Eronga hujum: AQSh va «yana bir davlat» gumonlanmoqda
G‘arbdagilar hisoblashicha, bu Eron va Isroilning «soyadagi urushi»ning bir qismidir. Arab nashrlari esa hujumga AQSh va «yana bir mamlakat» aloqadorligini aytmoqda.
29 yanvarga o‘tar kechasi Eronning Isfahon shahrida mamlakat mudofaa vazirligiga tegishli zavodga uchuvchisiz qurilmalar yordamida hujum qilindi.
Eron mudofaa vazirligi «o‘z harbiy ishlab chiqarish kompleksiga mini-dronlar yordamida muvaffaviyatsiz hujum uyushtirilgani», bitta qurilma havo hujumidan mudofaa tizimi orqali urib tushirilib, boshqalari «mudofaa tuzog‘iga tushgani»ni ma’lum qildi. Eron mudofaa vazirligi urib tushirilgan va tuzoqqa tushgan dronlar kimga tegishli ekaniga oydinlik kiritmagan. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, zarba oqibatida hech kim halok bo‘lmagan va jabrlanmagan, faqat bitta omborning tomi zarar ko‘rgan.
Isroildagilar quvonishmoqda
Arab nashrlari bu zarba Isroil tomonidan amalga oshirilgani haqida yozgandi. Bu fakt isbotlangani yo‘q, ammo Isroilda bo‘lib o‘tgan voqeadan xursand bo‘lishayotgani bor gap. Isroilning The Jerusalem Post nashri G‘arb razvedka tashkilotlaridagi manbalariga tayanib yozishicha, Isfahondagi dronlar hujumi «o‘ta muvaffaqiyatli chiqqan» va Eron tomoni aytganidek faqat omborning tomi zarar ko‘rmagan. Ammo Isroil nashri ham dronlar hujumi ortidan qaysi davlat turganini yozmagan.
Shahed zavodi o‘sha shaharda
Mahalliy nashrlarning yozishicha, o‘q-dori ishlab chiqariladigan zavodga dronlar hujumi amalga oshirilgan. Eron mudofaa vazirligi bu zavodda aynan nima ishlab chiqarilganiga aniqlik kiritmagan, ammo Britaniyaning Mudofaa tadqiqotlari instituti (RUSI) Isfahonga yaqin joyda Shahed Aviation Industries ishlab chiqarish korxonasi borligini ma’lum qilgan. Zavod Eronning Shahed 131/136 kamikadze-dronlarini ishlab chiqarishga aloqador. Bu dronlardan Rossiya Ukrainaga qarshi urushda faol foydalanib kelmoqda.
Eron telekanallariga ko‘ra, mamlakat havo hujumidan mudofaa tizimlari jangovar shaylik holatiga keltirilgan.
Boshqa joylarda ham portlashlar kuzatildi
Yakshanbaga o‘tar kechasi faqat Isfahondagi harbiy zavodda emas, boshqa hududlarda ham portlashlar kuzatilgan. Iran International va BBC nashrlari o‘z manbalariga tayanib yozishicha, Tehron, Dizful va Risht shaharlarida ham portlashlar qayd etilgan. Shuningdek, Hamadon aviabazasida havo hujumidan ogohlantiruvchi trevoga sirenalari chalingan.
Tasnim agentligi Eronning Sharqiy Ozarboyjon viloyatida joylashgan Shahid-Salimi shahridagi motor moyini qayta ishlash zavodida ham yong‘in bo‘lgani haqida yozdi. Bu shahar G‘arbiy Ozarboyjon viloyati bilan chegaradosh. Kecha bu yerda 5,9 balli zilzila sodir bo‘lib, 3 kishi halok bo‘lgan, 800 dan ortiq kishi jabrlangandi.
Mahalliy hukumatga ko‘ra, yong‘in ba’zi neft mahsulotlari issiq sabab yonib ketishi oqibatida boshlangan. Yong‘in oqibatida o‘t o‘chirish mashinalaridan biri yonib ketgani ma’lum. Portlash rasman tasdiqlangan bo‘lsa-da, Eron rasmiy axborot agentligi bo‘lmish IRNA Isfahondagidan tashqari portlashlar «Isroil tomonidan media urushi doirasida qasddan tarqatilgani»ni iddao qilgan.
Isroilmi yoki AQSh?
Erondagi dronlar hujumi sodir etilgach, tezda bu ishni Isroil qilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Chunki Eron asosiy dushmani deb biladigan davlat aynan Isroildir. Al-Arabiya nashri hujumda Isroilning qo‘li borligi haqida xabar berdi.
OAVda Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahuning Erondagi portlashdan 3 soat oldin bergan bayonotlariga e’tibor qaratishdi. Unda Isroil bosh vazirligiga qaytgan Netanyahu mamlakat shanba kuni kechqurun terrorizmga qarshi keskin harakat boshlashini ma’lum qilgan, bunga sabab sifatida Isroil bosib olgan Quddusdagi hujumlar keltirilgandi.
Quddusda bir kunda ikki marta otishma sodir bo‘lib, 21 yoshli falastinlik sinagogdan chiqayotgan 7 kishini o‘ldirgan, 13 yoshli o‘spirin esa ikki yo‘lovchini jarohatlagan.
AQShning The New York Times nashri e’tibor qaratishicha, Eron Inqilob muhofizlari korpusiga aloqador Telegram-kanallar Isfahondagi hujumda Isroilni ayblab chiqqan va kanallarda «Eron javob beradi» deb yozilgan. G‘arb nashrlarida ham bu portlashlar Isroil va Eron o‘rtasidagi dushmanlik sabab sodir bo‘lgani haqida yozayotganlar bor.
Xususan, The Wall Street Journal Eronga hujumlar Isroil dronlari orqali amalga oshirilganini xabar qildi.
«Yana bir davlat»
Al-Arabiya amerikalik manbalariga asoslanib yozishicha, hujumda AQSh harbiy-havo kuchlari va «yana bir davlat» ishtirok etgan. Manbaga ko‘ra, hujumdan maqsad Eron ballistik raketa omboriga zarba berish bo‘lgan. Al-Hadath nashrining amerikalik manbalari esa bu hujumda Isroil umuman qatnashmagani va hujumdan maqsad Eron hamda Rossiyaga «ballistik raketa ishlab chiqaruvchi zavod qurish mumkin emasligi» haqida signal berish bo‘lganini aytgan.
AQSh va Isroil bu hujum borasida rasmiy munosabat bildirgani yo‘q.
Erondagi portlashlarga Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak o‘z tvitterida munosabat bildirdi.
«Urush mantig‘i berahm va halokatlidir. Va u urush ijodkorlari va ularning sheriklari bilan qattiq hisob-kitob qiladi», deya yozgan Podolyak.
Rossiya kuzdan buyon Eron dronlari orqali Ukraina hududlariga zarbalar bermoqda, AQSh Rossiyaning Eron bilan harbiy hamkorligini global tahdid deb atagan.
«Rossiyada vahima: adoqsiz safarbarlik, Moskvada raketaga qarshi mudofaa tizimlari, 1000 km masofadagi okoplar, bombapanagohlar tayyorlash. Eronda portlashlar tuni: dron va raketa ishlab chiqarish, neftni qayta ishlash zavodlarida. Axir Ukraina ogohlantirgandi», deyilgan Ukraina hukumati vakili xabarida.
Mavzuga oid
10:30
Xalqaro sud qarori: Netanyaxu va Gallant hibsga olinsa nima bo‘ladi?
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
19:45 / 22.11.2024
Norvegiyada AQSh elchixonasi qo‘riqchisi josuslikda gumonlanib qo‘lga olindi
14:54 / 22.11.2024