Kiyev – G‘arbga: «Sizning qat’iyatsizligingiz tobora ko‘p odamlarimizni o‘ldirmoqda»
«Sizning qat’iyatsizligingiz tobora ko‘proq odamlarimizni o‘ldiradi. Kechiktirilgan har bir kun - ukrainlar o‘limini anglatadi. Tezroq o‘ylab ko‘ring». Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisining G‘arb davlatlariga bu murojaati bugun ko‘pchilik ukrain va g‘arblik siyosatchilar tilidan tushmayapti.
«Siz baribir Ukrainaga kerakli qurollar bilan yordam berasiz va anglab turibsiz: urushni yakunlashning Rossiyaning mag‘lubiyatga uchrashidan boshqa varianti yo‘q», deya yozgan Mixaylo Podolyak tvitterida.
Gap Ukraina qurolli kuchlariga nemislar tomonidan ishlab chiqarilgan va Yevropaning ko‘plab davlatlari armiyasida mavjud bo‘lgan Leopard 2 tanklari haqida bormoqda. Ukraina samarali qarshi hujum uyushtirishi uchun bunday tanklarni imkon qadar tezroq yetkazib berish zarurati haqida prezident Zelenskiy ham, Rossiyaning boshqa qo‘shnilari ham aytib kelishmoqda.
Polsha va Finlandiya o‘z Leopard-2 tanklarini Ukrainaga berishga tayyorligini bildirgan, Niderlandiya tashqi ishlar vaziri esa mamlakat texnikalar transportirovkasi (tashish) xarajatlarini qoplashga tayyorligini ma’lum qilgan.
Finlandiya tashqi ishlar vaziri Pekka Xaavisto BBC bilan suhbatda uning mamlakatida bir necha yuz dona Leopard tanklari borligi va bu mamlakat Ukrainaga tank yetkazib berish «ekotizimi»ning bir qismi bo‘lishga tayyorligini aytgan.
«Bizda doim shunday maqsad bo‘lgan - Ukraina tanklar ham olishi kerak. Shu bilan birga, biz bilamizki, Leoprad kabi tanklar uchun ishlovchi ekotizim yaratishga, barchasi uyg‘unlashtirilib, shaxsiy tarkib o‘qitilguniga qadar va boshqa hokazolar uchun oylar va hatto yil ketishi mumkin», degan u.
«Shunday ekan, bugungi kunda Ukrainaga tezda qo‘llash mumkin bo‘lgan boshqa qurollarni yetkazib berish juda muhim», degan vazir.
Shunga o‘xshash bayonotlar Estoniya, Latviya va Litva tashqi ishlar vazirlari tomonidan ham berilgan. «O‘z qudrati bo‘yicha Yevropadagi yetakchi davlat bo‘lgan Germaniyaga alohida mas’uliyat yuklanadi», deyiladi uch davlat TIV rahbarlarining qo‘shma bayonotida.
«Leopard tanklarini yetkazib berish Rossiyaning tajovuzini to‘xtatish, Ukrainaga yordam berish va Yevropada tinchlikni tezroq tiklash uchun zarurdir», deya yozgan Latviya TIV rahbari Edgar Rinkevich.
Ammo Berlinga qilinayotgan bosimlarga qaramay, Ukraina hozircha Leopard tanklariga ega bo‘la olmaydi. Ukrainaning tank yetkazib berish haqida rasman e’lon qilgan yagona ittifoqchisi Buyuk Britaniya bo‘lib qolmoqda - inglizlar o‘zlaridagi Challenger 2 tanklarini yuborishadi.
Juma kuni Ukraina mudofaa vaziri Aleksey Reznikov tvitterdagi sahifasida Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius bilan kechgan «ochiq muloqot» haqida yozdi.
«Biz Leopard-2 bo‘yicha ochiq gaplashib oldik. Buni davom ettiramiz», deya yozdi ukrainalik vazir Ukraina ittifoqchilarining «Ramshtayn» aviabazasidagi navbatdagi uchrashuvidan keyin.
«Amerika ovozi»ga bergan intervyusida Reznikov «Ramshtayn»da baribir ma’lum yutuqlarga erishilganini aytgan. «Yutuqlar bor - bu Leopard tanklariga egalik qiluvchi mamlakatlarning bizning tank ekipajlarimiz uchun o‘qitish kurslari boshlashi. Biz shundan boshlaymiz, keyin yana oldinga harakatlanamiz», degan u.
«Yerimizni himoya qilish - uni deokkupatsiya qilish, hududlarimizni bosqindan ozod etish imkoniyatiga ega bo‘lish demakdir. Buning uchun esa bizga og‘ir tanklar va zirhli texnikalar darkor», - degan Reznikov.
Leopard 2 tanklari Ukraina mojarosida kuchlar muvozanatiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Unga xizmat ko‘rsatish oson va RF armiyasi o‘z bosqinida faol qo‘llayotgan T-90 tanklariga qarshi kurashish uchun maxsus ishlab chiqarilgan. Ukraina qurolli kuchlari tank parkidagi aksar texnikalar - sovetlar davriga mansub mashinalardir. Rossiya tanklari esa son jihatdan ham, o‘t ochish qudrati bo‘yicha ham ustunlik qiladi.
Yevropa mamlakatlarida, ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda 2000 dan ortiq Leopard tanklari bor. Ukraina rahbariyati hisoblashicha, taxminan 300 ta tank urushning borishiga o‘zgartirish uchun yetarli bo‘lishi mumkin.
Germaniya mudofaa vaziri Pistoriusning so‘zlariga ko‘ra, agar ittifoqchilar Leopard 2 yetkazish bo‘yicha konsensusga erisha olsa, Germaniya tezlik bilan harakatlanishga tayyor. Ammo Germaniyaning o‘zi bir qancha omillar, jumladan Ikkinchi jahon urushi merosi tufayli qiyin va nozik vaziyatga tushib qoldi.
Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga qadar Germaniya mojaro hududlariga qurol yetkazib berishga taqiq qo‘ygan, ammo 2022 yil fevralidan bu siyosat bekor qilindi.
O‘tgan yil oxirida NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Germaniya Ukrainaga harbiy, gumanitar va moliyaviy yordam ko‘rsatish bo‘yicha yetakchilardan bo‘lganini ma’lum qildi. Bu yil esa bundesver Fransiya ortidan Ukrainaga Marder jangovar piyodalar mashinalari yetkazib berishini ma’lum qildi.
Ammo Germaniya o‘z Leopard tanklarini faqat NATOning barcha mamlakatlarining umumiy yordam paketi tarkibida yuborishga rozi bo‘ladi. OAV ma’lumotiga ko‘ra, nemislar bunday paketga amerikaliklarning Abrams tanklari ham kirishini istashmoqda.
Shu bilan birga, Leopard tanklari yuborilishi uchun Abrams tanklari ham yuborilishi talab etilishi haqidagi xabarlar Germaniya va AQSh mudofaa vazirlari tomonidan rad etildi. Boris Pistorius bunday shart haqida bexabar ekanini aytdi, AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin esa juma kuni «Ramshtayn» sammitidan keyin tanklar yetkazib berish masalasidagi muammo hal bo‘lishiga ishonchi komil ekanini bildirdi.
Bu borada debatlar butun Yevropa bo‘ylab va Germaniyaning o‘zida ham o‘tkazilmoqda. Muxolifatdagi Germaniya Xristian-demokratik ittifoqi yetakchilaridan biri Yohann Vaderful Olaf Shols hukumatining «rad etish» siyosatini tanqid qildi. «Shols nimani kutmoqda?» - deya savol qo‘ygan u.
Polsha TIV rahbari Zbignev Rau ham Germaniya hukumatini qat’iyatsizlik uchun tanqid qilgan.
«Rossiya tajovuzini qaytarish uchun Ukrainani qurollantirish qarorini qabul qilish qiyin mashg‘ulot emas. Ukrainlar qoni - haqiqiy. Bu Leopard’lar yetkazib berishdagi qat’iyatsizlik to‘lovi. Biz harakatga kirishishimiz kerak. Hoziroq», deya yozgan u.
Shanba kuni Germaniyaning kundalik nashri Spiegel nemis hukumatidagi manbasiga asoslangan holda mamlakat mudofaa vazirligi bir necha oy oldin o‘z ixtiyoridagi turli modellarga mansub barcha Leopard’lari ro‘yxatini tuzgani haqida xabar berdi.
Bu ro‘yxatda Ukrainaga yetkazilishi mumkin bo‘lgan tanklar ham qayd etilgan.
Nashr jurnalistlar qo‘lga kiritgan hujjatga asoslanib, bundesver ixtiyorida turli modellarga mansub bo‘lgan 212 dona xizmatga yaroqli Leopard tanklari borligini xabar qilgan. 2022 yil yozidagi holatga ko‘ra, yana yuzta atrofidagi tank ta’mirlash jarayonida.
Spiegel ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniya mudofaa vazirligi hozirda askarlarni tayyorlashda qo‘llanadigan, manyovrlar chog‘ida shartli dushmanni aks ettiradigan Leopard-2A5 rusumli 19 dona tankni Ukrainaga yuborish uchun mos keladi deb hisoblaydi.
Ammo Spiegel nashrida aniqlik kiritishlaricha, gap faqat hozirda Germaniyada bo‘lgan Leopard tanklari haqida bormoqda. Ular bilan birgalikda boshqa mamlakatlar, masalan, Polsha ixtiyoridagi Leopard’lar ham Ukrainaga jo‘natilishi mumkin. Berlin ushbu tanklarini Ukrainaga jo‘natishni ma’qullash orqali ko‘p vaqtdan buyon Kiyevga Leopard’larini yetkazib berishni istashi va bunga tayyor ekanini aytib kelayotgan yevropalik hamkor davlatlar uchun rasman yashil chiroq yoqadi.
Gazeta tahririyatiga ro‘yxat kelib tushishi ittifoqchilar orasida e’tiroz ortib borayotganiga qaramay, hozircha Ukrainaga tanklar yetkazib berishga rozilik bermay kelayotgan kansler Olaf Sholsga bosim omili sifatida talqin etilmoqda.
Buni avvalroq sobiq mudofaa vaziri Kristina Lambrext Leopard’larni inventarizatsiya qilishga qarshi bo‘lgani haqida xabar bergan Business Insider manbasi ham tasdiqlaydi.
Nashr manbalari aytishicha, qator mojarolar va Germaniya qurolli kuchlari modernizatsiyasini uddalay olmagani tufayli o‘ziga bildirilgan tanqidlar ortidan iste’fo bergan Lambrext tanklarni inventarizatsiya qilmaslikka buyruq bergan, chunki bu jarayon Sholsga ortiqcha bosim o‘tkazadi va Germaniya tanklarni Ukrainaga yetkazishga tayyorligi sifatida talqin qilinishi mumkin deb hisoblagan.
Mavzuga oid
18:58
Germaniya O‘zbekistonga «yashil» iqtisodiyot uchun yana 3 mln yevro grant ajratadi
17:24
The Times: Kiyev bir necha oy ichida oddiy atom bombasini yaratishi mumkin
16:08
Blinken: AQSh Tramp kelishidan oldin Ukrainaga yordamni kuchaytiradi
14:00