O‘zbekiston | 20:04 / 30.01.2023
34452
6 daqiqa o‘qiladi

Andijondagi maktabda 119 nafar 2-sinf o‘quvchisi 1-sinfni qayta o‘qiydi. Nega bunday bo‘lgan?

Andijon shahridagi maktabda 2-sinfda o‘qiyotgan 119 nafar bola 1-sinfni qayta o‘qishga majburlanmoqda. Holat o‘tgan o‘quv yilida 1-sinfga 6 yoshli bolalar o‘qishga qabul qilingani bilan bog‘liq. Maktab rahbariyatining bu harakati bolalarning ruhiyatiga salbiy ta’sir qilish barobarida, millionlab budjet mablag‘larining ortiqcha sarflanishiga ham sabab bo‘lgan.

2021-2022 o‘quv yilida Andijon shahridagi 2-umumta’lim maktabiga 2015 yilda tug‘ilgan, ya’ni 2021 yil 31 dekabrga qadar 7 yoshga to‘lmaydigan bolalar o‘qishga qabul qilingan. Ular 1-sinfni to‘liq o‘qishgan. Joriy o‘quv yilining uchinchi choragi boshlangan bir paytda 2-sinfda tahsil olayotgan bu o‘quvchilar 1-sinfga tushirib yuborilmoqda. Ayrim ota-onalar bu holatdan norozi bo‘lishyapti.

Kun.uz farzandi sinfidan qoldirilgan ba’zi ota-onalar bilan suhbatlashdi. Ularning aytishicha, muammo bolalarning ma’lumotlari ERP bazasiga kiritilmagani tufayli kelib chiqqan.

Qizim 2021 yilda maktabga qabul qilingandi. 1-sinfni tugatib, hozirda 2-sinfda o‘qiyapti. Ammo uni qayta 1-sinfga tushirib yuborishdi. Bunday holatga tushayotgan faqat mening farzandim emas. Tushunarsiz holat, nega 1-sinfni tamomlagan bola yana 1-sinfda o‘qishi kerak? Buning sababini o‘rganib ko‘rsak, bolalar haqidagi ma’lumotlar bugungi kungacha ERP bazasiga kiritilmagan ekan. Maktab ma’muriyati farzandingizni 6 yoshda maktabga bergansiz, deya ota-onalarni aybdor qilyapti.

Bolalarning barchasiga o‘tgan o‘quv yilida prezident sovg‘asi sifatida o‘quv qurollari berilgan, ular 1-sinfni to‘liq o‘qib tugatishdi. 2-sinfda o‘qiyotgan bir paytda sinfdoshlaridan ayrilib, qayta 1-sinfga tushirib yuborilishi qizimning ruhiyatiga salbiy ta’sir qilmoqda”, — deydi Muhammadxon Ahmedxo‘jayev.

ERP bazasi o‘zi nima? Bu har bir maktab ma’lumotlarini bitta tizimda saqlash va boshqarishni avtomatlashtirishga yordam beradigan tizim. Ya’ni ERP yordamida barcha muhim ma’lumotlar yagona xavfsiz ma’lumotlar omborida birlashtiriladi. Mazkur bazaga o‘quvchining ma’lumotlari kiritilayotganda uning yoshi so‘raladi. Masalan, 1-sinf o‘quvchisi 7 yosh, 2-sinf o‘quvchisi 8 yosh sifatida kiritilmasa, baza ma’lumotni qabul qilmaydi.

Yuqoridagi muammo shu tufayli yuzaga kelgan: maktab rahbariyatining qonunga zid harakati tufayli bolalar 2021 yilda, 6 yoshligida maktabga qabul qilingan. Hozirda ular 2-sinfda o‘qiyapti. ERP bazasi esa 7 yoshli bolani 1-sinf deb “tushunadi”. Ya’ni ularni 2-sinf o‘quvchilari sifatida ERP bazasiga kiritib bo‘lmaydi.

