Jahon | 19:42 / 17.01.2023
50639
10 daqiqa o‘qiladi

Endi g‘alaba kimniki ekani bahsi. Rossiya armiyasidagi bo‘linish tobora ko‘proq namoyon bo‘lmoqda

Rossiya mudofaa vazirligi o‘z qo‘shinlari Soledarni qo‘lga kiritganini e’lon qilgach, «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi rahbari harbiylarni birovning yutug‘ini o‘g‘irlashda aybladi. Ukraina esa bu yerda hamon janglar borayotganini ma’lum qilgan.

Russian Defense Ministry/EPA, via Shutterstock

Rossiyaning 13 yanvar kuni Ukraina sharqidagi Soledar shahrini egallagani haqidagi bayonoti Moskvaning harbiy amaliyotlarida tobora kuchayib borayotgan ziddiyatlarni oshkor qildi. Aynan shu g‘alaba xabaridan so‘ng rus harbiylari va bir guruh xususiy yollanma askarlar ushbu muvaffaqiyat sababchisi kim ekanligi bo‘yicha ochidan ochiq tortishuvga kirishdi.

Rossiya mudofaa vazirligi o‘z bayonotida o‘z kuchlari Soledar shahri ustidan nazoratni qo‘lga olgani, bu Rossiyaning so‘nggi bir necha oy ichida erishgan eng katta jangovar muvaffaqiyati bo‘lishi mumkinligini aytgan. Biroq bayonotda janglarda qatnashgan, Kreml bilan bog‘liq bo‘lgan «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasining g‘alabadagi o‘rni haqida umuman tilga olmagan.

Bu bayonotdan ko‘p o‘tmay, «Vagner»ning katta qo‘mondoni Andrey Troshev RF mudofaa vazirligini «birovning yutuqlarini o‘g‘irlash»da aybladi. 14 yanvar kuni «Vagner» Soledar uning jangchilari tomonidan qulatilgani, Rossiya armiyasi bu amaliyotda ishtirok etmagani, faqat Kremlgina bu da’voga qarshi chiqishini qat’iy ta’kidladi.

Bir necha oydan beri davom etayotgan shiddatli janglar va og‘ir talafotlardan so‘ng, hozirda Soledarni aslida kim nazorat qilayotgani noma’lumligicha qolmoqda. Ukraina harbiylarining aytishicha, ularning qo‘shinlari shaharning bir qismini hamon o‘z nazoratida saqlab turibdi, biroq Rossiya ushbu hududga katta miqdordagi kuchlarni tashlagan va vaziyat o‘zgaruvchan.

Soledarni egallash Rossiya uchun, bir necha oylardan beri janglar davom etayotgan Baxmut shahri atrofida yangi artilleriya pozitsiyalarini yaratadi. Ammo tahlilchilar fikriga ko‘ra, Soledarning o‘zi unchalik muhim strategik ahamiyatga ega emas va uning bosib olinishi Ukraina sharqi uchun kurashni jiddiy o‘zgartirishi dargumon.

Vashingtonda joylashgan Urushlarni o‘rganish instituti 12 yanvar kuni geografik kadrlarga asoslanib, rus qo‘shinlari Soledar shahrining katta qismini nazorat qilayotganini tasdiqladi. Shuningdek, shaharning qo‘lga kiritilishi «eng yaxshi holatda ham ruslarning katta xarajatlar evaziga erishgan pirrik (mag‘lubiyatga teng g‘alaba) taktik g‘alabasi» bo‘lishi qo‘shimcha qilindi.

Soledarning katta qismida binolar vayron bo‘lgan, ko‘plab inshootlar snaryadlar tushishi oqibatida jiddiy shikastlangan. Shaharning urushdan oldingi 10 ming aholisining katta qismi qochib ketgan. Rossiya armiyasining bir necha oylik muvaffaqiyatsizliklari, xususan, sentabr oyida Xarkivda jiddiy zarbaga uchrab, tartibsiz chekinishi, noyabr oyida Xersonni tashlab chiqishi va sharqda og‘riqli mag‘lubiyatga uchrashidan keyin Rossiya harbiy rahbariyati Soledar shahrini o‘zi uchun rag‘bat sifatida ko‘rdi. Va mukofot ramziga aylangan bu shaharni egallash uchun qattiq harakat qilishni boshladi.

