Belgoroddagi harbiy qismda bexosdan granata portlashi oqibatida 3 kishi halok bo‘lib, 16 kishi yaralandi
Belgorod oblastida serjant askarlar orasida obro‘sini oshirish uchun granata portlatgan.
Rossiyaning Belgorod oblasti Korochanskiy rayoni Tonenkoye qo‘rg‘onidagi rossiyaliklar harbiy qismida o‘q-dorilar detonatsiyasi oqibatida uch kishi halok bo‘lib, 16 kishi jarohat olgan. Bu haqda «Interfaks» favqulodda xizmatlarga tayanib ma’lumot berdi. Nashrga ko‘ra, yana sakkiz kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.
Mash ma’lumotiga ko‘ra, bu 14 yanvar kuni ertalab, Moskva vaqti bilan soat 4:50 da sodir bo‘lgan. Portlash sobiq madaniyat uyi binosida yuz bergan, bu yerda rossiyalik harbiylar joylashtirilgandi. Favqulodda xizmatlarning «Interfaks»ga ma’lum qilishicha, serjant (boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, katta serjant) yotoqxonada tasodifan qo‘l granatasini portlatib yuborgan, oqibatda vzvod boyekomplekti (snaryad yoki patronlar komplekti) portlab, yong‘in boshlangan.
«112» Telegram-kanali yozishicha, binoda granata portlashi ortidan «qurol saqlanadigan xonadagi o‘q-dorilar portlagan». Yong‘in 450 kvadrat metr maydonni qamrab olgan. Portlash uyushtirgan harbiy omon qolgan va shifoxonaga yotqizilgan. Qo‘shni binolardan 15 kishi evakuatsiya qilingan, mahalliy aholidan hech kim jabrlanmagan.
Baza nashrining ta’kidlashicha, bo‘linmadagi portlashni Sverdlovsk oblastidan kelgan harbiy xizmatchi uyushtirgan (ismi ko‘rsatilmagan), yaradorlar va halok bo‘lganlarning barchasi — safarbar qilinganlar edi. «Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, harbiy xizmatchi qo‘l ostidagilar orasida obro‘ qozonish uchun qo‘liga RGD-5 granatasini olgan», — deya yozadi Baza.
«112» ma’lumotiga ko‘ra, hodisa yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, ammo qanday modda bo‘yicha ekani aniq emas. ReN telekanali xabar qilishicha, Tonenkoye qo‘rg‘oni o‘rab olingan, uning hududiga jurnalistlar qo‘yilmayapti.
Belgorod oblasti Ukraina bilan chegaralangan, uning hududida rossiyalik harbiylarning bir qancha baza va poligonlari joylashgan. 2022 yil fevralida ushbu hududdan Ukrainaning Xarkiv oblastiga bostirib kirilgandi.
Mavzuga oid
14:24
«Eng yirik havo hujumlaridan biri». RF qo‘shini Ukraina bo‘ylab yopirilma zarbalar uyushtirdi
10:05
Trampning qaytishi: Ukraina masalasida AQSh va Yevropaning pozitsiyasi bo‘linadimi?
14:00 / 16.11.2024
Umerov: Ukraina Rossiya tomonidan egallab olingan barcha yerlarni qaytarib olmoqchi
13:46 / 16.11.2024