozini olish uchun Makkarti bir qancha yon berishlarga borishi va ularga qandaydir va’dalar berishi kerak edi. Ularning aniq mazmuni hozircha noma’lum (ba’zi respublikachi kongressmenlar ular faqat og‘zaki tarzda bo‘lganini aytgan, boshqalari esa va’dalar yozma ravishda mustahkamlanganiga ishonch bildirgan), ammo ma’lumotlarga tayanib, o‘zgarishlarning ko‘lamini taxminan baholash mumkin:

  • endilikda bir respublikachi kongressmenning tashabbusi spikerga ishonchsizlik votumini boshlash uchun yetarli bo‘ladi. Bu 20 nafar respublikachi konservatorga Makkartini kalta arqonda ushlab turishga yordam beradi;
  • konservatorlarning bir qismi muhim budjet va amaliy qo‘mitalaridagi o‘rinlarga ega bo‘ladi. Amaliy qo‘mitalar Vakillar palatasi ishining reglamentini, xususan, qonun loyihalari va ularga o‘zgartirishlar kiritish hamda qabul qilish jarayonini belgilaydi;
  • qonun loyihalari matnlarini ovozga qo‘yishdan oldin o‘rganish uchun 72 soatlik muddat joriy etiladi;
  • budjet xarajatlari, shu jumladan Pentagon budjeti 2022 yil darajasida muzlatiladi. Bu Kongress orqali Ukrainaga qo‘shimcha harbiy yordam ajratish to‘g‘risidagi qonun loyihalarini qabul qilishni sezilarli darajada murakkablashtirishi mumkin;
  • budjet xarajatlarini kamaytirmasdan davlat qarzi chegarasini oshirmaslikka va’da berish (bu uchun kurash 2023 yilning birinchi choragida boshlanishi kerak). Va bitta umumiy budjet loyihasi o‘rniga 12 ta alohida qonun loyihasi yaratish;
  • konservatorlar uchun ustuvor qonun loyihalarini ovozga qo‘yish majburiyati, jumladan, abortni taqiqlash, migratsiya nazoratini kuchaytirish, kongressmenlar uchun muddatlar soniga maksimal cheklov qo‘yish va hatto ekzotik soliq islohoti o‘tkazish. Ammo bularning barchasi demokratlar ko‘pchilik bo‘lgan Senat tasdig‘idan o‘tish ehtimoli juda past;
  • maxsus xizmatlar va boshqa federal organlardan siyosiy maqsadlarda foydalanishni tekshirish bo‘yicha qo‘mita tuzish. Ehtimol, yaqin orada Afg‘onistondan qo‘shinlar olib chiqilishi va prezident Baydenning o‘g‘li Hanterning ishini tekshirish uchun alohida qo‘mitalar paydo bo‘ladi.

Makkartining konservatorlar bilan kelishuvlari qanchalik rasmiylashtirilganligi va u ularni to‘liq amalga oshirishga harakat qilishi yoki qilmasligidan qat’i nazar, bundan buyon uning pozitsiyasi ancha qaltis. U respublikachi konservatorlarning qo‘llab-quvvatlashiga tayanadi va agar ular undan yetarlicha imtiyoz olmayotganini his qilsa, istalgan vaqtda bu qo‘llovni qaytarib olishi mumkin. Ehtimol, Respublikachilar partiyasi o‘zining eng radikal ozchilik (uning vakillari allaqachon «Tolibon yigirmataligi» deb atalmoqda) guruhi tomonidan garovga olinishi kelajakda mo‘’tadilroq qanotni demokratlar bilan ittifoq tuzishga majbur qilishi mumkin.

Mavzuga oid