Farzandimizni 1-sinfga o‘tkazib qo‘yishdi, o‘zimizni esa sinfning Telegram tarmog‘idagi ota-onalar guruhlaridan chiqarib yuborishdi: go‘yoki hech narsa bo‘lmagandek. Axir bolamiz 1-sinfni to‘liq o‘qib bo‘ldi. Ularning kundalik.com tizimidagi baholari ham o‘chirilib tashlandi”, — deydi yana bir ota Behzodbek Murodov.

Kun.uz muxbiri maktab direktori Natalya Rudova bilan bog‘landi.

Hozirda hech qanday muammo yo‘q: 2 ta qo‘shimcha 1-sinf tashkil qildik, 50 nafar bola o‘qiyapti. Ota-onalarga vaziyatni tushuntirdik, aksariyati to‘g‘ri qabul qildi.

Bu o‘quvchilar haqidagi ma’lumotlar ERP bazasiga kiritiladi. Faqat hozir baza yopiq ekan. Unga kirish uchun faqat vazirlikda “dostup” bor, bizda yo‘q. ERP sayti doimiy ochiq bo‘lmaydi, faqatgina belgilangan muddatlarda, ya’ni sentabr, fevral va may oylarida ochiladi. Bu maxsus dastur: 1-sinfga 7 yoshli, 2-sinfga 8 yoshli bolalarni kiritadi, boshqacha bo‘lishi mumkin emas”, – deydi maktab direktori.

Natalya Rudova 50 nafar bola haqida gapirmoqda, Kun.uz suhbatlashgan ota-onalar esa ularning soni 200 nafarga yaqinligini ta’kidlayapti. Viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi matbuot xizmatiga ko‘ra, maktabda 2-sinfdan 1-sinfga o‘tkazilgan o‘quvchilar soni 119 nafar.

Bu vaziyatning yuzaga kelishida maktab ma’muriyatining “hissasi” katta. Chunki, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning 9-moddasiga asosan, maktablarning 1-sinfiga bolalar 7 yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinadi. Maktab ma’muriyati 6 yoshli bolalarni 1-sinfga qabul qilgan va ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ERP bazasiga kiritmagan. Sababi, ERP bazasiga kiritish uchun bola 7 yoshli bo‘lishi kerak. Demak, maktab mas’ullari bu o‘rinda noqonuniy yo‘l tutishgan.

Qolaversa, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bolalar 1-sinfga 7 yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinishi haqida bir necha bor ogohlantirgan. Vazirlik matbuot xizmatiga ko‘ra, respublikaning boshqa hududlarida bu kabi holat kuzatilmagan.

Andijon viloyati XTB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, holat bo‘yicha ma’lumotlar to‘planib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan. Ularning xulosasi asosida maktab direktorining harakatiga huquqiy baho beriladi.

119 nafar bola esa 1-sinfga o‘tkazilgan hamda ularning ma’lumotlari yaqin kunlarda ERP bazasiga kiritiladi. Ya’ni 2-sinfda tahsil olayotgan o‘quvchilar 1-sinfga o‘tkaziladi.

1-sinfni o‘qigan bola yana 1 yil vaqtini yo‘qqa chiqarib, qayta o‘qishi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Bu o‘rinda ota-onalarning e’tirozi o‘rinli. Ammo ularni 2-sinf sifatida bazaga kiritish ham imkonsizligi aytilmoqda. Qolaversa, maktab rahbariyatining bu noqonuniy harakati tufayli o‘tgan o‘quv yilida bu bolalarni o‘qitish uchun budjet mablag‘lari sarf qilinganini ham ta’kidlash kerak. Aybdorlar-ku jazo olishi tayin. Lekin vazirlik bolalarning ruhiyatini ham o‘ylagan holda yuzaga kelgan muammoga “six ham, kabob ham kuymaydigan” shaklda yechim topishi zarur.

Ruslan Saburov, jurnalist

Mavzuga oid