Jahon | 23:17 / 27.01.2023
19248
2 daqiqa o‘qiladi

Tankerlar Rossiyadan Yevropaga neft tashishda davom etmoqda - OAV 

Ba’zi mamlakatlar sanksiyalar bilan bog‘liq bo‘shliqlardan foydalanmoqda. 

Foto: Shutterstock

Dekabr oyidan beri amalda bo‘lgan embargoga qaramay, tankerlar Rossiya neftini Yevropaga tashishda davom etmoqda. Bu haqda Investigate Europe nashri yozdi. 

Qayd etilishicha, Rossiya neftini Yevropaga yetkazib berishga qo‘yilgan taqiq 5 dekabrdan kuchga kirgan bo‘lishiga qaramay, Yevropa tankerlari Rossiya nefti bilan yuzlab qatnovlarni amalga oshirgan, ulardan kamida yuztasi Yevropa portlariga borgan. 

Ushbu tankerlarning aksariyati Gretsiya kompaniyalariga tegishli bo‘lsa-da, Germaniya, Monako, Kipr, Daniya, Norvegiya va Buyuk Britaniya kemalari ham sanksiyalarni buzgan. Ushbu qatnovlarning aksariyati Yevropa sug‘urta kompaniyalari tomonidan sug‘urtalangan. 

Shu bilan birga, Yevropa sanksiyalari ostida qolgan Rossiyaning «Sovkomflot» holdingi BAA nazorati ostidagi kompaniya orqali Yevropa bilan dengiz savdosini amalga oshirmoqda.

Jurnalistlarning aniqlashicha, Rossiya neftini Yevropaga yetkazib berish sanksiyalardagi kichik bo‘shliq tufayli davom etyapti. Taqiq Rossiyadan tashqarida qazib olingan, ammo Rossiya hududi orqali tranzit qilinadigan neftga taalluqli emas. Masalan, Qozog‘iston o‘z neftini xuddi shunday eksport qiladi. 

Neft sanksiyalarini joriy etgan Yevropa komissiyasi jurnalistlarga Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar hukumatlari ushbu cheklovlarga rioya etilishini nazorat qilishi kerakligini aytdi. 

«Sanksiyalarni qo‘llashning alohida holatlarini baholash Yevrokomissiya vakolatiga kirmaydi», dedi ushbu tuzilma vakili. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid