O‘zbekiston | 16:11 / 25.01.2023
19821
2 daqiqa o‘qiladi

Sariosiyo tumaniga yangi hokim tayinlandi

Prokuror tuman hokimiga aylandi.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi

Xalq deputatlari Sariosiyo tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.

Sessiyada shu kunga qadar tuman hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Abdisalom Pardayevich Xo‘jaqulov vazifasidan ozod etildi. Tuman hokimi lavozimiga Donayev Abduqodir Haydarovich tasdiqlandi.

Abduqodir Donayev 1981 yil 8 avgustda Muzrabot tumanida tug‘ilgan. 2005 yil Toshkent davlat yuridik institutini tugatgan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi huquqshunos.

A.Donayev 2005-2022 yillarda Prokuratura organlarida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan.

2022 yildan buyon Toshkent shahar Yashnobod tumani prokurori lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Shu tariqa, Surxondaryo viloyatiga To‘ra Bobolov hokimlik qilgan davrida ishlagan navbatdagi tuman hokimi ishdan ketdi. Abdisalom Xo‘jaqulov 2021 yil mayida Sariosiyo tumani hokimi lavozimiga tayinlangandi. 

Bunga qadar viloyatning Angor, Termiz, Muzrabot, Jarqo‘rg‘on va Sho‘rchi tumanlarida ham yangi hokimlar ish boshlagandi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil dekabrida Toshkent shahri prokurori Ulug‘bek Qosimov Surxondaryo viloyati hokimi lavozimini egallagandi.

Mavzuga oid