Jahon | 19:31 / 15.01.2023
21630
3 daqiqa o‘qiladi

Vaxtang Kikabidze vafot etdi

2023 yil 15 yanvarida sovet va gruzin aktyori, qo‘shiqchi va rejissyor Vaxtang Kikabidze 85 yoshida vafot etdi. Bu haqda avvaliga Gruziyaning «Mtavari arxi» telekanali xabar berdi, keyinroq artistning yaqinlari OAVga uning o‘limi haqidagi ma’lumotni tasdiqlashdi.

Foto: ITAR-TASS

Vaxtang Konstantinovich Kikabidze 1938 yil 19 iyulida Tbilisida tug‘ilgan. Uning otasi Konstantin Kikabidze jurnalist bo‘lib ishlagan, onasi - Manana Bagrationi - professional qo‘shiqchi bo‘lgan.

Maktabni bitirgach, Vaxtang Tbilisi davlat universitetiga o‘qishga kiradi. Ikkinchi kursligida o‘qishni tashlaydi va 1959 yilda Tbilisi filarmoniyasi artistiga aylanadi. Keyinroq Tbilisi xorij tillari davlat institutida o‘qiydi, ammo uni ham tamomlamaydi.

1966 yilda Vaxtang Kikabidze ilk bor rejissyor Nikolay Sanishvilining «Tog‘lardagi uchrashuv» (Vchtrecha v gorax») nomli musiqali komediyasida suratga tushadi. Uch yil o‘tib rejissyor Georgiy Daneliya Kikabidzeni o‘zining «Yig‘lama» («Ne goryuy!») nomli tragikomediyasida yosh vrach Benjamen Glonti roli uchun taklif etadi.

U o‘z faoliyati davomida sovet va gruzin kinosida o‘nlab rollar ijro etgan. Kikabidzega shuhrat keltirgan rollaridan biri - Georgiy Daneliyaning «Mimino» filmidagi Valiko Mizandari obrazi edi. U shuningdek «Yig‘lama!» («Ne goryuy!»), «Veriyskiy kvartali medodiyasi» («Melodii Veriyskogo kvartala», «TASS ma’lum qilishga vakolatli...» («TASS upolnomochen zayavit...») kartinalaridagi ijrolari bilan ham muvaffaqiyat qozongan.

1981 yilda Vaxtang Kikabidze o‘z ssenariysi asosida «Sog‘ bo‘l qadrdon» («Bud zdorov, dorogoy!») filmini ishlaydi, bu film 1983 yilda Gabrovo festivalida Gran-pri oladi. 1985 yilda Kikabidze «Erkak va qolganlar» («Mujchina i vse ostalnyye») kartinasini suratga oladi, unda o‘zi bosh rolni ijro etadi.

Uning filmografiyasida jami 20 dan ortiq kartina bor.

Kinoaktyorlikdan tashqari Kikabidze estrada qo‘shiqchisi sifatida nom qozongan. 1967 yildan boshlab uzoq vaqt davomida u «Orera» ansambli solisti bo‘lgan, keyinroq yakkaxon konsertlar bergan.

1978 yilda u SSSR Davlat mukofoti laureati bo‘lgan. 1980 yilda - Gruziya xalq artisti, 2013 yilda - Ukrainada xizmat ko‘rsatgan artist unvonlarini olgan. RF «Do‘stlik» ordeni va Kremlda yubileyi o‘tkazilishini rad etgan.

2018 yil iyunida Germaniyaning Deutsche Welle nashriga bergan intervyusida Kikabidze 1991 yilda SSSR qulashidan juda xursand bo‘lgani va bu voqea sharafiga «hatto stol bezatgani»ni aytgandi.

2008 yil avgustida Rossiyaning Gruziyaga bosqinidan keyin aktyor Rossiyaga borishni bas qilgan. 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga bosqinini keskin qoralab chiqqan.

2020 yil 31 oktyabrida Kikabidze Gruziya parlamenti deputatiga aylangandi - u Mixail Saakashvilining muxolifat blokidan saylangan va parlamentda madaniyat bo‘yicha qo‘mitada ishlay boshlagandi.

Mavzuga oid