«Vagner» va rus harbiylari o‘rtasidagi oshkora ziddiyat Rossiya Ukrainaga bostirib kirgandan beri davom etayotgan chuqur bo‘linish va tartibsizlikni ko‘rsatadi. 13 yanvar kuni kechga yaqin Rossiya harbiylari vaziyatni iliqlashtirishga harakat qildi. Mudofaa vazirligi ikkinchi marta bayonot berib, bu safar «Vagner» jangchilarining xizmatlarini e’tirof etdi.

Vazirlik yangi bayonotida Soledarni egallashda turli guruhlar birgalikda harakat qilganini ta’kidlagan. Shuningdek, keyingi bayonotda, shahar kvartallariga to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum «Vagner» kompaniyasining ko‘ngilli hujum otryadlarining «jasoratli va fidokorona harakatlari bilan amalga oshirilgani» qo‘shimcha qilingan.

«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin bir necha oy ichida Rossiyaning urushdagi harakatlarida muhim o‘rin egalladi. U o‘z kompaniyasiga qamoqxonalardagi mahkumlarni yolladi, o‘zining qiruvchi samolyotlari va tanklariga ega bo‘ldi, rus generallarini ochiqchasiga haqorat va mazax qildi.

Tahlilchilarning aytishicha, Prigojin Rossiya harbiylarining Ukrainadagi muvaffaqiyatsizliklaridan foydalanib, ​​«Vagner»ning urushdagi rolini ta’kidlagan holda, prezident Vladimir Putin oldida o‘z obro‘sini oshirishga harakat qilgan.

Vagnerchilar bir necha oydan beri egallashga harakat qilayotgan Baxmut va Soledar uchun janglar orqali Prigojin o‘zini Rossiyaning yagona muvaffaqiyatli hujum operatsiyasi rahbari sifatida ko‘rsatishga harakat qildi. U go‘yoki frontdan uzoq bo‘lmagan yerda joylashgan askarlari bilan shaxsan uchrashgani tasvirlangan videoni tarqatdi va harbiy rahbarlarni jangovar harakatlar zonasiga bormayotgani uchun tanqid qildi.

13 yanvar kuni Prigojin jamoasiga mansub bo‘lgan Telegram-kanallardan birida uning so‘zlaridan iqtibos keltirildi. Xabarda «Vagner» rahbari uning kompaniyasi «korrupsiya, byurokratiya va o‘z joyida qolishni istaydigan amaldorlar» bilan kurashayotganini aytgan va bular «Vagner» uchun AQShdan ham «jiddiyroq tahdid» ekanini ta’kidlagan. Prigojin gap qaysi amaldorlar haqida ketayotganiga aniqlik kiritmagan.

Soledar atrofida raketalardan saqlanish uchun «olovli tuzoq»dan foydalanayotgan ukrain samolyoti. Foto: Libkos/Associated Press

13 yanvar kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘zining doimiy kechki murojaatida ruslar o‘rtasidagi ziddiyatdan xursandligini ko‘rsatdi va Ukraina qo‘shinlari Soledarda hali ham jang qilayotganini aytdi.

«Ular qandaydir taktik siljish kimning xizmati ekani ustida bir-biri bilan janjallashmoqda. Bu dushman muvaffaqiyatsizligining aniq belgisi. Va bu Ukrainaga Rossiyaga bosimni oshirish uchun motivatsiya», degan Zelenskiy.

Kremldagi o‘zgaruvchan kuch dinamikasini aks ettirgan holda, Putin 11 yanvar kuni Prigojin tomonidan maqtalgan general Surovikinni Ukrainadagi birlashgan kuchlar qo‘mondoni lavozimidan bo‘shatdi. Uning o‘rniga uzoq yillardan beri Rossiya harbiy elitasi a’zosi bo‘lib kelayotgan Gerasimov tayinlandi.

Rossiya qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov «ulug‘vor» rus armiyasining tartibsizligi, kuchsizligini butun dunyoga ochib bergan bosqinning me’mori edi. Rossiyaning mag‘lubiyatlari va muvaffaqiyatsizliklari ortidan rossiyalik millatchilar va harbiy mutaxassislar uning armiyadagi boshqaruvini tobora ko‘proq tanqid qilmoqda.

U o‘rnini egallagan general Sergey Surovikin ko‘pchilik tomonidan malakali qo‘mondon sifatida e’tirof etilgan edi. Harbiy amaliyotlarga qo‘mondonlik qilgan uch oy davomida u Ukraina janubidagi yirik shaharlardan biri bo‘lgan Xersondan chekinishga buyruq berdi, mudofaani kuchaytirish uchun rus qo‘shinlarini qayta joylashtirdi va Sharqiy Ukrainaga e’tibor qaratdi. Surovikin 11 yanvar kuni general Gerasimovning o‘rinbosarlaridan biri etib tayinlandi.

Valeriy Gerasimov Rossiya armiyasidagi eng qudratli ikkinchi shaxs hisoblanadi.
Foto: Mikhail Klimentev/Sputnik, via Agence France-Presse — Getty Images

«Bu o‘zgarish, ehtimol, rus armiyasidagi tizimli muammolarni ko‘rsatadi», dedi 12 yanvar kuni Pentagon matbuot kotibi Patrik Rayder.

U bunga misol sifatida «logistika bilan bog‘liq muammolar, qo‘mondonlik va boshqaruv bilan bog‘liq muammolar, ta’minot muammolari, jangovar ruh va o‘z oldiga qo‘ygan strategik maqsadlarga erishishda katta muvaffaqiyatsizlik»ni keltirgan.

G‘arb rasmiylariga aytishicha, Rossiya, «Vagner» va Ukraina Soledarda katta talafot ko‘rgan, ayniqsa, Rossiya va «Vagner» Ukraina qo‘shinlarini yo‘q qilish uchun shaharga yangidan yangi bo‘linmalar yubormoqda.

Sharqiy Donbassning Ukraina tomonidagi vaziyatdan xabardor odamlarning so‘zlariga ko‘ra, bu hududdagi Rossiya kuchlari son jihatdan Ukraina qo‘shinlaridan ancha ko‘p. Ularning ta’kidlashicha, janglar shiddatli kechgan va pozitsiyalarni qayta ta’mirlash harakatlariga Rossiya tanklarining kuchli o‘q yomg‘irlari to‘sqinlik qilgan.

Harbiy tahlilchilarning aytishicha, Soledar qulagan taqdirda ham bu Baxmut yoki butun Donbass boy berilishini anglatmaydi.

12 yanvar kuni Oq uyning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha vakili Jon Kirbidan Soledarning maqomi haqida so‘ralganda, u vaziyatni diqqat bilan «kuzatish» muhimligini ta’kidlagan.

«Biz hammasi qanday ketayotganini bilmaymiz, shuning uchun men bu yerda muvaffaqiyat yoki muvaffaqiyatsizlikni bashorat qilmoqchi emasman. Ammo Baxmut va Soledar ruslar qo‘liga o‘tgan taqdirda ham bu urushning borishiga strategik ta’sir ko‘rsatmaydi», degan u jurnalistlarga.

«Agar so‘nggi o‘n yarim oydagi voqealarga, ayniqsa Donbassdagi jarayonlarga nazar tashlasangiz shahar va qishloqlar tez-tez qo‘ldan qo‘lga o‘tib turishini ko‘rishingiz mumkin», deya qo‘shimcha qilgan u.

Mavzuga oid